O‘zbek tilining rasmiy idoraviy til sifatida qo‘llanishi qoraxoniylar hukmronligi davrida boshlandi. XX asrdan so‘ng o‘zbek xonlari va amirlari saroylarida yozilgan turli xil hujjatlar o‘ziga xos mazmuni, muayyan tartibi va nutqiy qolipi bilan ajralib turadi. Sho‘ro hukmronligi davrida o‘zbek va rus tillarida ish yuritish huquqi qonunlashtirilgan bo‘lsa-da, amalda o‘zbek tilining ijtimoiy mavqeyi past edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi rasman ish yuritish maqomi mustahkamlandi.
Boshqaruv jarayonining murakkabligi va serqirraligiga muvofiq ravishda idoraviy ish yuritish qog‘ozlari, hujjatlar ham xilma-xil va miqdoran juda ko‘p. Hujjatlarning maqsadi, yo‘nalishi, hajmi, shakli va boshqa bir qator sifatlari ham turlichadir.
Rasmiy uslubning leksik xususiyatlari. Rasmiy uslubga oid matnlar leksikasi va turg‘un birikmalari o‘zbek tilidagi boshqa tegishli matnlar tilidan sezilarli darajada farqlanadi. Shuning uchun ham, ularda boshqa vazifaviy uslublarda deyarli uchramaydigan alohida so‘z va turg‘un birikmalarga duch kelamiz: ma‘muriy javobgarlik, fuqarolik holati, fuqarolik javobgarligi, aybdor, gumondor, jabrlanuvchi, sudlanuvchi, guvoh, jamoat kafilligi, surishtiruv, jabrlanuvchi bilan yarashuv kabi. Yangi sharoitda yangicha mazmun kasb etgan O‘zbekiston Ruspublikasining Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis, Qonunchilik palatasi, Oliy majlis senati, siyosiy partiyalar, davlat hokimiyat organi, qishloq fuqarolar yig‘ini, saylovoldi tashviqoti, O‘zbekiston ekologik harkati, «Kamolot» yoshlar harakati, qonun ijrosi, konstitutsiyaviy tuzum, davlat tuzilishi, siyosiy institutlar, milliy xolding kompaniyasi singari turg‘un birikmalar ham mustaqillik davri o‘zbek tili taraqqiyotining mahsulidir.
Masalan, “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan suveren holda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradilar”. Gaplarda suveren so‘zining qo‘llanishida sun‘iylik, uslubiy g‘alizlik paydo bo‘lganligini payqash qiyin emas. Xulosa shunday bo‘ladiki, mustaqil so‘zi tilimizda ommalashgan, uni barcha o‘zbekcha matnlarda uchratishimiz mumkin, ma‘nosida kenglik, qo‘llanishida erkinlik mavjud. Suveren so‘zi esa jiddiy ma‘noga ega bo‘lib, rasmiy ohang beradi va rasmiy uslub doirasida chegaralanib, faqat davlat so‘ziga bog‘langanligi ma‘lum bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |