Saylanma. Abdulla
Oripov
RANGLAR
Irinaga
Qachondir
Shimolning oppoq qoridan,
Seni yaratgandi zukko tabiat.
Ko‘zingga rang berdi osmon qa’ridan,
Shul sabab moviydir bu ko‘zlar behad.
Sunbul sochlaringni yaratgan chog‘da
Za’faron shafaqqa bo‘yab oldi u.
Boqib lablaringga, o‘zi ham dog‘da,
Qontalash bir rangni bera qoldi u.
Rosa pardoz qildi tabiat to‘lib,
To oydin ranglari tortguncha xira.
Barcha rang ustidan qo‘riqchi qilib
Qora Otelloni yaratdi so‘ngra.
1981, Moskva
* * *
Rejami?
Oldindan gapirish qiyin,
Hayot ham, ijod ham nozikdir qildek.
Ta’na toshlarini otmay turasiz,
Hakim bilan bir oz hamkorlik qildik.
1981
Do'stlaringiz bilan baham: