Poyezdlar tuzish rejasini ishlab chiqish tartibi Yuk poyezdlari quyidagi alomatlariga ko‘ra bo‘linadilar:
• tuzish sharoitlari;
• borishi mo‘ljallangan stansiyalariga qadar borish sharoitlari;
• tashiladigan yuk turi va harakatlanish tezligi;
• ular tarkibidan joy olgan vagonlar holatiga ko‘ra;
• harakatlanuvchi tarkibning tegishliligiga ko‘ra;
• poyezd tarkibidagi vagonlar guruhlari soniga ko‘ra;
• tortuv xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra.
Tuzish sharoitlariga ko‘ra yuk poyezdlari quyidagicha taqsimlanadilar:
• yuk ortish joylaridan kamida bitta texnik stansiyani PTRda ko‘zda tutilgan ishlov berishdan ozod qilgan holda tashkil qilingan marshrutlar;
• saralash, uchastka va yuk stansiyalarida yuk jo‘natuvchi ishtirokisiz tuziladigan poyezdlar.
Yuk ortish joyida tashkil qilingan marshrutlar ularni tashkillashtirish usuliga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadilar:
a) jo‘natma marshrutlar, umumiy bo‘lmagan foydalanishdagi temir yo‘lda yuk jo‘natuvchi, umumiy bo‘lmagan foydalanishdagi temir yo‘l egasi tomonidan ana shu umumiy bo‘lmagan foydalanishdagi yo‘llardan foydalanish shartnomasi yoki vagonlarni uzatish va olib ketish shartnomasi asosida tuziladigan;
b) jo‘natma marshrutlar, tashuvchi va yuk jo‘natuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq umumiy foydalanishdagi stansiya yo‘llarida (tashuvchi-infratuzilma egasiga tegishli) tuzilgan;
v) pog‘onali marshrutlar, yuki bir necha yuk jo‘natuvchi tomonidan bir stansiyada ortilgan vagonlardan tuzilgan;
g) shuning o‘zi, bir yoki bir necha yuk jo‘natuvchi tomonidan uchastka yoki temir yo‘l uzelining bir necha stansiyasida tuzilgan (uchastka pog‘onali).
Tarkibiga kiritilgan vagonlar tayinlanishiga ko‘ra marshrutlar quyidagi turlarga bo‘linadilar:
a) to‘g‘ridan-to‘g‘ri marshrutlar – yuk bitta borish stansiyasiga bir yoki bir necha yuk oluvchilar nomiga tashilganida (har bir yuk oluvchi nomiga boradigan vagonlar marshrut tarkibida alohida guruh tarzida bo‘lishi shart);
b) tarkibiy qismlarga (vagonlarga) ajratish uchun marshrutlar – PTR bo‘yicha tarkibiy qismlarga (vagonlarga) ajratiladigan stansiyalariga tashilganida;
v) tarqatilishni kutish marshrutlari – vagonlar boradigan manzili qo‘shimcha tarzda aniqlashtiriladigan (ya’ni yuk tushirish stansiyasi va yuk jo‘natuvchi ko‘rsatish) stansiya infratuzilmasi egasi bilan kelishilgan holda tashuvchi tomonidan belgilangan (shu jumladan yuk jo‘natuvchilar, yuk oluvchilar yoki operatorlar iltimosiga ko‘ra) holda tashilganida.
Qatnash shartlariga ko‘ra quyidagi marshrutlar ajratiladi:
a) doimiy tarkibli halqasimon, ular yuki tushirilganidan so‘ng yana o‘sha stansiyaga yoki mahalliy ishlash tumaniga takroran yuk ortish uchun qaytadilar;
b) texnologik marshrutlar, ular grafikning belgilangan chiziqlari bo‘yicha korxona-jo‘natuvchilar va yuk oluvchilar orasida yuklarning muntazam (ritmli) yetkazib berilishini talab qiladigan asosiy ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari bilan bog‘liq holda.
Tashuvchi tomonidan texnik yoki yuk stansiyalarida (yuk jo‘natuvchi ishtirokisiz) tuziladigan poyezdlar, o‘tib ketish shartlariga ko‘ra quyidagi turlarga ajratiladilar:
• o‘tib ketadigan (o‘tkinchi), bir yoki bir nechta uchastka yoki saralash stansiyalari orqali ishlov berishsiz qatnaydigan (texnik marshrutlar);
• uchastka, bir uchastka chegarasida qayta tuzilmagan holda o‘tib boradigan poyezdlar;
• terma – vagonlarni oraliq stansiyalarga tarqatish va ulardan yig‘ib olish uchun (zonali – bir uchastkaning bir necha oraliq stansiyalarida ishlash bilan; uzaytirilgan – ikki qo‘shni uchastkalarning oraliq stansiyalarida ishlash bilan; terma-uchastkali – bir necha uchastkalar bo‘ylab o‘tadigan (qatnaydigan), bir uchastkalarning oraliq stansiyalarida ishlab, boshqalaridan tranzit o‘tib ketadigan);
• olib chiqadigan – saralash yoki uchastka stansiyasidan qo‘shni uchastkaning alohida oraliq stansiyasigacha boradigan yoki ortga qaytadigan marshrutlar;
• uzatma – bir uzel tarkibiga kirgan stansiyalar oralig‘ida qatnaydigan poyezdlar (marshrutlar).
Tashiydigan yuk turi va harakatlanish tezligiga ko‘ra tez buziladigan yuklarni, jonivorlarni, konteynerlar va kontreylerlarni, alohida holatlarda esa – “O‘TY” AJ tomonidan alohida ajratib ko‘rsatiladigan boshqa zudlik bilan yetkaziladigan yuklar ortilgan vagonlarni tashish uchun mo‘ljallangan, marshrut bo‘yicha tezligi oshirilgan, vazn (og‘irlik) me’yori esa parallel (kamaytirilgan) va tezyurar poyezdlarni farqlaydilar. Ularni jo‘natish va o‘tkazib yuborish ana shu poyezdlar uchun belgilangan qat’iy (o‘zgarmas) grafik chiziqlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Tarkibdagi guruhlar soniga ko‘ra quyidagicha poyezdlar tuziladi:
• bir guruhli – bir stansiyaga (yuk tushirish yoki qismlarga ajratish) borishi mo‘ljallangan;
• guruhli – turli stansiyalarga, bir stansiyaning turli yuk oluvchilariga borishi mo‘ljallangan ikki yoki undan ortiq tanlab olingan vagonlar guruhlari yoki boshqa alomatlariga ko‘ra.
Guruhlar soni va ularning tarkibdagi joylashish tartibi PTR da belgilab beriladi.
Tarkibga kiritiladigan vagonlar holatiga ko‘ra quyidagicha yuk poyezdlari tuziladi:
• yuk ortilgan vagonlardan;
• bo‘sh vagonlardan – alohida, harakatlanuvchi tarkib turiga ko‘ra, sisternalardan;
• kombinatsiyalangan – bir yoki bir necha mulkdorning yuk ortilgan va bo‘sh vagonlaridan tashkil topgan.
Harakatlanuvchi tarkibning tegishlilik alomatlariga ko‘ra yuk poyezdlari bir yoki bir nechta mulkdorning (yoki bir kompaniya boshqaruvi ostida bo‘lgan) vagonlaridan tuzilishi mumkin.
Tortuv xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra esa yuk poyezdlarining quyidagi turlari farqlanadi:
• “O‘TY” AJ lokomotiv tortuvi bilan xizmat ko‘rsatiladigan;
• korxona-operatorlarning o‘z yoki ijaraga olingan poyezd lokomotivlari bilan xizmat ko‘rsatiladigan.