Ekspressionizm (fr. expression – ifodalash, ma'nodor qilib aniq ifodalash) Birinchi jahon urushidan sal avval yevropa mamlakatlarida kuzatilgan inqiroz natijasida kelib chiqqan oqim bo‘lib, ular san'atkorning vazifasi tashqi dunyo haqidagi sub'ektiv-indualistik kayfiyatlarni aniq, ta'sirli ifodalashdan iborat deb hisoblaganlar.
Ekspressionist ijodkorlarning asarlarida ijtimoiy-tanqidiy jo‘shqinlik yetakchilik qilgan, ular millionlab oilalarning boshiga azob-uqubatlar keltirgan jahon urushi, ijtimoiy adolatsizlik, shaxs erkinligini bo‘g‘ilishini tanqid qildilar.
Futurizm (lot.futurum - kelajak) – yetakchi avangard oqimlardan biri bo‘lib, Italiya va Rossiyada rivojlandi.Uning tamoyillarini italiyalik yozuvchi F.Marinetti (1876-1944) shaxsiyatparastlik isyon ruhi bilan sug‘orilgan “Futurizm manifesti” (1909)da asosladi. Uning tezislari orasida quyidagilar ham bor edi: “Kurashsiz go‘zallik yo‘q. Tajovuzkorliksiz durdona yo‘q”; “Biz muzeylar, kutubxonalarni vayron qilmoqchi, nasihatguylik, feminizm(ayollarning teng huquqli bo‘lishi uchun kurashish), va boshqa tubanliklarga qarshi kurashmoqchimiz”.
Marinetti texnika yangiliklari, mashinalar, motorlar kabi urbanistik sivilizatsiyaning ajralmas qismlarini kuylovchi “kelajakning dinamik adabiyoti” kelganini e'lon qildi. U o‘zining bir qator manifestlarida (1909-1915) futuristik stilistikaga oid asosiy talabni ishlab chiqdi, bu: an'anaviy sintaksisni tubdan o‘zgartirish va deyarli to‘liq otlardan iborat bo‘lgan, fe'l va sifatlardan esa juda kam foydalanuvchi o‘ziga xos “telegraf tilidan” foydalanish.
“Qisqacha aytilsa, futurizm namoyandalari jamiyatdagi taraqqiyot tendensiyalaridan kelib chiqqan holda, uning ertasini, ertangi inson va insoniy munosabatlarni o‘zlaricha tasavvur qiladilar va shunga mos adabiyotni yaratish da'vosi bilan maydonga chiqadilar. Ya'ni futurizm asrlar davomida shakllangan an'anaviy madaniyatga ilmiy-texnik taraqqiyot va urbanizatsiyalashuv davri madaniyatini qarshi qo‘yadi. Kelajak haqidagi tasavvur esa mazkur jarayonlar bilan bog‘liq holda kishilar dunyoqarashi, ahloqi, turmush tarzi va sh.k.larda yuz berayotgan o‘zgarishlarni mutlaqlashtirish asosida amalga oshiradi.”25
Rossiyada futurizm deyarli mustaqil shakllandi va V.Xlebnikov, D.Burlyuk, V.Kamenskiy, A.Kruchenix va V.Mayakovskiy ijodida namoyon bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |