“Faust” Gyote ijodining yirik mahsuli – bo‘lgan. Asar XVIII asrning oxiri va XIX asrning birinchi choragida yozilgani (1773-1831yy) uchun ana shu xilma-xil voqealarga boy bo‘lgan yevropa hayotini aks ettiradi. Asarda inson hayotiga, uning jamiyatda tutgan o‘rniga diqqat qaratilgan.
Tabiatning, koinotning qudratli kuchlarini inson irodasiga bo‘ysundirish, uning qonunlarini o‘rganish va bu sirlarni odamzod foydasiga xizmat qildirish ulug‘ mutafakkir olim Gyotening doimiy orzusi bo‘lib keldi.
Uning buyuk qahramoni Faust ana shu orzuni amalga oshirishdek olijanob ishga bel bog‘laydi. Faust haqidagi afsona (XVI asr) nemis xalq she'riyatida yaratilgan eng buyuk asar bo‘lib, Gyote qo‘liga qalam olgan kunidan boshlab bu haqida asar yozishni orzu qilar edi. Ana shu afsonalarda Faust olim, sexrgar, shaytonlar bilan munosabatda bo‘lgan kishi sifatida talqin qilinadi.
Arshi a'loda shayton Mefistofel xudo bilan Faust to‘g‘risida munozara qiladi. Shaytonning fikricha, koinoti azimda inson ojiz bir narsa, u baxtsiz, abadul-abad azob-uqubatda yashaydi. Agar xudo unga aql ato qilmasa, inson yomon yashamagan bo‘lur edi. Buning ustiga Faust butun koinot va tabiat sirlarini ilmu fan kuchi bilan bilib olmoqchi. Mefistofel Faustning bu intilishlariga ishonmaydi, unga shubha bilan qaraydi. Xudo esa, inson adashib bo‘lsa ham, izlash, qidirish natijasida kamolot cho‘qqisi tomon boradi, deb unga umid bildiradi. Bu umid Gyotening inonparvarlik qarashlarining natijasidir. Shayton, men albatta Faustning nafsini qo‘zg‘ab, yomon yo‘llarga olib boraman, uning intilishlarini, orzularini puchga chiqaraman, deydi. Asarning asosiy konflikti va tuguni shu yerdan boshlanadi.
Kim – erk, hayot deb jang qilolsa har kun –
Erku hayot uchun o‘sha munosib.
Xuddi shunday mehnat, kurash va havas
Band aylasa yoshu keksa – har kimni,
Shunday kunda ko‘rsam edim bir nafas
Ozod diyorimni, ozod xalqimni
Faust tilidan aytilgan ushbu misralar u anglab yetgan haqiqatning, inson umrining mazmunini belgilab beradi.
Gyote o‘z tragediyasida bir-biriga zid bo‘lgan ikki xil kuchlar to‘qnashuvini ko‘rsatadi. Bu kuchlarning biri Faust, u ilg‘or dunyoqarash, yorug‘lik timsoli.
U buyuk olim, ijodkor inson, odamlar baxt-saodati uchun kurashadi. Faust ilmga tashna, ilm-ma'rifatning kuchi bilan kishilarga ezgulik qidiradi.
O‘z xalqini ma'rifatli qilio‘ uchun Injilni tarjima qiladi.
Shoir tinmay olg‘a yurishni, to‘xtovsiz harakat qilishni targ‘ib qiladi, chunki u harakat insoniyat kelajagini munavvar qilishiga ishonadi.
Gyotening asari zamondoshlarini o‘rta asr uyqusidan uyg‘otishga, o‘z hayotini qurishga da'vat qiluvchi chaqiriq ham edi. Shoirning qahramoni davr munosabatlarini o‘zida mujassamlashtirgan kishi.
Asosiy qahramonlardan biri bo‘lgan shayton Mefistofel o‘zida shubha, inkor ham vayronalik kuchlarini mujassamlashtirgan. Shayton hamma vaqt Faustni yo‘ldan ozdirishga, uning yuragida shubha qo‘zg‘ashga urinadi. Faustni olijanob intilishlardan chalg‘itib, haqiqat, insoniyat oldidagi burchlarini unutishga undaydi.
Gyote asrining ikkinchi qismida qadimgi Yunoniston mavzusi asosiy o‘rin oladi. yelena antik dunyoning go‘zallik timsoli sifatida gavdalanadi. Faust bilan yelena o‘rtasidagi nikoh ramziy ma'no kasb etadi. Faust qo‘lida qolgan yelenaning kiyimlari qadimiy san'atning olijanob tasviri, belgisidir. Gyotening fikricha oltin davr o‘tmishda emas, istiqbolda, kelajakda.
“Faust” asari XVIII asr oxiri va XIX asr boshlaridagi nemis adabiyotining falsafiy va badiiy yutug‘i bo‘ldi.
Bu asar ustida Gete 60 yil davomida ishladi. «Faust»ni yozish niyati unda studentlik yillaridan boshlangan edi. Afsungar doktor Faust haqidagi afsonalar XVI asrda paydo bo‘lgan. 1592 yil. Kristofer Marlo «Doktor Faustning fojiyaviy tarixi» sahna asarini yaratdi. XVII-XVIII asarda tabiat sirlarini o‘zlashtirgan doktor haqida Germaniyada turli kitoblar bosilib chiqqan edi.
Demak, tragediyada bir-biriga zid bo‘lgan ikki xil kuchning to‘qnashuvi tasvirlanadi. Faust-ilg‘or dunyoqarash, yorug‘lik timsoli. To‘xtovsiz harakat, yaratish, bunyodkorlik uning asosiy shiori. U ilmga tashna, Injilni tarjima qilgan. Myefistofel – shubha, inkor, vayronachilik kuchlarini mujassamlashtirgan. U Faustni yo‘ldan urmoqchi bo‘ladi.
Jahon adabiyotining shoh asarlaridan biri bo‘lgan “Faust” ni o‘zbek kitobxoni shoir Erkin Vohidov tarjimasida ona tilida o‘qimoqda.
Gyotening buyuk “Faust” fojiasi bilan birga bir qancha she'rlari o‘zbek tiliga M.Shayxzoda, Shukrullo, Erkin Vohidov, Sadriddin Salimov tomonidan tarjima qilingan. “Yosh Verterning iztiroblari” romani Yanglish Egamova tarjimasida o‘zbek tiliga o‘girilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |