PERSONALNI BOSHQARISH Saidova Xilola MBR-83 Menejment
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida korxonalar yuqori samara bilan faoliyat ko‘rsatishi, muvaffaqiyatli raqobat qila olishi fanda “Personal“ atamasi bilan nomlanadigan mehnat jamoasining tarkibi, malakasi, salohiyati, ijodiy izlanishi, mas’uliyati kabi juda ko‘pgina sifatlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi amaliy isbotini topgan. Bugungi kunga kelib mazkur masalalar bilan maxsus shug‘ullanuvchi “Personalni boshqarish” fani tobora rivojlanib bormoqda. G‘arb davlatlarida bozor iqtisodiyoti sharoitlarida “Personalni boshqarish” ko‘proq “menejment” atamasi bilan nomlanadi.
Menejment (inglizcha “management”so‘zidan) – bozor iqtisodiyoti sharoitlarida iqtisodiy boshqaruv tamoyillari, funksiya va uslublarini qo‘llagan holda moddiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish hisobiga belgilangan maqsadlarga erishish uchun amalga oshiriladigan boshqaruv faoliyatidir. Menejment aslida “boshqaruv” so‘zining sinonimi hisoblanib, asosan bozor iqtisodiyoti sharoitlarida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarishni anglatadi. Menejment deyilganda quyidagi ma’nolar anglanadi: 1. Korxonaning boshqaruv xodimlari boshqaruv apparati sifatida. 2. Boshqaruv apparati korxonada bajaradigan funksiyalar. 3. Menejment korxonani ilmiy asosda boshqarish sifatida. Menejment funksiyalari tizimida personalni boshqarish vazifalari qanday o‘ringa egaligi eng muhim masaladir. Menejment funksiyalaridan personalni boshqarish funksiyalari farqlanadi
Personalni boshqarish – alohida xodim va umuman korxona manfaatlarini ta’minlash maqsadida inson salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik, axloqiy va huquqiy munosabatlar tizimidir. Personalni boshqarishning asosiy funksiyalarini o‘zida aks ettiruvchi to‘rt tarkibiy qism mavjuddir: 1. Personalni tanlash. 2. Personalni rivojlantirish. 3. Personalni baholash. 4. Personalni rag‘batlantirish. “Personal” hozirgi vaqtda iqtisodiyot fanida umume’tirof etilgan atama hisoblanib, mehnat jamoasi tarkibiy qismlarini qamrab oladi. U mohiyat bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida qayd etilgan “xodim” atamasidan kelib chiqqan holda xodimlar tarkibi ma’nosini beradi”. Avvallari bu tushuncha “kadrlar” atamasi sifatida qo‘llanib kelingan.