IJOBIY BAHO IFODALOVCHI O`ZBEK XALQ MAQOLLARINING
PRAGMATIK TAHLILI
Aminova Amira O`lmas qizi
BuxDU Lingvistika (o`zbek tili) II bosqich magistranti
Annotatsiya. Ushbu maqolada shaxs xarakter-xususiyatini tavsiflovchi o`zbek
xalq maqollarida ijobiy bahoning ifodalanishi borasidagi fikrlar bayon etilgan.
Shuningdek, bu turdagi o`zbek xalq maqollarning pragmatik tahlili keltirilgan.
Kalit so`zlar: maqol, baho, ijobiy baho, pragmatik tahlil, pragmema, subyektiv
baho.
Tinglovchida o`z fikrini uyg`otish, unda ijobiy munosabatni yuzaga keltirish
uchun murojaatda insonni sharaflovchi, maqtov, olqish ifodalovchi birliklardan
foydalaniladi. O`zbek xalq maqollari tarkibida yaxshi insonga ishora qiluvchi
maqollar borki, ular tinglovchiga xush yoqadi: ―Yaxshi odam qarisa ham so`zi
aynimas, Yaxshi ot qarisa ham, yurishi aynimas‖, ―Echkining yog`i bo`lmas,
Yaxshining — dog`i‖, ―Yaxshi otga qamchi kerakmas, Yaxshi qizga — sovchi‖,
―Yaxshi xunuk libos bilan ham yaxshi‖, ―Yaxshi yurgan yerida,Tinchlik solar
eliga‖. Ijobiy baho munosabati maqollar ishtirokida ifodalanganda ta‘sirchanlik
yanada ortadi. Masalan, ―ilmlilik‖, ―donolik‖, ―g`ayratlilik‖ni ko`rsatuvchi ―Ilmli
odam — ilikli suyak‖, ―Ilmlining so`zi — o`q‖, ―Buloqning suvi tiniq, Dononing
— suhbati‖, ―Dono aytsa, el aytgani, Elning g`amin yeb aytgani‖, ―Dono durdan
a‘lo‖, ―Dono naqli — hayot aqli‖, ―Dono qarisa ham, donoligi qarimas‖,
―Ma‘rakaga dono aralashsa, Tuzilmay qolmas‖, ―Ma‘rakada topib gapirgan —
dono, O`zini tutib o`tirgan ham — dono‖, ―G`ayratlidan ilon qochib qutulmas‖,
―G`ayratlidan quyon qochib qutulmas‖ maqollarida ijobiy baho munosabatini
badiiyroq, kuchliroq aks ettirishga xizmat qiladi. Shuningdek, muloqotning
samarali kechishi uchun ijobiy baho ifodalovchi maqollardan ko`proq foydalanish
lozim. To`g`rilik ma‘nosi bilan bog`liq barcha maqollarda ijobiy baho ifodalanadi.
―To`g`riso`zlik‖, ―to`g`ri ko`ngillilik‖, ―ishni to`g`ri bajarish‖ va boshqa
tushunchalar bilan bog`liq ―Boshingga qilich kelsa ham, To`g`ri so`zla‖, ―To`g`ri
so`zlagan odam tug`ishganingdan afzal‖, ―Dili to`g`rining yo`li to`g`ri‖, ―To`g`ri
boshni egri qilich kesmas‖, ―To`g`ri devor uzoqqa chidar‖, ―To`g`ri yo`l — el
yo`ldoshi‖ maqollari shular jumlasidandir. ―Olimlik‖ xususiyatiga baho beruvchi
maqollarda ko`proq olim odamning dono so`zlashi, kamgapligi bilan bog`liq fikr
mavjud: ―Olim so`zi oz, Oz bo`lsa ham soz‖, ―Olim aytgani — olam
aytgani‖.‖Ahillik‖, ―inoqlik‖, ―totuvlik‖ tushunchalarini ifodalovchi ―Og`a-ini
totuv bo`lsa, ot ko`p, Opa-singil totuv bo`lsa, osh ko`p‖, ―Og`a-ini totuv bo`lsa,
Tog`ni talqon qilar‖, ―Opa-singil totuv bo`lsa, Uyni bo`ston qilar‖, ―Egachi-singil
inoqligi — oilaning quvnoqligi‖, ―Ko`pning qo`li ko`kka yetar‖ maqollarida ham
ijobiy baho ifodalanadi.
―Chaqqon‖, ―ishbilarmon‖, ―uddaburon‖ pragmemali ―Chaqqon chora topar,
Beparvo — bahona‖, ―Daryo chopar, Chaqqon topar‖, ―Uddaburon o`rgimchakka
shoyi to`qitadi‖, ―Uddaburon qurbaqaga taqa qoqadi‖, ―Uddaburon maymunga
bo`yra to`qitadi‖, ―Uddaburon ajdarga yer haydatadi‖, ―Epini topgan – elak bilan
suv ichar‖, ―Epini topgan ikki oshar‖, ―Yetuk kishi qo`li bilan quyon tutadi‖,
―Cho`ponning chaqqoni takadan sut sog`adi‖ kabi maqollarda maqtov, olqish,
o`zgalardan ustun qo`yish kabi ijobiy ma‘nolar reallashadi. Kamtar, sabrli,
mehnatsevar kishilarga subyektiv baho ifodalashda ―Sabrli kishining ishi soz‖,
―Sabrli qul murodiga yetar‖, ―O`ttiziga chidagan o`ttiz biriga ham chidar‖,
―Kamtar kerilmaydi, Mol-dunyoga berilmaydi‖, ―Beli bog`liqning dili bog`liq‖,
―Ishlagan xor bo`lmas‖, ―Ishsevarni el sevar‖, ―Mol boqqanning barmog`idan moy
tomar‖ kabi maqollardan foydalanadilar.
―Erta ekkan erta yig`ar‖ maqolida so`zlovchining ma‘lum shaxs
bajarayotgan harakatiga qo`shimcha baho berishda qo`llanilib, barvaqt boshlangan
ishning samarasi haqida gap ketganda ham ishlatiladi. ―Mehri borning sehri bor‖,
―Mehrli odam — sevimli‖ maqollarida samimiy ijobiy baho sezilib turadi.
―Hushyorni yov bosmas, Yov bossa ham dov bosmas‖ maqolida hushyor
odamlarning xususiyati ifodalanib, unda ijobiy baho sezilib turadi. Shaxslararo
muloqot jarayonida so`zlovchi o`z foydasini unutmaydi, u o`z shaxsiy qimmatini
ko`rsatishga, o`zi bajarayotgan ishning to`g`riligini isbotlashga harakat qiladi.
Jumladan, ehtiyotkorlik bilan ish tutuvchilar o`zlariga nisbatan ―Oshiqmagan
aravali quyonga yetibdi‖, ―Oshiqmagan ovchi humo ovlar‖, ―Shoshmagan er
oqqush tutar‖ maqollarini qo`llaganda o`zlarini hali ko`p ishlar qilishga
qodirliklarini, ehtiyotkorliklari ketidan katta narslarga ega chiqishlarini
ta‘kidlamoqchi bo`ladilar.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, shaxs xarakter-xususiyatini
tavsiflovchi o`zbek xalq maqollarida ijobiy baho ifodalanadi va bu mulooqt
jarayonining samarali kechishiga, hurmat tamoyilining ta‘minlanishiga xizmat
qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati:
1.Вольф Е.М. Функциональная семантика оценки – М.: Наука. 1985. -227 с.
2.Жўраева Б.М. Ўзбек халқ мақоллари шаклланишининг лингвистик асослари
ва прагматик хусусиятлари: Филол. фан. док. дис. автореф. — Самарқанд
2019. —74 б.
3.Ҳакимов М. Ўзбек прагмалингвистикаси асослари. Т.:Академнашр, 2013, -
91 бет.
4.Пардайев З. Нутқ инновацияси ва уларда баҳо муносабатининг
ифодаланиши (сифат лексемалар асосида)// Ўзбек тили ва адабиёти. –
Тошкент, 2009. № 1. –Б. 105-108.
5.Qambarov G‗. S. Baho munosabati va uning o‗zbek tilida ifodalanishi
(shaxslararo munosabat asosida): Dis... filologiya fan. nomzodi: 10.02.02 /
O‗zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi
O‗zbekiston Milliy kutubxonasi. - Toshkent, 2008. - 125 b.