Eksperimentning maqsadi va vazifalari ishchi gipoteza va mos nazariy ishlanmalarni tahlil etish asosida aniqlanadi. Vazifalar aniq-ravshan, ularning soni katta bo‘lmasligi kerak: oddiy eksperimentda - 3-4 ta, kompleks eksperimentda esa 8-10ta vazifa belgilanadi.
Tadqiq etiluvchi jarayon yoki ob’ektga ta’sir etuvchi omillarni tanlash ishchi gipotezaga mos holda nazariy ishlanmalarni tahlil etish asosida malga oshiriladi. Dastlab o‘tkaziladigan eksperiment uchun muhimligi darajasiga qarab barcha omillar qatorga terib chiqiladi, so‘ngra ularning asosiylari va ikkilamchilari ajratiladi. Omillar soni kichik (3 tagacha) bo‘lganda ularning muhimlik darajasi yakkaomilli eksperiment bo‘yicha aniqlanadi (boshqa omillar o‘zgarmas bo‘lgani holda bitta omil o‘zgaradi.) Omillar soni katta bo‘lganda ko‘pomilli tahlil qo‘llaniladi.
O‘lchov vositalari eksperimentning maqsadi va vazifalariga, o‘lchanuvchi ko‘rsatkichlarining xarakteriga va talab etiluvchi aniqlikka qarab tanlanadi. Odatda, standart, ommaviy ravishda ishlab chiqariluvchi (o‘zimizda yoki horijda) o‘lchov vositalari ishlatiladi. Ayrim hollarda noyob o‘lchov priborlari va apparatlari yaratiladi.
O‘lchov texnikasining nazariy va fizik asoslari, fizik qiymatlarni o‘lchash metodlari maxsus adabiyotlar va standartlarda keltiriladi.
Eksperimentning mazmuni va o‘tkazish tartibi – metodikaning markaziy qismi hisoblanadi. Unda eksperimentni o‘tkazish mufassal tarzda loyihalanadi:
kuzatish va o‘lchamlarni o‘tkazishning tartibi (ketma-ketligi) tuziladi;
eksperimentni o‘tkazish uchun tanlangan vositalarni e’tiborga olgan holda har bir operatsiya alohida batafsil bayon etiladi;
operatsiyalarning sifatini nazorat qilishda qo‘llaniluvchi metodlar bayon etiladi;
kuzatish va o‘lchashlar natijalari qayd etib boriluvchi jurnal ishlab chiqiladi.
Eksperiment natijalarini qayta ishlash va tahlil qilish usullari metodikaning qismi hisoblanadi. Eksperiment natijalari yaqqol tasavvur va qabul qilinadigan shaklga keltirilishi zarur (jadvallar, grafiklar, nomogrammalar va sh.k.); bunday shaklda natijalarni taqqoslash va tahlil qilish qulay bo‘ladi.
Ishlov berishning matematik metodlariga alohida e’tibor qaratiladi empirik bog‘liqliklarni aniqlash, omillar va chiqish parametrlari orasidagi bog‘liqlik (aloqa)larni approksimatsiyalash, mezonlar va ishonchli intervallarni belgilash kabilar shular jumlasidandir.
Eksperiment metodikasi ishlab chiqilgandan so‘ng eksperimental tadqiqotning hajmi va mehnat sarfi aniqlanadi. Ular nazariy ishlanmalarning chuqurligiga, qabul qilingan o‘lchov vositalarining xarakteristilariga (aniqligi, ishonchliligi, tezligi va sh.k.) bog‘liq bo‘ladi. Tadqiqotning nazariy qismi qancha aniq shakllantirilgan bo‘lsa, eksperimentning hajmi va mehnat sarfi shuncha kichik bo‘ladi.
Tabiiyki, eksperimentning hajmi va mehnat sarfi uning turiga bog‘liq bo‘ladi. Dala sinovlari eng katta mehnat sarfi talab etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |