61 – savol. Xotira va tafakkur jarayonlari o‘rni roli
Soʻz-mantiq xotirasining vujudga kelishida birinchi signal bilan bir qatorda ikkinchi signallar tizimi asosiy hisoblanadi. Chunki soʻz mantiq xotirasi faqat insongagina xos boʻlgan xotiraning maxsus turi hisoblanib, bu xotira turi oʻzining sodda shakllari bilan hayvonlarga ham taalluqli boʻlgan harakat, his-tuygʻu va obrazli xotiralardan sifat, ham miqdor jihatdan keskin farq qiladi. Ana shu boisdan soʻz-mantiq xotirasi bir tomondan xotiraning boshqa turlari taraqqiyotiga asoslanadi, ikkinchidan ularga nisbatan yetakchilik qiladi. Shu bilan birga, boshqa turlarning rivojlanishi soʻz mantiq xotirasining takomillashuviga uzviy bogʻliqdir. Soʻz-mantiq xotirasining oʻsishi qolgan xotira turlarining barqarorlashuvini belgilaydi. Xotira turlariga nisbatan boshqacha tarzda yondashish hollari ham uchraydi. Shu bois xotira faoliyatini amalga oshirayotgan faollik xususiyatlari bilan uzviy bogʻliq ravishda turlarga ajratiladi. Masalan, faoliyat maqsadiga koʻra xotira ixtiyorsiz va ixtiyoriy turlarga boʻlinadi. Ixtiyoriy xotira deganda maʼlum maqsadni roʻyobga chiqarish uchun muayyan davrlarda aqliy harakatlarga suyangan holda amalga oshirilishidan iborat xotira jarayoni tushuniladi. Bu faoliyatni odam ongi bevosita boshqaradi. Koʻpincha psixologiya fanida ixtiyoriy xotiraga ixtiyorsiz esda olib qolish qarshi qoʻyiladi. Bu jarayon maʼlum kerakli topshiriq yoki vazifa qoʻyilsa, esda olib qolishga yetaklovchi faoliyat biron-bir maqsadni roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirilgan taqdirda yuzaga keladi. Biz matematik topshiriqlarini yechayotganimizda masaladagi sonlarni esda olib qolishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻymaymiz. Mazkur soʻz mantiq xotirada asosiy maqsad faqat masala yechishga qaratiladi. Buning natijasida sonlarni esda saqlashga, hech qanday oʻrin ham qolmaydi. Shunga qaramay, biz ularni qisqa muddat boʻlsa-da, esda saqlashga intilamiz. Bu holat faoliyat yakunlangunga qadar davom etadi. Xotiraning ixtiyoriy va ixtiyorsiz turlari xotira taraqqiyotining ikkita ketma-ket bosqichlarini tashkil etadi. Ixtiyorsiz xotiraning turmushda va faoliyatda katta oʻrin egallashini har kim oʻz shaxsiy tajribasidan biladi. Ixtiyorsiz xotiraning muhim xususiyatlaridan biri maʼlum maqsadsiz aqliy, asabiy, irodaviy zoʻr berishsiz hayotiy ahamiyatga ega boʻlgan keng koʻlamdagi maʼlumot, xabar, axborot, taʼsurotlarning koʻpchilik qismini aks ettirishdir. Shunga qaramasdan inson faoliyatining turli jabhalarida oʻz xotirasini boshqarish zarurati tugʻilib qolishi mumkin. Xuddi mana shunday sharoitlar, holatlar, vaziyatlarda esda saqlash, esga tushirish yoki eslash imkoniyatini yaratadigan xotiraning mazkur turi katta ahamiyatga egaligi shubhasiz.
Soʻnggi paytlarda rus va xorij psixologiyasida xotira borasidagi tadqiqotchilarning eʼtiborini esda olib qolishning dastlabki, boshlangʻich daqiqalarida vujudga keladigan holatlar, jumladan tashqi taassurot izlarining mustahkamlanishigacha boʻlgan jarayonlar, holatlar, mexanizmlar, shuningdek, ularning mustahkamlanish muddatlarini ham oʻziga jalb qilib kelmoqda.
Masalan, biror material xotirada mustahkam joy olish uchun uni subyekt tomonidan tegishli ravishda qayta ishlab chiqish zarur va materialni bunday ishlab chiqish uchun maʼlum darajada muddat talab etish tabiiydir. Ana shu muddat xotirada qayta tiklanilayotgan izlarni mustahkamlash deb qabul qilingan. Mazkur jarayon inson tomonidan yaqindagina boʻlib oʻtgan hodisalarning aks sadosi sifatida kechiriladi va takomillashadi. Inson muayyan daqiqalarda, lahzalarda, ayni paytda bevosita idrok qilinayotgan narsalarni goʻyo koʻrishda, eshitishda davom etayotgandek tuyuladi. Ushbu jarayon kelib chiqishi jihatidan beqaror, hatto oʻzgaruvchan, lekin ular shu qadar maxsus tajriba orttirish mexanizmlarining faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ularning roli shu qadar ahamiyatli-ki, bu jarayonlarda esda olib qolish, esda saqlash, axborotlar, malumotlar, xabarlarni qayta esga tushirishning alohida turi sifatida qaraladi. Ushbu jarayon odatda psixologiya fanida qisqa muddatli xotira deb ataladi.Juda koʻp qaytarishlar va qayta tiklashlar natijasida materialni uzoq muddat davomida esda saqlanib qolishi xarakterli boʻlgan uzoq muddatli xotiradan farq qilgan holda, qisqa muddatli xotira bir marta hamda juda qisqa vaqt oraligʻida idrok qilish va shu ondayoq qayta tiklashdan soʻng qisqa muddatli esda olib qolish bilan xarakterlanadi.
Hozir ilmiy adabiyotlarda qisqa muddatli xotirani quyidagi atamalar bilan nomlash uchraydi: “bir lahzalik”, “dastlabki”, “qisqa muddatli” va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |