PROKARIOT ORGANIZMLAR Prokariotlar (bakteriyalar va arxeylar) ikkiga boʻlinish orqali jinssiz yoʻl bilan koʻpayadi. Aksariyat prokariotlar shu yoʻl bilan tez koʻpayadi.
Tez oʻsishi va genetik jihatdan sodda tuzilgani tufayli E. coli bakteriyasi molekulyar biologiyada keng qoʻllanadi.
Laboratoriya sharoitida E.coli bakteriyasiga koʻchirib oʻtkazish mumkin boʻlgan kichik, halqasimon DNK molekulasini tutuvchi gen plazmid deyiladi. Plazmidlar transformatsiya jarayoni orqali bakteriya tomonidan tutib qolinadi.
Transformatsiyaga uchragan E. coli bakteriyasidan koʻplab nusxadagi plazmidlarni tayyorlash uchun foydalanish mumkin. Ayrim hollarda bakteriyalar plazmid genlari ekspressiyasi orqali oqsil sintezlashi mumkin.
Aytaylik, sizda bitta bakteriya bor. Siz qanday qilib xuddi shunga oʻxshash koʻproq bakteriyalarni olishingiz mumkin. Va eng muhimi, siz nima maqsadda bir uyum bir xil bakteriyalar olishni xohlayapsiz?
Keling, oxirgi savolga qaytamiz: ayrim bakteriyalar, asosan Escherichia coli (E.coli) bakteriyasi, molekulyar biologiya laboratoriyalarida keng qoʻllanadi. U yerda ular maʼlum bir DNK molekulasining koʻplab nusxalari yoki kerakli oqsilning (masalan, diabet insonlarda qondagi qand miqdorini normaga keltiruvchi) koʻplab molekulalarini ishlab chiqaradigan kichik “zavodlar” vazifasini bajaradi. Bakteriya qancha koʻp boʻlsa, ishlab chiqariladigan DNK yoki oqsil mahsuloti ham shuncha koʻp boʻladi.
E. coli ning ikki xususiyati uning laboratoriyada qoʻllanishini qulaylashtiradi: uning tez koʻpayishi va klonlar yoki genetik bir xil boʻlgan bakteriyalar hosil qilishi. Keling, E. coli va boshqa prokariotlar qanday koʻpayishini qisqacha koʻrib chiqamiz. Keyin ularning biotexnologiyada qoʻllanishini tahlil qilamiz.
Prokariotlar qanday koʻpayadi? Prokariotlar binar (ikkiga) boʻlinish yoʻli orqali koʻpayadi. Eukariot hujayralardagi mitoz jarayoni kabi, bu jarayon ham xromosomadan nusxa koʻchirilishi va bir hujayraning ikkiga ajralishi bosqichlarini oʻz ichiga oladi.
Ikkiga boʻlinish jinssiz koʻpayish shakli boʻlib, bunda tuxum hujayra va spermatozoid ishlab chiqarilishi yoki ikkita individning genetik materiallari almashinuvi jarayonlari yuz bermaydi. Kam uchraydigan mutatsiyalar yoki DNK zanjiridagi oʻzgarishlarni hisobga olmaganda, ikkiga boʻlinishda ona hujayraga genetik jihatdan oʻxshash qiz hujayralar hosil boʻladi.
Ikkiga boʻlinishning bosqichlari haqida hujayra boʻlinishi boʻlimining ikkiga boʻlinish mavzusida batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.