Antik davrdan boshlab psixologik bilimlar falsafa va tibbiyot fanlari negizida rivojlanib kelgan. Yunon shifokorlari Gippokrat, Erasistrat psixikaning organi miya ekanini bilganlar va inson jonini koinotning kimyoviy bo’lagi sifatida talqin qilganlar. Ularning g’oyalari Platonning jon abadiyligi to’g’risidagi ta’limotiga qarama qarshi qo’yilgan. Aristotel ‘jon to’g’isida’gi asarida psixologik tushunchalar tizimini ishlab chiqdi. Eramizdan oldingi II asrda rimlik vrach Galen fiziologiya va medisina sohasida erishilgan yutuqlarni umumlashtirib, psixikaning fiziologik asoslari haqidagi tasavvurlarni birmuncha boyitdi. XVII asr biologik va psixologik bilimlar taraqqiyotida yangi davrni ochib berdi. Tana va jonni tushunish sohasida tubdan o’zgarishlar yuz berdi. Inson tanasi mashinaga o’xshatiladi. Tana ham mashina singari ishlaydi deb qaraladi. Buyuk fransuz mutafakkiri Dekart hatti-harakatlarning reflektor ("refleks" so’zi fransuz tilidan kirib kelgan bo’lib "aks ettirish" degan ma’noni anglatadi) xarakteri haqidagi g’oyani ilgari surdi. XIX - XX asrda psixologiya mustaqil, eksperimental fan sifatida rivojlandi. Bunga tabiiy fanlar sohasida, ayniqsa biologiya, sezgi organlari fiziologiyasi, psixofizika va psixofiziologiya, oliy nerv faoliyati fiziologiyasining rivojlanishi, hamda psixologiyaga pedagogika, medisina, ishlab chiqarishning talabining kuchayishi sabab bo’ldi. Psixologiyaning fan sifatida rivojlanishi tarixini to’rt bosqichga bo’lish mumkin: - Psixologiya jon, ruh haqidagi fan sifatida. Psixologiyaga bundan 2500 yil avval shunday ta’rif berilgan. U davrda inson hayotidagi ko’plab tushunarsiz voqyealarni jon, ruh va uning xususiyatlariga bog’lab tushuntirishga uringanlar.
- II. Psixologiya ong haqidagi fan. Tabiiy fanlarning rivojlanishi ta’siri ostida XVII asrda paydo bo’ldi. Kishining fikrlash, his qilish, istaklarining namoyon bo’lishini ong deb atadilar. Psixologiya fanining eng asosiy tadqiqot metodi o’z-o’zini kuzatish va tahlil qilish hisoblangan.
- III. Psixologiya xulq-atvor haqidagi fan sifatida XX asrda shakllangan bo’lib, psixologiyaning asosiy vazifasi bevosita kuzatish imkoniyati bo’lgan psixik xodisalar, ya’ni kishining xulq-atvori, harakatlari, reaksiyasi kabilarni o’rganish hisoblangan. Kishining hatti-harakatlari ostida yotgan motivlar hisobga olinmagan.
- IV. Psixologiya psixik faktlarni, psixik xodisalarning mexanizmlari va qonuniyatlarini o’rganuvchi fan sifatida. Hozirgi zamon psixologiya fani psixologiyaning fan sifatida rivojlanishi, falsafa, tabiiy va tibbiy fanlar, aniq fanlar sohasidagi ko’plab boy tajribalarga asoslanib shakllangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |