partiyalarning siyosiy faolligini oshirish lozim.
«Demokratik islohotlar sari yo‘l — biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir», — deya ta’kidladi prezident.
Uning qayd etishicha, davlat doim bosh islohotchi sifatida bo‘lib kelgan va bu siyosat darajasiga ko‘tarilgan. Barchasi «yuqoridan» belgilanar edi.
«Endi esa islohot jamiyatdagi haqiqiy holatdan kelib chiqib belgilanadi. Xalqni qiynayotgan muammolar esa OAV, ijtimoiy tarmoqlardagi kayfiyatlar, xalq qabulxonalari va boshqa „barometrlar“ orqali aniqlanadi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ta’lim haqida
Ta’lim yo‘nalishida murojaatnomada belgilangan vazifalar quyidagicha bo‘ldi:
maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrovi 25 foizdan 50−60 foizga yetkaziladi;
OTM davlat granti asosida qabul ikki barobar oshiriladi, shuningdek, qizlar uchun alohida davlat grantlari joriy etiladi;
o‘qishga kirish soddalashtiriladi;
ona tili bo‘yicha bilimlarni baholashning milliy test tizimi paydo bo‘ladi;
mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni ikki baravarga kamayadi;
oliy ta’lim o‘quv jarayonida kredit-modul tizimi joriy etiladi;
pedagogik ta’limning 6ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil etib belgilanadi;
10ta OTM o‘zini-o‘zi moliyalash tizimiga o‘tib, kamida 5ta OTM transformatsiya qilinadi.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni bog‘chalarga qamrab olish ko‘rsatkichini 60 foizga yetkazish ko‘zlanmoqda. Shu bilan birga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy qilish davom ettiriladi. Shu maqsadda 130 mlrd so‘mmablag‘ ajratiladi. 2020 yilda 36ta yangi maktab qurilib, 216tasi kapital ta’mirdan chiqariladi. Ushbu ishlarga esa 1,7 trln so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
Joriy yilda 55ta xususiy maktab tashkil etilishi, ularning respublikadagi umumiy soni 141taga yetkazilishi bildirildi. Yuqori malakali o‘qituvchilar maoshini yanada oshirish masalasi davom etadi. Professional kasb-hunar ta’limda yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi:340ta kasb-hunar maktabi, 147ta kollej va 143ta texnikum tashkil etiladi. Milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi, natijada 9000ga yaqin kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Kambag‘allik va propiska haqida
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, hukumat 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqishi lozim.
«Asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o‘rtasida tafovut mavjud. Buning yechimi — ichki migratsiyani erkinlashtirishdir. Shu bois, parlament va hukumat 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim», — dedi u.
Davlat rahbarining aytishicha, uy-joy qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilmasdan turib, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlash mumkin emas. Shu sababli yangi ipoteka tizimi joriy etilmoqda. Bu borada viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4000ta uy-joy xususiy sektor tomonidan quriladi.
«Kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olishga boshlang‘ich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trln so‘m subsidiya ajratiladi», — deya qayd etdi prezident.
O‘zbekistonda Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda kam ta’minlangan aholi soni 12−15 foizni (4,5−5 mln kishi) tashkil etadi. Oxirgi 2 yil ichida ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,3 barobarga ko‘paydi, nafaqalar miqdori 2 barobarga oshdi.
Lekin kam ta’minlangan aholiga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ular miqdorini oshirish orqali ushbu muammo to‘liq yechilmaydi. Shuning uchun Jahon banki, BMTning Taraqqiyot Dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga O‘zbekistonda Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar
Avvalo, soliq islohotini barqaror davom ettirish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi qoshida Fiskal institut tashkil etiladi. Unda soliqchilar malakasi oshiriladi, yangi bilimlar beriladi. Bo‘sh turgan yer maydonlari va binolar haqida aniq ma’lumot beruvchi onlayn platforma ishga tushadi. To‘lovga qobiliyatsiz korxonalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi tizim ishga tushadi.
«Kichik va o‘rta biznes to‘g‘risida»gi qonun loyihasi tayyorlanadi, bundan tashqari litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibida jiddiy o‘zgarish kutilmoqda. Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ruxsatnomalar soni 2−3 baravarga kamayishi lozim.
«Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti a’zolariga „jinoiy uyushma“ degan ayblov qo‘yib, ularga og‘ir jazo tayinlash kabi allaqachon umrini o‘tab bo‘lgan tartiblarni bekor qilish vaqti yetdi. Buning oqibatida yuzlab tadbirkorlar qanchadan-qancha aziyat chekib, moddiy zarar ko‘rayotganlarini inobatga olsak, bu o‘zgarishlarning qanday katta ahamiyatga ega ekani yaqqol ayon bo‘ladi», — dedi prezident.
Shunga muvofiq, Oliy sud, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi 2020 yil 1 aprelgacha ana shu masalalar bo‘yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqishi lozim.
Qishloq xo‘jaligida kutiladigan o‘zgarishlar
Paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinadi. Kelgusida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ko‘rsatma berish, resurslarni taqsimlash, reja belgilash kabilardan voz kechiladi. Agrar sohaning boshqa sohalariga ham arzon kreditlar ajratilishi yo‘lga qo‘yiladi. Shundan keyin, joriy yilda 2 milliard AQSH dollariga teng, kelgusi 5−7 yilda esa bundan 3−4 baravar ko‘p meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilmoqda.
Agrar sektorda barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun «Kooperatsiya va klasterlar to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilinadi. Shu yilning o‘zida 44 ming ga yer maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladi.
Murojaatnomada ta’kidlangan turizm sohasi bo‘yicha
2020 yilda O‘zbekistonda 7,5 million xorijiy sayyoh tashrif buyurishiga erishish ko‘zlanmoqda. Ziyorat va an’anaviy turizm rivojlanishi mumkin bo‘lgan marshrutlardagi ob’ektlar soni 800taga yetkaziladi. Joriy yilda yangi va zamonaviy mehmonxonalarni qurish uchun 200 milliard so‘m davlat subsidiyasi ajratiladi.
Islohotlar samaradorligi quyidagi to‘rtta omilga bog‘liq ekani aytildi:
qonun ustuvorligi;
korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash;
institutsional salohiyatni yuksaltirish;
kuchli demokratik institutlarni shakllantirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasi menda katta taassurot qoldirdi. Chunki, Saylov Kodeksi kuchga kirgandan so‘ng saylangan parlament, shuningdek Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi marta tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasi a’zolari oldida qilingan Murojaatnoma ilk marotaba to‘g‘ridan-to‘g‘ri televideniyaning barcha kanallarida uzatildi. Buni O‘zbekistondagi ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik islohotlarining yaqqol natijasi sifatida ko’rish mumkin.
Murojaatnomada 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar xususida so‘z bordi. Eng muhimi, Davlatmiz rahbari barcha davlat hokimiyati organlari oldida turgan dolzarb va muhim vazifalarga to‘xtalib, ularni hal etish mexanizmini ochib berganligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Fikrimizcha, ushbu Murojaatnoma tarixda o‘z o‘rniga ega bo’ladi. Negaki, qo‘yilgan vazifalar hozirgi zamon bilan hamnafas, ko‘p yillardan beri xalqimizni o‘ylantirib-qiynab kelayotgan muammolarni hal etishga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonda xalq manfaati har narsadan ustunligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda ilm-ma’rifat orqali barcha sohalarni rivojlantirayotgan davlatlargina taraqqiyotga erishayotgani hech kimga sir emas. Shu nuqtai nazardan, bolalarni tarbiyalashdan iqtisodiyotni rivojlantirishga qadar bo‘lgan barcha islohotlarda ilm-fan yutuqlariga tayanilsagina, yuksak maqsadlarga erishish mumkinligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun, turli sohalardagi fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun grant mablag‘lar ajratish mexanizmini takomillashtirish hamda ilm-fan yutuqlarining elektron maydonini yaratish, zamonaviy ishlanmalar bazasini shakllantirish muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Respublikamizda axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish sohasida tizimli ishlar qilinmoqda. Lekin shiddat bilan rivojlanayotgan davrda zamon bilan hamnafas bo‘lish uchun doimiy izlanish, yangilikga intilish va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. Bu avvalam bor, iqtisodiyotimizni yangi asoslarda taraqqiy ettirish, uning barcha sohalariga axborot texnologiyalarini joriy etish va shu asosida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni taqozo etadi.
Prezidentimiz ta’kidlab o’tganlaridek, buning uchun yosh kadrlarni tarbiyalash, “bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlanishi davlat boshqaruv tizimida zamonaviy usullarni qo‘llashga, byurokratik boshqaruvdan butkul qutilishga xizmat qiladi.
Respublikamiz hududlarida “IT park”larning tashkil etilishi kelajakda barcha sohalarda “raqamli asosda” davlat xizmatlari ko‘rsatishidan darak beradi. Shu bilan birga, dunyo bozorlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni, shu jumladan, dasturiy mahsulotlarni elektron maydonlar orqali sotish imkoniyatini yaratadi hamda xizmat ko‘rsatish eksportini o‘sishiga olib kelishi shubhasizdir.
“O‘zagrosug’urta” AJ tizimida axborot texnologiyalarni rivojlantirish, aholimizga, birinchi navbatda, yoshlarga, tadbirokor va fermerlarimizga elektron xizmat ko‘rsatish masalasiga alohida e’tibor berilmoqda. Misol uchun, 2020 yilda Jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifalar qatoriga sug‘urta xizmatlarini elektron asosda amalga oshirish, barcha hisobotlarni qog‘oz shaklidan voz kechib, ularni elektron dastur asosida shakllantirish va umumlashtirish, xalqaro standartlar asosida buxgalteriya va moliya hisobotlariga o‘tish masalalari shular jumlasidandir. Bundan tashqari, Jamiyat tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan yosh mutaxassislarni chet ellarda o‘qitish va malakasini oshirish 2020 yilgi ustuvor vazifalarimizdan hisoblanadi.
O‘ylaymizki, Murojaatnomada ta’kidlangan muhim vazifalar, xususan, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni ko‘paytirish kabi muhim vazifalarini amalga oshirishda “O‘zagrosug‘urta” AJ o’z hissasini qo‘shadi.
Davlat boshligʻining parlamentga murojaatnomasi – muhim dasturiy siyosiy-huquqiy hujjat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasida “Demokratik islohotlar yoʻli – biz uchun yakkayu yagona va eng toʻgʻri yoʻldir” deb taʼkidladi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan nufuzli anjumanda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari, ilmiy va diplomatik doiralar, xalqaro tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Prezident Murojaatnomasi: dunyo tajribasi va milliy amaliyot
Davlat boshligʻining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir.
Birinchidan, Murojaatnomada Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yoʻnalishlar boʻyicha nuqtayi nazari bayon qilinadi.
Ikkinchidan, Murojaatnoma siyosiy, iqtisodiy, gʻoyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflarni ham oʻzida aks ettiradi.
Uchinchidan, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari boʻlinishi prinsipini taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy institutdir.
Jahon parlamentarizmi amaliyotiga koʻra, bunday murojaatnomalarda, bir tomondan, Prezident yakuniga yetgan yilda davlat hokimiyati organlari erishgan yutuq va natijalar haqida hisobot beradi. Ikkinchi tomondan esa, mamlakat rahbari yangi kirib kelayotgan yilda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar, yaʼni amaliyot dasturini taqdim etadi.
Dunyo miqyosida olib qaralganda, davlat boshligʻi tomonidan parlamentga Murojaatnoma taqdim etilishi tarixi olis XIII asrga borib taqaladi. Shu tariqa 800-yildan ortiq tarixga ega ushbu davlat-huquq anʼanasiga Buyuk Britaniya Qiroli (Qirolichasi)ning parlament huzurida shohona nutq soʻzlashi – “Kingʻs/Queenʻs speech” tantanasi ilk namuna vazifasini oʻtagan.
Shundan beri Buyuk Britaniya parlamentining har galgi yangi sessiyasi Qirol yoki Qirolichaning ana shunday “shohona nutqi” bilan boshlanishi huquqiy odatga aylangan. Bunday nutq, odatda, parlamentning yaqin kelajakdagi qonun ijodkorligi faoliyati yuzasidan Hukumat tavsiya etgan dastur hisoblanadi. Bu dasturning parlament tomonidan tasdiqlanishi amaldagi Hukumatga ishonch votumi bildirilgani bilan tengdir.
Amerika Qoʻshma Shtatlarida ham Prezidentning Kongress huzurida har yili Murojaatnoma bilan chiqishi anʼanasi mavjud. Bu anʼanaga 1790-yili, yaʼni bundan 217-yil ilgari AQSHning birinchi Prezidenti Jorj Vashington oʻzining Nyu-Yorkda, parlament minbaridan soʻzlagan batafsil nutqi bilan asos solgan.
Shu oʻrinda Qoʻshma Shtatlarda bu huquqiy anʼanaga zid holatlar yuz berganini ham aytib oʻtish lozim. Gap shundaki, 1801-yilda oʻsha paytdagi AQSH Prezidenti Tomas Jefferson demokratik respublikaga bunday “monarxcha udumlar” mos kelmaydi, deya hisoblagan va oʻz Murojaatnomasini Kongressga maktub shaklida yoʻllagan.
Maktub shaklidagi Murojaatnoma yoʻllash anʼanasi yuz yildan ziyod davom etgach, 1913-yilda Prezident Vudro Vilson tashabbusi asosida Kongressga Murojaatnoma bilan nutq soʻzlash amaliyoti qayta tiklangan. Albatta, XX asrning ikkinchi yarmiga qadar ham AQSHda ayrim Prezidentlar Kongressga oʻz Murojaatlarini baʼzan yozma ravishda yuborib turgan. Jimmi Karter ayni shunday yoʻl tutgan oxirgi Prezident hisoblanadi.
Oʻsha davrda AQSHda bu Murojaatnomalar “Prezidentning Kongressga yillik murojaati”, degan nom bilan yuritilgan. Franklin Ruzvelt 1935-yili joriy etgan oʻzgartirishlar asosida AQSH Prezidentining Kongress huzurida soʻzlaydigan har yilgi nutqi endilikda “Mamlakatdagi holat toʻgʻrisida” (State of the Union Adress), deb nomlanadi.
AQSH Prezidentining Kongressga har yilgi Murojaatnomasi quyidagi oʻziga xos jihatlarga ega.
Birinchisi. Prezident, odatda, qachon parlament huzurida Murojaatnoma bilan nutq soʻzlaydi?
Bu boradagi AQSH amaliyotiga koʻra, dastavval, Qoʻshma Shtatlar Prezidenti Kongress huzurida dekabr oyida Murojaatnoma bilan chiqish qilgan. Ammo, 1933-yili AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 20-qoʻshimcha asosida Kongressning har yilgi ish boshlash davri mart oyidan yanvarga koʻchirilgani munosabati bilan mazkur muhim rasmiy tadbir yanvar yoki fevral oyida oʻtkaziladigan boʻlgan.
Hozirgi kunda AQSH Prezidenti, qoidaga koʻra, har yili yanvar oyining oxirgi seshanbasida – yangi saylangan Prezident esa fevral oyining yakunida – Kongress huzurida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Ayni chogʻda, aniq belgilangan reglamentning mavjud emasligi tufayli bu muddat oʻzgarib ham turadi. Masalan, AQSH Prezidentining 2008-yildagi Murojaatnomasi yanvarning oxirgi dushanbasida taqdim etilgan edi.
Ikkinchisi. Davlat rahbari aynan qayerda Murojaatnoma bilan nutq soʻzlaydi?
Buyuk Britaniya tajribasiga qaraganda, Qirolichaning nutqi Hukmdor tomonidan mamlakat parlamenti binosida, yangi sessiyaning rasmiy ochilish marosimida oʻqib eshittiriladi. AQSHda ham bu rasmiy tadbir parlamentning Vakillar palatasi binosida boʻlib oʻtadi. Bunda Prezident odatda Spikerning minbaridan turib nutq soʻzlaydi.
Uchinchisi. Prezident kimlarning oldida Murojaatnomasini taqdim etadi?
AQSHda Prezident parlament palatalarining qoʻshma majlisida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Bu tadbirda Vakillar palatasining 435 nafar deputati va yuqori palataning 100 nafar senatori ishtirok etadi. Prezident Murojaatnomasining parlament palatalari qoʻshma majlisida tinglanishi – ushbu rasmiy davlat-huquqiy tadbirining mamlakat hayotida gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Prezident Murojaatnomasi taqdim etiladigan qoʻshma majlisda, shuningdek, AQSH Oliy sudi sudyalari, vazirlar, Shtab boshliqlari birlashgan qoʻmitasining aʼzolari hozir boʻladi.
Toʻrtinchisi. Prezident Murojaatnomasini ommaviy axborot vositalarida yoritish borasida qanday tajriba toʻplangan?
Bu savolga javob berish uchun yana AQSH amaliyotiga tayanamiz. Prezident Jon Kuoijning 1923-yilgi Murojaatnomasi jahonda ilk bor radio toʻlqinlari yordamida tarqatilgan shunday muhim hujjatdir. Garri Trumenning 1947-yilgi nutqi esa birinchi marta televizorda namoyish etilgan Prezident Murojaatnomasi hisoblanadi.
Oʻz navbatida, 1965-yili AQSH Prezidenti Lindon Jonson kunning kechki qismida Murojaatnoma bilan Kongressda nutq soʻzlagan. Hozirgi vaqtgacha kuchda boʻlgan bu amaliyotdan koʻzlangan maqsad, albatta, Prezident Murojaatnomasi mazmunidan imkon qadar koʻproq kishilarni ommaviy axborot vositalari orqali bevosita xabardor qilishdan iborat. Bill Klintonning 1997-yilda Kongressda soʻzlagan nutqi ilk marotaba Internet tarmogʻi orqali eʼlon qilingan Murojaatnomadir.
Bugungi kunda AQSH Prezidentining Murojaatnomasi televideniye orqali toʻgʻridan-toʻgʻri olib koʻrsatiladi va Oq uy maʼmuriyatining maxsus saytida (http: //www.whitehouse.gov) onlayn rejimida uzatiladi. Shu bilan birga, Murojaatnomaning toʻliq matni ham oʻsha saytda eʼlon qilinadi.
AQSHning bu sohadagi huquqiy amaliyotidan koʻproq misollar keltirayotganimizning sababi shundaki, Qoʻshma Shtatlar ayni yoʻnalishda katta ijobiy tajriba toʻplagan. Binobarin, Amerika Konstitutsiyasi Prezidentga ham, Kongressga ham bir-birini hisobga olmagan holda oʻta muhim qarorlarni qabul qilishiga va mamlakatni boshqarishiga yoʻl bermaydi. Bunda ularning oʻzaro kelishuv, hamkorlik va hamjihatlik, yaʼni konstitutsiyaviy “oʻzaro bir-birini tiyib turish” prinsipi asosida ish olib borishi talab etiladi.
AQSH Konstitutsiyasining II moddasi, 3-boʻlimiga muvofiq, Prezident vaqti-vaqti bilan ittifoq ahvoli toʻgʻrisida Kongressga hisobot berib turadi hamda oʻzi zarur va maqsadga muvofiq deb hisoblagan chora-tadbirlarni koʻrib chiqish uchun Senatga taqdim etadi. Amerikaliklarning bu davlat-huquqiy tajribasi keyingi davrda boshqa davlatlarda ham keng ommalashmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti har yili Federal Majlis huzurida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Bu haqda soʻz borganda, sobiq sovet ittifoqi siyosiy hayotida, SSSR Prezidenti lavozimi taʼsis etilguniga qadar, parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti umuman mavjud boʻlmaganini qayd etish lozim.
Bunday holat, hoynahoy, sovetlar siyosiy-huquqiy amaliyoti hokimiyat vakolatlarining boʻlinishi nazariyasini tan olmaganligi bilan bogʻliq. SSSR Prezidenti instituti joriy etilgach, Konstitutsiyaga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan boʻlishiga qaramay, ushbu lavozimni qisqa fursat egallab turgan M.Gorbachyov ayni normalarni amaliyotda toʻlaqonli qoʻllab ulgurmagan.
Rossiyada davlat boshligʻining qonun chiqaruvchi oliy organga Murojaatnoma bilan chiqishiga doir norma ilk bor 1991-yil 24-aprelda qabul qilingan “RSFSR Prezidenti toʻgʻrisida”gi qonunda (5-moddaning 3-bandi) oʻz aksini topgan boʻlsa-da, 1993-yili amaldagi Rossiya Konstitutsiyasi kuchga kirganidan keyin mazkur amaliyot har yilgi anʼana tusini oldi. Rossiya Prezidenti B.Yelsin Federal Majlisga birinchi Murojaatnomasini 1994-yil 24-fevralda taqdim etgan.
Hozirgi vaqtda davlat boshligʻining parlamentga Murojaatnoma taqdim etishi instituti bir paytlar sobiq ittifoq tarkibida boʻlgan va bugun mustaqil taraqqiyot yoʻlidan borayotgan qator mamlakatlarda amal qilmoqda. Belarus, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston shular sirasiga kiradi. Ushbu davlatlar safiga endi Oʻzbekiston ham qoʻshildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston taraqqiyotining eng muhim ustuvor vazifalari toʻgʻrisidagi uchinchi Murojaatnomasini taqdim etgan nufuzli majlis Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining 4 ta teleradiokanali, 5 ta telekanali hamda 12 ta hududiy teleradiokompaniya, shuningdek, 5 ta nodavlat telekanal hamda Prezidentning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, internetdagi tegishli saytlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi. Aholining barcha qatlamlarini qamrab olish maqsadida Murojaatnoma surdo tarjima bilan, shuningdek, rus va ingliz tilidagi tarjimalari bilan efirga uzatildi.
Bularning barchasi Oʻzbekistonda qisqa muddat – atigi 3 yil ichida davlat boshligʻining parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti eng ilgʻor xalqaro tajribalarga xos va mos ravishda yoʻlga qoʻyilganidan dalolatdir.
Uchinchi Murojaatnomaning alohida xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasining quyidagi oʻziga xos xususiyatlarini koʻrsatish mumkin.
Birinchi xususiyati: ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy voqeaning avvalgilaridan farqli jihati shundaki, mamlakatimiz rahbari bu galgi Murojaatnomani milliy parlamentning yangilangan tarkibiga taqdim etdi. Qoʻshma majlisda oldingi chaqiriq deputatlari ham qatnashdi.
Ikkinchi xususiyati: Murojaatnomada dastavval 2019-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga boʻlib oʻtgan saylovlar haqida soʻz bordi.
Prezidentimiz mamlakat tarixida ilk bor qabul qilingan Saylov kodeksi asosida, “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan bu muhim siyosiy tadbir jarayonlarini xolis, haqqoniy baholab, fuqarolik jamiyati qurish yoʻlida bergan tavsiyalari uchun xalqaro kuzatuvchilarga butun xalqimiz nomidan minnatdorlik bildirdi. Nufuzli xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalaridan keyingi saylovlarda albatta foydalanamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Uchinchi xususiyati: Murojaatnomada 2019-yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” yakunlari sarhisob qilindi. Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha keyingi uch yil davomida amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida ham atroflicha soʻz yuritildi.
Bunga qadar birinchi Murojaatnomada 2017-yil – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, Ikkinchi Murojaatnomada esa 2018-yil – “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” yakunlari chuqur tahlil qilingan.
Toʻrtinchi xususiyati: mamlakatimizni 2020-yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalish va vazifalar belgilab olindi.
Bungacha Murojaatnomada Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosan yaqin bir yillik eng muhim vazifalarini belgilash amaliyoti qoʻllanilgan.
Shunday qilib, dunyo tajribasi bilan qiyoslaganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnoma taqdim etishi timsolidagi mazkur siyosiy-huquqiy tadbir bu boradagi eng ilgʻor xorijiy amaliyotga nafaqat mos va mutanosib, balki namuna boʻladigan yaxshi anʼanaga aylandi, deyishga barcha asoslarimiz bor.
Xalqaro eʼtirof-2019: Oʻzbekiston – Yil mamlakati
Murojaatnomada qayd etilganidek, oʻtgan yili mamlakat hayotining barcha sohalarida ijobiy natijalar qoʻlga kiritildi. Investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.
Ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018-yilga nisbatan – 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar oʻsdi. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.
Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.
Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yoʻl qurilishi, qishloq va suv xoʻjaligi, ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi. Sanoatning 12 ta yetakchi tarmogʻida modernizatsiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda. Natijada oʻtgan yili iqtisodiy oʻsish 5,6 foizni tashkil etdi.
Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga koʻpaydi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019-yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.
Qishloq xoʻjaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi oʻrganish va izlanishlar davom etmoqda. Sohaga ilgʻor texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.
Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga, barcha imkoniyatlar safarbar etilayapti. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion soʻm kreditlar ajratildi.
Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobar kamaytirildi. Natijada rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 ming nafarga koʻpaydi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan oʻtgan yili soliq toʻlovchilar ixtiyorida 2 trillion soʻm qoldi. Joriy yilda bu raqam 11 trillion soʻmni tashkil etishi kutilmoqda.
Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablagʻ qolishi, albatta ularga oʻz bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Islohotlarimiz natijasida oʻtgan yili 93 mingta yoki 2018-yilga nisbatan qariyb 2 barobar koʻp yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.
Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida Oʻzbekiston 7 pogʻona koʻtarilib, biznesni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-oʻrinni egalladi va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldi.
Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida oʻtgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2016-yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar koʻp demakdir.
Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani toʻliq toʻlash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar koʻpaytirildi.
Sogʻliqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda, xususiy tibbiyot yoʻnalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga koʻpaytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli oʻtgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bunga 6,1 trillion soʻm yoki 2018-yilga nisbatan 1,5 trillion soʻm koʻp mablagʻ sarflandi.
Qishloq joylarida 17 ming 100 ta, shaharlarda 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016-yilga nisbatan salkam 3 barobar koʻp arzon va shinam uylar qurildi. Kam taʼminlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard soʻmdan ziyod boshlangʻich badal toʻlab berildi.
Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali Oʻzbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb eʼtirof etdi.
2020-yil – “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”
Keyingi yillarda mamlakatimiz taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarini isloh qilishga kirishildi. Xususan, 2019-yilda mutlaqo yangicha mazmun va shaklda 4 ta Prezident maktabi, 3 ta ijod maktabi ish boshladi.
Oliy taʼlimni rivojlantirish uchun oʻtgan yili 19 ta yangi oliy oʻquv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitet filiallari ochildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Oliy taʼlim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016-yilga nisbatan ikki barobar koʻp talaba oʻqishga qabul qilindi.
“Yosh bolalarni koʻrib havasingiz keladi, ularga bugun biz sharoit yaratmasak, boshqa davlat yaratib beradi. Ular albatta boshqa davlatga ketib boshlagan va buni toʻxtatishimiz kerak va bilimli yoshlarimizga sharoitlar yaratishimiz shart. Soha uchun xorijiy hamkorlarimiz bilan birga bir million, bir ming emas, shuni alohida aytaman, bir million dasturchi tayyorlanadi. 3-4 yilda katta natija boʻladi. Ular sohalarga kiradi. Istaymizmi yoʻqmi, islohotlarni tezlashtirishga turtki boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Buning uchun tashabbuskor boʻlib maydonga chiqadigan yangi avlod kadrlarni tarbiyalash zarur. Strategik fikr yuritadigan malakali kadrlar kerak. Shuning uchun bogʻchadan boshlab taʼlimning barcha boʻgʻinlarida taʼlim sifatini oshirish darkor.
Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining saviyasini oshirish lozim. Zero, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, bizga ilm-maʼrifat va yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va, albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi.
Saylovlar Oʻzbekistonning xalqaro imijini koʻtardi
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, saylovlar xalqimiz uchun sinov va xalqaro hamjamiyat oldida katta siyosiy imtihon boʻldi. Bu fikrning tasdigʻi sifatida hayotiy bir misol keltirmoqchimiz.
Gap shundaki, oʻzining 25 yillik faoliyati davomida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan YEXHTga aʼzo 50 dan ortiq davlatda qariyb 400-marta Prezident, parlament va mahalliy organlar saylovlarining monitoringi oʻtkazilgan.
Oʻzbekistonda keyingi 20 yil mobaynida YEXHT tomonidan 8 marotaba saylovlar monitoringi amalga oshirilgan. Shundan 3 tasi Prezident saylovi va 5 tasi parlament saylovlariga taalluqlidir.
Eng muhimi, yaqinda boʻlib oʻtgan mamlakatimiz parlamenti saylovlarida ilk bor YEXHTning toʻlaqonli missiyasi tomonidan kuzatuv amalga oshirildi va MDHga aʼzo davlatlarda oʻtkazilgan saylovlar ichida eng yuqori baholandi. Boshqacha aytganda, ushbu saylovlar dunyoga yangi Oʻzbekistonni namoyon etdi.
Yangi Saylov kodeksi asosida boʻlib oʻtgan ushbu saylovlar biz uchun katta siyosiy imtihon boʻldi. Mamlakat ichida: xalqimiz islohotlarimizga oʻz munosabatini bildirdi. Xalqaro miqyosda jahon hamjamiyati yangi Oʻzbekistonga yuqori ijobiy baho berdi.
Saylovlar Oʻzbekistonning xalqaro imijini koʻtardi. Jahon aro doʻstu hamkorlarimiz oldida obroʻ-eʼtiborimiz yanada yuksaldi.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimiz bu sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtdi. Saylov natijalari, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning orzu-intilishlarini ifoda etib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochib berishga qaratilgani bilan biz uchun juda muhimdir.
Saylovlarning oʻziga xos xususiyatlaridan biri – gender masalasi bilan bogʻliq. Yaʼni, ilk marotaba Oʻzbekiston parlamentida ayollar soni boʻyicha BMT tavsiyalari (kamida 30 foiz) toʻliq bajarildi.
Qonunchilik palatasiga 32 foiz ayol-deputatlar saylangani, oʻz navbatida, dunyodagi 190 parlament ichida Oʻzbekiston parlamentining 37-oʻringa koʻtarilishini taʼminladi. Bundan atigi besh yil ilgari, 2014-yilda bu koʻrsatkich boʻyicha mamlakatimiz 128-oʻrinda edi.
Yoshlar masalasi, chindan ham, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Qonunchilik palatasiga 30 yoshgacha boʻlgan 9 nafar deputat (6 foiz) saylangani ham buning yorqin tasdigʻidir. Shunday qilib, bugun parlamentimiz quyi palatasi tarkibining 6 fozini yoshlar tashkil etmoqda. Jahon miqyosida bu koʻrsatkich atigi 2 foizga yetadi, xolos.
Birgina shu raqamlarning oʻzi ham yurtimiz ayollari jamiyatda oʻzlarining haqiqiy oʻrnini egallab borayotganidan dalolat beradi. Binobarin, xotin-qizlar va yoshlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama taʼminlash Oʻzbekiston Prezidenti olib borayotgan adolatli siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridandir.
Murojaatnomada taʼkidlanishicha, 2020-yilda 5,5 ming xotin-qizning kichik biznes loyihalariga 100 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit beriladi. Buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratiladi. Bundan tashqari, 1 ming 576 xotin-qizga yangi uy-joyga ega boʻlishi uchun byudjet hisobidan boshlangʻich badal toʻlab beriladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa oʻquv kurslarida oʻqitish tashkil etiladi, dedi davlatimiz rahbari.
Murojaatnomada, shuningdek, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash boʻyicha yagona koʻrsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholashning milliy indeksini joriy etish kerakligi qayd etildi.
Bularning barchasi, oʻz navbatida, joriy yilda xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi pogʻonaga koʻtarilganini yana bir bor tasdiqlaydi.
“Har bir inson Oʻzbekistonda adolat hukm surayotganiga toʻla ishonch hosil qilishi kerak”
Maʼlumki, 2019-yil sentyabrda BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan yurtimizda rasmiy tashrif bilan boʻldi. Oʻshanda Diyego Garsiya-Sayan dastlabki tavsiyalarini berdi.
Beshinchidan, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilgan. Bu institut qonun loyihalarini tayyorlashda, ularni muhokama qilishda, qabul qilingan qonunlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda parlament aʼzolariga haqiqiy yordamchi boʻlishi lozim.
Oltinchidan, qonun ijodkorligi faoliyatiga ilmiy-innovatsion omilni keng joriy etish ham bundan keyin quyi palataning muhim vazifasi boʻlib qolishi kerak.
Bugungi kunda Oʻzbekistonimiz oʻz taraqqiyot yoʻlidan jadal ilgarilab bormoqda. Oʻtgan uch yil davomida amalga oshirgan islohotlarimiz dastlabki samaralarini bera boshladi. Jahon hamjamiyatida Oʻzbekistonga qiziqish va eʼtibor, mamlakatimizning kuch va imkoniyatlariga, uning kelajagiga boʻlgan ishonch tobora ortib bormoqda.
Bu, oʻz navbatida, taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish, koʻzlagan maqsadlarimizga yetish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Shunday ekan, bagʻrikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ishonchiga sazovor boʻlgan har birimiz oʻz joyimizda bu yuksak ishonchni amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki, eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir”.
Xulosa qilib aytganda, davlat boshligʻining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir.
Murojaatnomada, birinchidan, Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yoʻnalishlar boʻyicha nuqtayi nazari bayon qilindi;
ikkinchidan, siyosiy, iqtisodiy, gʻoyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflar ilgari surildi;
uchinchidan, u jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari boʻlinishi prinsipini taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy institut sifatida namoyon boʻldi.
Oʻzbekiston Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasini keng jamoatchilikka havola qildi. Agar ushbu muhim siyosiy-huquqiy tadbir televideniye kanallari va internet tarmogʻi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etilganini hisobga olsak, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi nafaqat milliy parlament aʼzolariga, balki butun Oʻzbekiston xalqiga bevosita murojaat sifatida yanada ahamiyatlidir.
Akmal SAIDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari
Do'stlaringiz bilan baham: |