2.Yangi podsholik davrida buyuk Misr davlati (er. avv. XVI-XII asrlar)
Yangi podsholik davrida Misr qo’shinlari qayta tashkil qilindi. Giksoslar ta'siri ostida qo’shin tarkibiga jang aravalari kiritildi. Misrda ot zavodlari tashkil qilinib, xo’jalikning yangi sohasi yilqichilik paydo bo’ldi. Ot zavodlari davlat hokimiyati tomonidan taskil qilindi va ularni oliy mansabdor boshqargan. Piyodalar asosiy harbiy qo`shinning asosiy qismi bo`lib qoldi. Ammo uning qurol turlari yangilandi. Qilichning 2 turi: og`ir, to’gri va yengilroq o’roqsimon qilichlar paydo bo’ldi. Dushmanlardan yaxshiroq himoya uchun askarlar plastinkali sovut kiya boshladilar. Qo’shin safini og`ir qurollangan kamonchi va nayzachilar to’ldira boshladi. Qo’shinning yangi turi harbiy dengiz floti paydo bo’ldi. Mudofaa inshootlari (fortifikasiya) qurish san'ati takomillashdi. Misrliklar bosib olingan hududlarida kuchli mustahkamlangan qal'alarni ko’ra boshladilar. Qo`shinni to’ldirish tartibi o’zgardi. Askar olishning yangi qoidasiga ko’ra, har 10 balog`atga yetgan erkaklardan biri harbiy xizmatga chaqiriladigan bo’ldi. Ammo bu tartib qo’shinni to’liq to’ldirish imkoniyatini bermadi. Shu sababli, XIX sulola davridan boshlab, yo`llanma chet el askarlari qo’shinning yarmini tashkil qila boshladi.
XVIII sulola kuchli qo’shinga tayanib, bosqinchilik siyosatini olib bordi. Ayniqsa, Sharqiy O’rtayer dengizi qirg`og`iga nisbatan istilochilik hujumlari kuchayib ketdi. Bu hududda er. avv. XV asrda Misrga qarshi faqat birgina Mitanni davlati jiddiy qarshilik ko’rsata olar edi. Mitanni XVI asr oxiri XV asrning birinchi yarmida qudratli davlatga aylangan edi. U Misrning Suriya va Falastinga ekspansiyasini to’xtatish uchun Kadesh shahri boshchiligidagi Suriya va Falastinning kichik davlatchalari koalitsiyasini har tomonlama qo’llab-quvvatladi. Natijada bu ittifoq Misr ekspansiyasini vaqtinchalik to’xtatdi. Misr janubda uchinchi Nil ostonalaridagi hududlarni bosib oldi.
Yaxmos I giksoslarni Osiyodan haydab chiqarib Finikiyada Misrning ta’sirini qayta tikladi. Uning o’g’li Amenxotep I Osiyoda hech qanday urush olib bormadi, keyingi fir’avn Tutmos I (er. avv. XVI asr oxiri) davrida Misr Yaqin Sharqning eng katta davlatlaridan biriga aylandi. Nubiya (Kush)da katta yutuqlarga erishilib Kamos Misrning hududini Nilning ikkinchi ostonasigacha, Amenxotep I yana janubga tomon kengaytirdi. Amenxotep Iga uning kuyovi harbiy boshliq Tutmos voris bo’ldi. U er. avv. XVI asr oxirida Yuqori Mesopotamiyadagi Mitanni davlatiga qarshi urush boshladi. Bu davlat shimoliy Suriyani nazorat qilar edi. Misr Mitannidan shimoliy Suriyani tortib olib, o’z nazorati ostiga oldi. Nubiyada misrliklar Nilning uchinchi ostonasidagi ilgari mustaqil bo’lgan Kush davlatining poytaxti Kermani egalladilar.
Tutmos I ning vorisi uning kichik xotinidan bo’lgan o’g’li Tutmos II ( er. avv. 1503-1490-yillar atrofida) bo’lajak mashhur malika Xatshepsutga uylandi. Malika Xatshepsut Tutmos III ni davlat ishlaridan chetlashtirishga harakat qildi. Xatshepsut o’zini eri bilan birga hukmdor deb e’lon qiladi, vaqt o’tishi bilan malika yodgorliklarda o’zini mustaqil fir’avn sifatida tasvirlay boshladi. Malika erkak fir’avn kabi o’z hokimiyatini to’laqonligini ta’kidlash uchun gavda tuzilishini erkaklarga o’xshatib, soqol qo’yilgan holda tasvirladi. Xatshepsut fir’avn-jangchi sifatiga da’vo qila olmas edi. Shu sababli u Puntga katta ekspeditsiya tashkil qildi.
Bu vaqtda uning eri er. avv. 1490-1438-yillarda hukmronlik qilgan Tutmos III istilochilik urushlari olib bordi. G`ayratli sarkarda Tutmos III Sharqiy O’rtayer dengizi qirg`og`ini Misr ta'siri ostiga o’tishi uchun uzoq harbiy tayyorgarlik ko’rdi. Er.avv. 1482-yilda Tutmos III Falastinga ko’p sonli qo’shin tortdi. Megiddo shahri yonida Suriya va Falastinning Kadesh shahri boshchiligidagi birlashgan qo’shinlari Tutmos III qo’shinlari bilan uchrashdi. Qonli jang misrliklar g`alabasi bilan tugadi. Natijada Misr Suriya va Falastinning katta qismini egallab oldi. Mitanni o’z qo’shinlarini Frot ortidan chaqirib oldi va Misrga Suriya, Finikiya va Falastin hududlarini yon berishga majbur bo’ldi. Tutmos III o’n besh marta harbiy yurish qilib, Frot daryosigacha bo’lgan hududlarni bosib oldi. Frot daryosi yelkasidagi Karxemish shahri Misrning shimoliy chegarasi bo’ldi. Janubda Misr Nilning 4-ostonalarigacha bo’lgan yerlarni o’z tasarrufiga oldi. Misrning shimolidan janubigacha chegarasi 3200 kmni tashkil qildi.
I stilochilik urushlari natijasida Misr XV asrda Old Osiyodagi eng qudratli davlatga aylandi. Old Osiyoning Mitanni, Xett va Bobil kabi kuchli davlatlari Misrning kuch-qudrati bilan hisoblashishga majbur bo’ldilar. Ular Misr bilan do’stona munosabat o’rnatishga harakat qildilar. Bu to’grisida o’sha davrdagi ko`pgina yozma manbalar ma'lumot beradi.
Misrning o’sha vaqtdagi xalqaro munosabatlari XVIII sulola oxiridagi Misr fir'avnlarining Tel-Amarnada topilgan katta davlat arxividagi hujjatlardan bizga yaxshi ma'lumdir. Bu arxivda Bobil, Osuriya, Mitanni, Xett davlatlari va Kipr podsholarining, yana Suriya va Falastindagi ko’p hokimlarning Misr fir'avniga yuborgan diplomatik xatlari saqlanib qolgan. Shu xatlarga qaraganda Misr Old Osiyodagi bir qancha davlatlar bilan juda mustahkam savdo va diplomatik munosabatda bo’lgan. Ayrim davlatlar o’rtasida bo’ladigan muzokaralar maxsus elchilar yordami bilan olib borilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |