14.3. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini qayta hisoblab chiqish va to‘lash tartibi Quyidagi hollarda boquvchisini yo’qotganlik pensiyalarini qayta hisoblash mumkin:
− boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi oila a’zolari sonining o‘zgarishi;
− eng kam oylik ish haqi miqdorining o‘zgarishi.
Mazkur huquq paydo bo’lgan taqdirda istalgan vaqtda doimiy yashash joyidagi (tuman, shahar) Pensiya jamg’armasining bo’limiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Ba’zi bir hollarda pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risida ariza berish talab qilinmaydi, ya’ni oilaning 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan a’zolaridan biri ta’lim muassasasidan berilgan uning o‘quvchi ekanligi haqidagi ma’lumotnomani taqdim etgan taqdirda va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi oila a’zolari soni o‘zgarganda ariza yozishi talab qilinmaydi. Tegishli ma’lumotnomani taqdim etsa bas.
Ilgari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan bolaga ikkinchi ota-onaning vafoti munosabati bilan pensiya miqdorini ikkinchi boquvchining pensiya miqdoriga ta’sir ko‘rsatadigan ish staji va ish haqini hisobga olgan holda qayta hisoblab chiqish pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun murojaat qilingan vaqtda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga muvofiq pensiyani hisoblash tartibi qo‘llangan holda amalga oshiriladi.
Pensionerga berilishi kerak bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya summasi meros tarkibiga kiritilmaydi va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar doirasiga tegishli oila a’zolariga to‘lanadi. Ota-onalar, eri (xotini), shuningdek pensioner vafot etgan kunda u bilan birga yashagan oila a’zolari, agar ular boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha pensiyasi bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmagan taqdirda ham ushbu summalarni olish huquqiga ega.
Chin yetim bolalarga to‘liq davlat ta’minotida turgan davrida eng kam oylik ish haqining 100 foizi miqdorida pensiya to‘lanadi.
Ota-onasining biridan ajralgan va to‘liq davlat ta’minotida turgan bolalarga eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida pensiya to‘lanadi.
Oila a’zolarining pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turganligi holati o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan olingan ma’lumotlar asosida belgilanadi.
Pensioner vafot etgan oy uchun olingan pensiya summasi oilaning ko‘rsatib o‘tilgan a’zolariga uning vafotigacha ushbu oyning kunlari uchun to‘lanadi.
Oilaning bir necha a’zolari murojaat qilgan taqdirda ularga berilishi kerak bo‘lgan pensiya summasi ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan summa, uning uchun pensioner vafot etgandan so‘ng 60 kundan kechikmay murojaat qilingan taqdirda to‘lanadi.
Amaliyotning ko‘rsatishicha, olinmay qolgan pensiyani to‘lash hollari har doim ham bir xil bo‘lavermaydi. Masalan:
Pensioner joriy oy uchun pensiya olgandan keyin vafot etdi. Bu holda olinmay qolgan pensiya puli mavjud emas. Pensiya fondiga qaytariladigan pensiya puli ham mavjud emas.
Pensioner joriy oy uchun pensiya pulini olguncha vafot etdi. Bu holda olinmay qolgan pensiya puli hisoblanishi quyidagicha:
− tayinlangan pensiya summasi tegishli oydagi kalendar kunlari soniga bo‘linadi va 1 kun uchun to‘lov summasi aniqlanadi;
− 1 kun uchun to‘lov summasi to‘lanishi kerak bo‘lgan oydagi kalendar kunlarga (vafot etgan kunni ham qo‘shgan holda) ko‘paytiriladi va u bilan yashagan oila a’zolariga to‘lab beriladi.
Pensioner pensiyaning bir qismini bank plastik kartochkasida, bir qismini esa – naqd pulda olar edi. Bunda vafot etgan kun pensiyaning bir qismini bank kartochkasida olishga ulgurdi, naqd qismini olishga esa ulgurmadi. Olingan qismi birinchi holatda, olinmagan qismi esa ikkinchi holatda beriladi.
Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 171, 172-bandlariga muvofiq, pensionerga pensiya to‘lash to‘xtatib turilgan edi. Pensiya jamg‘armasiga tiklash uchun murojat etmay vafot etgan. Olinishi kerak bo‘lgan pensiya mavjud emas.
Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 171, 172-bandlariga muvofiq, pensionerga pensiya to‘lash to‘xtatib turilgan edi. Pensiya jamg‘armasiga tiklash uchun murojat etgan. (biroq murojat etilgandan oldingi 12 oydan oshmagan) Biroq olmasdan vafot etdi. Olinmay qolgan pensiya puli uning yaqinlariga to‘lanadi.
Pensioner joriy oy uchun pensiya pulini olgunga qadar vafot etdi, biroq noma’lum sabablarga ko‘ra pensiya uning oila a’zolariga to‘langan. Bu holda uning oila a’zolari ushbu mablag‘larni Pensiya jamg‘armasi bo‘limlariga qaytarishlari shart.