QADIMGI RIM MADANIYATI
Qadimgi Rim madaniyati antik davr madaniyatining ikkinchi bir qismi hisoblanib, keyingi davr Yevropa xalqlari ijtimoiy tafakkuri, diniy e‘tiqodlari, san‘ati va adabiyotining rivojlanishiga kuchli ta‘sir ko`rsatganligi bilan xarakterlanadi. Antik davr falsafiy ta‘limotlarining rivojlanishi yangi davr ilmiy va diniy qarashlarining shakllanishiga zamin bo`lib xizmat qilgan. Keyingi davr ta’lim sistemasining, san‘ati va adabiyotining taraqqiy etishi ham antik davr madaniy hayotining ikkinchi va so`nggi bosqichi hisoblangan Rim madaniyatiga bevosita bog`liqdir. Shuningdek, hozirgi davr ilm-fani, diniy e‘tiqodlari, adabiyoti va san‘atining rivoji ham bevosita qadimgi davr Rim imperiyasi madaniyatining ildizlariga borib taqaladi.
Agar antik davr Rim madaniyatining vujudga kelishi va shakllanish hamda keyingi yuksak darajaga ko`tarilish jarayoniga e‘tibor bersak, o`zidan oldin rivojlangan ikkita tarixiy-madaniy jarayonning roli o`ta muhim bo`lganligini ko`rishimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, qadimgi Rim madaniyatining shakllanishida birinchi navbatda qadimgi italyan qabilalari ichida iqtisodiy-madaniy jihatdan eng rivojlangan Etrusk qabilalari madaniyati hamda qadimgi yunon madaniyati muhim rol o`ynagan.
Qadimgi Etrusklar qurilish texnikasini, tasviriy san‘atning devorga surat tushirish sohasini, kulolchilikni, kemasozlik, yozuvdan foydalanish, diniy marosimlar va bayramlarni tartib bilan nishonlashni boshqa qabilalarga nisbatan ancha ertaroq egallaganlar.
Etrusklar toshdan yirik-yirik imoratlar, gumbazlar va arkalar qurishni ancha erta egallaganlar, sopol idish tuprog`iga qurum aralashtirganliklari sababli ularning idishlari metalldan yasalgandek yaltirab turgan.
Qadimgi Rimliklarning Gretsiyani zabt etishi Rimda greklar ta‘sirining kuchayishiga olib kelgan. Rimliklar Gretsiya shaharlarini bosib olganlaridan so`ng, o`zlaridan madaniy jihatdan ancha ilg`or bo`lgan xalqqa nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo`lganlar. Hattoki, grek tilini, greklarning ilm-fanini va san’atini astoydil o`rganishga kirishadilar. Mil.avv. III asr o`rtalariga kelib o`z hohishi bilan Rimga ko`chib kelgan yunonlar o`zlari bilan asrlar davomida qo`lga kiritilgan ulug` yunon madaniyati mahsullarini olib keladilar va Rim madaniy hayotining barcha sohalariga ta‘sir ko`rsata boshlaydilar. Yunonlarning odatlari va marosimlari, rasm-rusumlari, kiyim-kechaklari, asbob-anjomlari rimliklarning turmushiga singib boradi. Yunonlar badavlat rimliklarning bolalari. ta‘lim oladigan maktablarga murabbiylik qilishib, falsafa va notiqlik san‘atidan saboq beradilar. Endigina rasm bo`layotgan teatrlarda aktyor bo`lib xizmat qiladilar, arxitektura, tasviriy san‘at va haykaltaroshlikning rivojlanishiga, adabiy jarayonning shakllanishiga bevosita ta‘sir ko`rsatadilar.
Lekin rimliklar ellinlar madaniyatini to`la o`zlashtirib olmaydilar. Ular yunon madaniyatining o`z madaniyatlari, an‘analari-yu, ahloq-odobiga mos keladigan tomonlarnigina qabul qiladilar.
Agar qadimgi rimliklarning diniy e‘tiqodlarining shakllanish jarayoniga e‘tibor bersak, dastlab etrusklarning diniy e‘tiqodlarining ko`pgina jihatlarini o`zlashtirib olganliklarini ko`ramiz.
Qadimgi italiy qabilalari, shu jumladan, rimliklar etrusk qabilasining oila va ro`zg`or homiysi ma‘buda Vestani ilohiylashtirganlar. Shu boisdan Vestaga atab Rim forumida ibodatxona qurilgan.
Shuningdek, qadimgi rimliklar etrusk qabilalarining bosh xudosi Yupiterga ham e‘tiqod qilganlar. So`ngra yunonlarning diniy e‘tiqodlari ta‘siri ostida o`z xudolari Panteonini yaratadilar. Ular ham qadimgi yunonlar singari tabiatning har bir hodisasi, har bir narsasining o`z homiysi mavjud degan tasavvurlarga ega bo`lganlar. Qadimgi rimliklarning xudolari Panteoni quyidagi ko`rinishdan iborat bo`lgan. Avrora-tong yog`dusi ma‘budasi; Amur-sevgi xudosi; Bellona-urush ma‘budasi; Vakh uzumchilik, vino va xursandchilik xudosi; Venera-bahor, so`ngra sevgi, go`zallik va nikoh ma‘budasi; Vesta-oila mabudasi; Viktoriya-g`alaba ma‘budasi; Vulkan-olov va olov bilan bog`liq; bo`lgan temirchilik, kasb-xunarlar xudosi; Diana-ov ma‘budasi; Neptun oqar suvlar, so`ngra dengiz xudosi; Pluton-er osti dunyosi, o`liklar saltanati hukmdori; Saturn-ekinlar xudosi, dehqonlar homiysi; Silvan-o`rmonlar va podalar homiysi; Favn-o`tloqlar, o`simliklar va dalalar hukmdori; Flora-gullar va bahor ma‘dubasi; Fortuna-taqdir va baxt ma‘budasi; Yunona-ayollar homiysi; Yupiter-osmon xudosi; Furiyalar-intiqom va vijdon azobi ma‘budalar va h.k.
Mil.avv.II asrdan e‘tiboran Rimda Sharq xudolariga sig`inish ham yoyila boshlagan. Masalan, Kichik Osiyoda keng tarqalgan Kibelaga, qadimgi misrliklarning bosh xudolari Osiris va Isidaga, eronliklarning asosiy xudolaridan biri-Mitraga e‘tiqod qilganlar.
Rimliklarda xudolar va ma‘budalarga e‘tiqod shu darajada kuchli bo`lganki, ular ,,xudolarning' biror-bir maslahatisiz hech bir ishga qo`l urmaganlar. Rimliklar xudolarni madh etuvchi duolar behato va juda aniq o`qilganda, qurbonlik qilish urf-odatlari mukammal va bekamukust bajarilganda xudolar sig`inuvchilarning iltijolarini xech ham qaytarmaydilar, deb o`ylaganlar.
Milodning 60 yillariga kelib, Rim imperiyasi og`ir siyosiy tanazzulni boshdan kechiradi. Ayniqsa, Rim imperiyasining yaxudiylar yashaydigan hududlarida ijtimoiy-siyosiy holat yanada keskinlashadi. Bu davrda yahudiylar orasida xudo Yaxve qiynalganlarni qutqaruvchi xaloskor /missiya/ yuboradi, degan umid bilan to`la mish-mishlar tarqaladi.
Milodning I asrining oxiriga kelib Kichik Osiyoning g`arbiy qirg`oqlaridagi shaharlarda va Rim imperiyasining sharqiy viloyatlarida xudo Yaxve va‘da qilgan missiya /xudoning maxsus vakili-grekcha "Xristos"/ kelibdi degan ,,xushxabar" tarqaladi va bunga ishongan kishilar guruhi paydo bo`ladi.
Keyinchalik xudo yuborgan vakilni Ierusalim kohinlari xochga mixlab qatl qilganmish, so`ngra u uch kundan keyin tirilib arshi-a‘loga chiqib ketganmish, u xudoga aylanibdi, mahshar kuni-qiyomat-qoyimda yana qaytib kelib, adolatni tiklarmish, o`lganlarni qayta tiriltirib, zolimlarni jazolar mish, degan mish-mishlar tez tarqala boshlaydi. Milodning 30 yillariga kelib voizlik qilib yurgan ,,xudo farzandi" Iusis Xristos /Iso payg`ambar/ to`g`risidagi qissalar" paydo bo`ladi. Shunday qilib, Rim imperiyasi hududlarida yangi din - xristianlik dini yoyila boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |