ELLINIZM DAVRI MADANIYATI
Miloddan avvalgi 336 yilda Makedoniya podshohi Aleksandr Makedonskiy yunon tuprog`ini zabt etib, ellin xalqidan tashkil topgan yirik qo`shin bilan Sharq mamlakatlariga qarshi urush boshlaydi. Tez orada eron shohi Doro III ni mag`lubiyatga uchratadi. Aleksandr Makedonskiy o`zining istilochilik yurishlarini davom ettirib, Hindiston chegaralarigacha bo`lgan ulkan hududlarni, shu jumladan Markaziy Osiyoning ko`pgina joylarini bosib olib o`zining ulkan imperiyasi tarkibiga kiritadi. Mazkur imperiya tarkibiga kiruvchi xalqlarning yagona madaniyati va madaniy hayoti keyinchalik ellinistik madaniyat nomi bilan atalgan. Ellinistik davr o`z ichiga mil.avv. III-I asrlarni qamrab olgan bo`lib, bu davr madaniyatining harakterli jihati uning grekcha tus olganligi edi.
Mil.avv.I asrga kelib greklar o`rtasida yangi dunyoqarash paydo bo`ladi va ellinizm davriga kelib keng ko`lamda tarqala boshlaydi. Keyinchalik bu dunyoqarash falsafiy shaklga kiradi. Bu dunyoqarash ,,kosmopolitizm" /gr.,,kosmoplites"-,,dunyo grajdani"degan manoni anglatadi/ deb nomlanib, turli hududlarni o`zining vatani yoki turli davlatlar manfaatlarini o`z manfaatlari sifatida qarovchi grajdanlar ,,kosmopoliteslar"deb atalgan.
Kosmopolitizm hukmron sinf mafkurasining muhim belgisi bo`lib u butun ellinistik dunyoga yoyilib ketgan nisbatan oz sonli ellinlarning yoki ellinlashgan hukmron sinflarning mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Turli xalqlar ustidan qilinadigan hukmronlik bora-bora ichki ziddiyatlarning keskinlashuviga, so`ngra buyuk imperiyaning parchalanishiga olib keladi. A.Makedonskiy o`limidan so`ng / mil.avv.323 yil/ buyuk imperiya parchalanib ketadi. Bu esa jamiyatda turli xil ichki ziddiyatlarning keskinlashuviga sabab bo`ladi. Siyosiy va ijtimoiy huquqlarning barbod bo`lishi, maslaksizlikning kuchayishi, vatanparvarlikning so`nishiga olib keladi.
Bu ijtimoiy o`zgarishlar natijasida paydo bo`lgan siyosiy loqaydlik beparvolik va umidsizlik kayfiyatlari kiniklar, stoiklar va epikurchilik kabi falsafiy oqimlarning vujudga kelishiga olib keladi.
Kiniklar mil.avv. IV asrda qadimgi Yunonistonda sokratchilar maktabining vakillari sifatida vujudga kelgan falsafiy oqimdir. Kiniklar deganda asosan mil.avv.435-370 yillarda yashab ijod etgan Sokrotning shogirdi bo`lgan Antisfenning izdoshlari hisoblangan faylasuflar tushunilgan. Kiniklar Sokrat maktabini yanada rivojlantiradilar va faqat ayrimlik haqidagi bilimnigina haqiqat hisoblaydilar. Ular Platonning ideyalar, ya‘ni mustaqil suratda mavjud bo`lgan umumiy tushunchalari haqidagi ta‘limotini tanqid qiladilar va faqat ayrim narsalarning mavjudligini tasdiqlaganlar. Ular ijtimoiy normalarga nafrat bilan qarashni, bilimdon, shon-shuhratdan va barcha hissiy qoniqishlardan voz kechishni baxt deb hisoblaydilar.
Stoiklar falsafasi esa ko`p jihatdan Epikur falsafasiga yaqin turadi. Bu oqimga asos solgan Zenon /mil.avv.335-265 yillar/ o`zining mashg`ulotlarini Afinadagi peshayvon taxlit binoda o`tkazgan. Yunoncha ,,stoya" so`zi ,,peshayvon" ma‘nosini anglatadi. ,,Stoya" so`zi keyinchalik mazkur oqimning nomiga aylanib qolgan. Stoiklar asosan, shafqat, sahovat g`oyalarini targ`ib qilganlar. Ularning fikriga ko`ra odam bolasi ehtiroslarning ta‘sirini yengib, taqdirning izmi, tabiat qonunlari asosida ma‘naviy erkin hayot kechirmog`i zarur. Insonning baxt-soadati uning ruhiy holatlariga bog`liqdir. Tashqi dunyo ikir-chikirlariga parvo qilmasdan, qalb amriga quloq solib yashagan kishiga hayotning alam-sitamlari, hatto qullikning qismatlari kor qilmaydi, hech qanday musibatlar uning shaxsiy erkinligini, ruhiy halovatlarini buza olmaydi.
Ruhiy erkinlikni boy bermaslik, hayvoniy ehtiroslarga qul bo`lmaslik uchun har bir odam turmushning shodliklarini ham, xo`rlik, qashshoqlik va xastalik alamlarini beparvolik bilan tortmog`i zarur.
Stoiklar barcha narsalarni, shu jumladan, fikr, so`z, olov kabilarni jism deb ataydilar. Ular butun olamni uzluksiz rivojlanib turadigan olov deb hisoblaydilar. Ularning tasavvuriga ko`ra koinot olovdan paydo bo`lgan va keyinchalik ham uni olov yutadi va yana qayta boshdan olovdan vujudga keladi. Qaytadan paydo bo`lgan koinotda ilgari mavjud bo`lgan narsapar qaytadan takrorlanadi. Olamda yuz berib turadigan barcha narsalar qonuniy va zaruriy holatda ro`y berib turadi. Stoiklar bu qonuniyatlarni taqdir va qismat deb ataydilar.
Epikurchilik falsafiy ta‘limoti ham ellinistik davr falsafiy talimoti sifatida keng tarqalgan. Uning asoschisi Epikur /mil.avv. 341-272 yillar/ koinotning mohiyati va qonuniyatlarini Demokritning atomistik nazariyasiga asoslangan holda izohlaydi. Epikur koinotni bo`shlikda harakatlanuvchi behisob atomlarning birga qo`shilishidan iborat deb tushungan. Epikurning ta‘limotiga ko`ra, odamlar ham barcha mavjudotlar kabi atomlarning biri-biri bilan qo`shiluvi natijasidir. Shu boisdan ham odamda ruh mavjuddir. Odamlarda ruh mavjud bo`lganligi bois uzluksiz rivojlanib turadigan tashqi dunyoni bilib boradilar. Inson sezgilari mazkur olamni to`la va ishonarli tarzda qabul qiladi. Sezgilarning yig`ilishi natijasida insonda umumiy tushunchalar hosil bo`ladi.
Ellinizm davri madaniyatining asosiy jihatlaridan biri-yunonlarning ilk bor Sharq madaniyati bilan chuqurroq tanishishlari va o`z tafakkur doirasini yanada rivojlantirib, fan taraqqiyotiga kuchli tasir ko`rsatganliklaridir. Bu davrda yashagan olimlardan Evklid va Arximed matematika ilmini, Aristarx va Gipparxlar astronomiyani, Erotasfen geografiyani yuqori darajaga ko`tarib, jahon ilm-fanining kelgusi taraqqiyotiga keng yo`l ochib berdilar. Shuningdek, bu davrda mexanika optika, tabobat, botanika kabi bir qator fanlar ham ulkan yutuqlarga erishadi.
Albatta fan taraqqiyotiga o`sha davrning ayrim hukmdorlari ham o`zlari tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlari bilan ulkan hissa qo`shadilar. Masalan, Misrda hukmdorlik qilgan Ptolemey hukmdorlari Aleksandriya shahrida hozirgi zamon fanlar akademiyasiga o`xshash maxsus ilmiy markaz-"muzey", ya‘ni muzalar (homiy farishtalar) koshonasini tashkil qiladilar, Ellinistik dunyoning turli burchaklaridan chaqirilgan olimlar mazkur markazda maruzalar o`qib, laboratoriyalarda turli xil tajriba ishlarini olib boradilar. Muzey huzuridagi ulkan kutubxonada o`sha davrning eng nodir qo`lyozmalari saqlangan.
Iskandariya olimlari matematika, tabiiyot va texnika fanlari sohasida ham ulkan yutuqlarga erishadilar. Mashxur matematik Yevklid /mil.avv.Ill asr/ o`zining ,,Negizlar" nomli asari orqali matematika va geometriyaning rivojlanishiga ta‘sir ko`rsatgan bo`lsa, Museyon /Muzey/ kutubxonachisi Erotasfen /mil.avv.272-208 yillar/ esa yer shari aylanasining uzunligini ko`p darajada aniqlik bilan hisoblab chiqib, geografiyaning fizika-matematika asoslarini yaratadi. ,,Geografiya" terminini ham birinchi bo`lib Erotasfen qo`llagan.
Ellinistik dunyo madaniyatining rivojida nafaqat Aleksandriya shahri muhim rol o`ynagan, balki Orantdagi Pergam va Antioxiya kabi shaharlar ham fan va madaniyatning yuksalishiga o`z hissasini qo`sha olgan. Ellinistik dunyoning ko`zga ko`ringan olimlaridan Teofrast Afina shahrining, Arximed Sirakuza shahrining dong`ini atrof javonibga tarata olishgan. Injener-ixtirochi hisoblangan Arximed nazariy mexanikaning, gidrostatikaning, sferik geometriya va trigonometriyaning asoslarini yaratib bergan. Shuning uchun Arximed katta sonlarni hisoblab chiqishning arifmetik uslublarini takomillashtiradi va oliy matematikaning hisoblash uslublarini yaratishda dastlabki ilmiy izlanishlarni amalga oshiradi. U Misrda dalalarni sug`orish uchun chig`iriq - Arximed parragini yasaydi.
Quldorlik jamiyati sharoitida texnikaning yuksalishi ellinistik madaniyatining yana bir hususiyati edi. Qadimgi Sharq va qadimgi yunonlar tajribasiga suyanish mehnat qurollari, hunarmandchilik va hayvon kuchi bilan harakatlanuvchi nomurakkab mexanizmlarning takomillashuviga olib keladi. Harbiy va binokorlik texnikasida katta yutuqlarga erishiladi. Ellinizm davri sanatiga to`xtaladigan bo`lsak, bu davr hukmdorlari o`zlarining saltanatlarini muhtasham binolar, ajoyib san‘at namunalari bilan boyitishga harakat qiladilar. Bu davrda san‘atning yangidan-yangi janrlari yuzaga kelib, Park-bog` san‘ati bilan bog`liq bo`lgan dekorativ haykaltaroshlik keng tarqaladi. Ijtimoiy binolar, teatr, hukmdorlarning saroy va Qasrlari, turli park va bog`lar, sport maydonlari va savdo markazlari vujudga keladi hamda ular o`zining serhashamligi va serfayzligi bilan ajralib turadi.
Bu davr me‘morlari devorga yopishib turgan ustun va yarim Ustunlardan binoni bezash maqsadida foydalana boshlaydilar. Qadimgi Gretsiyada ibodatxona shahar markazi rolini o`ynagan bo`lsa, endilikda katta ma‘muriy bino oldidagi maydon yoki savdo uchun mo`ljallangan maydonlarga alohida e‘tibor berila boshlanadi.
Hulosa qilib aytganda, qadimgi Sharq va yangi davr Yevropa madaniyatning bir-biri bilan bog`lab turuvchi antik davr yunon madaniyati o`z ahamiyati jihatidan umuminsoniy madaniyatning bir bo`lagi hisoblanadi. Birinchi navbatda qadimgi yunon fani va falsafasi keyingi davr insoniyat ilmiy va falsafiy tafakkuri taraqqiyoti uchun zamin bo`lib qoldi. Chunki eng qadimgi sodda materialistik falsafa olam va uning hodisa hamda voqealariga yangicha-ilmiy-moddiy tafakkur nuqtai nazaridan turib yondoshishni boshlab berdi. Ikkinchidan, qadimgi yunon yozuvi ko`pgina Yevropa xalqlari yozuvining shakllanishiga asos bo`lib xizmat qildi. Uchinchidan, qadimgi Gretsiya teatr va dramaturgiyaning vatani hisoblanadi. To`rtinchidan, qadimgi yunon arxitekturasi, haykaltaroshligi va tasviriy san‘ati keyingi davrlar san‘atining umumtaraqqiyotiga kuchli tasir ko`rsatdi. Beshinchidan, hozirgi paytda xalqlar va millatlar o`rtasidagi do`stlik aloqalarini o`rnatishda muhim rol o`ynayotgan Olimpiada o`yinlari ham dastlab ana shu qadimgi yunonlarning eng sevimli bayram va sport musobaqasi hisoblangan. Oltinchidan, qadimgi yunonlarning matematika, geometriya, astronomiya, fizika, geografiya, tarix va boshqa fanlari umuminsoniyat tomonidan zrishilgan fan-texnika taraqqiyotiga samarali tasir ko`rsatgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |