Saylanma. Abdulla
Oripov
Endi qaytib kelmas u damlar sira,
Shul sabab dilda g‘am, ko‘zlarimda yosh,
Qoldi qaylardadir
yoshlik - bokira
Quduq tublariga cho‘kkanday quyosh.
Men ko‘rar endigi bu go‘zal olam,
Sirli u damlarning mavhum soyasi.
Shul sabab qalbimni o‘rtaydi alam,
Shul sabab g‘amimning yo‘q nihoyasi.
Hayajon bu - o‘lim, kulfatdir - qo‘shiq,
Qilt etgan shamoldan titramas yurak.
Unga endi na dard, na quvonch, na ishq,
Balkim to‘ng‘ib qolgan bir orom kerak.
Bir
hovuch kul emish otash qismati,
Men ham yona-yona tindim nogahon.
Endi tillarimda vido hasrati,
Endi ko‘zlarimga tiyradir jahon.
Olam tin oladi, tinurman men ham,
Endi u sirlarin so‘ylamas ortiq.
Faqat derazamda bir qushcha beg‘am
Menga qo‘shiqlarin etadi tortiq.
Hayot deb atalgan xush tilak
bilan
Kechalar behudud o‘yga tolurman.
Tosh qotgan, nogiron shu yurak bilan
Mo‘ysafid quyoshni qarshi olurman.
1981, Moskva
Do'stlaringiz bilan baham: