O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI
“
PUL, KREDIT VA BANKLAR
”
fanidan
2016/2017 o‘quv yili
uchun mo‘ljallangan
MA’RUZA MATNI
Toshkent-2016
1-MAVZU: Pulning zarurligi, mohiyati, funktsiyalari va roli
1.1. Pulning vujudga kelishi va zarurligi
1.2. Pulning rivojlanish tarixi
1.3. Pulning funktsiyalari
1.4. Pulning turlariga umumiy tavsif
1.1. Pulning vujudga kelishi va zarurligi
Pulning vujudga kelishi kishilik jamiyati tsivilizatsiyasining buyuk kashfiyotlaridan
hisoblanadi. ”Pul” deb nomlangan maxsus tovarning paydo bo‘lishi natijasida odamlar o‘rtasida
ayirboshlash bilan bog‘liq ziddiyatlar va «ehtiyojlarning bir – biriga mos kelmasligi» kabi
muammolar barham topdi.
Pulning vujudga kelishi, uning evolyutsion rivojlanishi, nazariyasi, mohiyati va
funktsiyalari haqida xorijiy va mahalliy iqtisodchi olimlar, nazariyachilar, mutaxassislar juda
ko‘p ilmiy asarlar, maqolalar va tadqiqot ishlari yaratgan. Hozirgi kunda ham ushbu jarayon
davom etmoqda. Iqtisodiy adabiyotlarda pulning vujudga kelishi va uning hozirgi kundagi
ko‘rinishi haqida yagona yondashuv mavjud emas.
Pulning vujudga kelish sababini bilish uchun qadimda odamlar o‘rtasida ro‘y bergan
ayirboshlash munosabatlarini amalga oshirish jarayoniga e’tibor qaratish lozim. Chunki, aynan
mana shu tabiiy ayirboshlash jarayoni hozirgi kunda siz bilan biz kundalik hayotda va hisob –
kitoblarda foydalanib kelayotgan pulning vujudga kelishiga zamin yaratgan. Xususan, pulning
vujudga kelishiga quyidagi omillar asos bo‘lib xizmat qiladi:
-
qadimgi davrda odamlar o‘z ehtiyojidan ortib qolgan iste’mol mahsulotlari turib
qolmasligi va saqlashning imkoniyati bo‘lmaganligi bois ularni o‘zlariga yaqin yoki tanish
odamlarga bergan, bu o‘z – o‘zidan odamlar o‘rtasida stixiyali ravishda bir tomonlama
ayirboshlash munosabatlari vujudga kelishiga sabab bo‘lgan;
-
keyinchalik odamlarning ongi, dunyoqarashi va hayot kechirish tarzi rivojlanganligi
natijasida, ikki tomonloma ayirboshlash munosabatlari vujudga kela boshladi. Bu davrda,
kishilarda o‘ziga zarur bo‘lmagan buyumning o‘rniga nimadir olish evaziga, ikkinchi kishiga
berishi lozimligini anglay boshladilar.
Bularning barchasi dastlab stixiyali ravishda sodir etilib, bu odamlarning kundalik uchun
zarur bo‘lgan buyumlar, oziq – ovqatlar, kiyim – kechaklar va boshqa ehtiyojlarini qondirish
natijasida ro‘y bergan. Bu davr ishlab chiqarish usulining natural xo‘jalik tuzumi davriga borib
taqaladi. Ma’lumki, natural xo‘jalik tuzumidan ilgarigi davrda har bir kishi kunlik ehtiyoj uchun
zarur bo‘lgan mahsulotni mustaqil ravishda ishlab topgan (yaratgan)ligi bois, ular o‘rtasida
ayirboshlash munosabatlariga ehtiyoj mavjud bo‘lmagan.
Yuqorida qayd etilgan ikki omil, kishilar o‘rtasida ayirboshlash munosabatlarining
shakllanishiga zamin yaratdi, natijada odamlar ixtiyoridagi ortiqcha mahsulotni o‘zi uchun zarur
bo‘lgan boshqa mahsulotga ayirboshlashga ehtiyoj seza boshladi.
Ayirboshlash
– bu kishilarning istak – xohishlari va ehtiyojlari mahsuli sifatida amalga
oshiriladigan jarayon bo‘lib, buning natijasida, tomonlar ehtiyojini qondirish maqsadida
ixtiyoridagi narsadan voz kechib, zarur bo‘lgan narsaning o‘rniga berishdir. Ayirboshlash
kishining ehtiyoji bo‘lgan buyumga ega bo‘lish imkoniyatini beradigan jarayondir.
Demak, ayirboshlash “A” va “B” tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv natijasida sodir
bo‘ladigan jarayon bo‘lib, “A” o‘ziga tegishli tovar yoki xizmatini “B” tomonning tovar yoki
xizmati uchun berishdir. Madomiki, ushbu almashuv jarayoni ikki tomonga ham iqtisodiy
jihatdan foydali bo‘lib, “A” tomon voz kechgan tovar yoki mahsulot o‘rniga o‘zi uchun zarur
bo‘lgan, undan ham foydaliroq tovar yoki xizmatni oladi.
Shuningdek, natural xo‘jalikning rivojlanib borishi, jamiyatda mehnat taqsimotini
shakllanishiga olib kelgan. Vaqt o‘tishi bilan odamlar o‘rtasida mahsulot ayirboshlash jarayoni
rivojlanib, ishlab chiqarishning ixtisoslashuv jarayoni ro‘y bera boshlagan. Xususan, pulning
vujudga
kelishida
chorvachilikning
dehqonchilikdan
ajralib
chiqishi,
keyinchalik
hunarmandchilikning shakllanishi juda muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu davrda, odamlar
o‘rtasida mahsulotlarni faol ayirboshlash jarayoni boshlandi. O‘sha davrdagi ayirboshlash
munosabatlarini faollashishiga asosiy omillar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
ishlab chiqarishning natural xo‘jalik shaklidan tovar ishlab chiqarish davriga o‘tishi;
ishlab chiqaruvchi sub’ektlarning bir – biriga o‘zaro bog‘liqligining vujudga kelishi;
ayirboshlash jarayonida tovarlar ekvivalentligining ta’minlanganligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |