1.1. Fanning predmeti, maqsadi, vazifalari va boshqa iqtisodiy fanlar bilan uzviy bog‘liqligi O‘zbekistonning davlat mustaqilligi ijtimoiy sohalar taraqqiyotida yangi sahifa ochdi. Bozor munosabatlariga o‘tish va ijtimoiy-iqtisodiy tizimni isloh qilish davrida aholini aniq manzilli va maqsadli ijtimoiy himoya qilish tizimi barpo etildi. Fuqarolarning alohida toifalariga jamiyatning boshqa a’zolari bilan teng imkoniyatlar yaratib berish orqali ularning to‘laqonli hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmui shakllantirildi.
1993 yilda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilish orqali milliy pensiya ta’minoti tizimining huquqiy asosi yaratildi. Davlat pensiya ta’minoti tizimini yaxshilashga, unda tarkibiy va institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirishga, pensiya ta’minoti tizimini samarali boshqarishga, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash, hisoblash va to‘lash tartibini takomillashtirishga, tizimga axborot texnologiyalarini tobora kengroq joriy etishga qaratilgan qator hukumat qarorlarining qabul qilinayotganligi va amaliyotga tatbiq etilayotganligi pensiya ta’minoti tizimining doimo davlat va jamiyat e’tiborida ekanligidan dalolat beradi. Mamlakatda aholining turmush farovonligini ta’minlash va saqlab turish maqsadida pensiya va ijtimoiy nafaqa miqdori muntazam oshirib borildi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar to‘lovining manzilligini ta’minlash tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining daromad va xarajatlari mutanosibligi ta’minlandi va uning moliyaviy barqarorligi yaxshilandi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash, to‘lash va hisobotlarni yuritish bo‘yicha markazlashtirilgan dasturiy ta’minot joriy qilindi va axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi, daromadlarini aniq hisobga olib bo‘lmaydigan fuqarolarni pensiya tizimiga qamrab olish maqsadida ixtiyoriy sug‘urta badallari to‘lash tizimi amaliyotga tatbiq etildi.
“Pensiya ishi” fanining predmetini pensiya ta’minoti tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan moliyaviy-iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy munosabatlar tashkil qiladi. Fanni o‘qitishdan maqsad – kelgusida yuqori malakali iqtisodchimutaxassislar bo‘lib etishadigan talabalarda pensiya tizimining tuzilishi va faoliyati yuzasidan nazariy va amaliy bilimlarni shakllantirish va chuqurlashtirishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish uchun fan talabalarni nazariy bilimlar, amaliy ko‘nikmalar, iqtisodiy hodisa va jarayonlarga uslubiy yondashuv hamda ilmiy dunyoqarashini shakllantirish vazifalarini bajaradi.
Fan bo‘yicha talabalar pensiya ishining mohiyati, pensiya ta’minotining shakllanish va rivojlanish tarixi, pensiya ta’minotining mohiyati, pensiya tizimining davlat iqtisodiyoti va moliya tizimiga ta’siri, pensiya ta’minotining huquqiy asoslari, ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy ta’minot tushunchalari, aholining qarishi, tug‘ilish-o‘lish indekslarini pensiya tizimiga ta’siri, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda, ularni ijtimoiy himoya qilishda pensiya ta’minotining o‘rni haqida tasavvurga ega bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, talabalar jahonda pensiya tizimi modellari, O‘zbekistonda pensiya tizimining vujudga kelishi va rivojlanish tarixini, davlat pensiyalarining turlari, aholini davlat pensiyalari va ijtimoiy nafaqalar bilan ta’minlashda davlat maqsadli jamgarmalarining o‘rni va ahamiyati, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, daromadlari va xarajatlari, davlat pensiya tizimining tashkiliy-huquqiy asoslarini tahlilini, jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti, davlat va xususiy pensiya tizimidan iborat aralash tizim tahlilini, nodavlat pensiya fondi daromadlarini shakllantirishni, xalqaro pensiya tizimi amaliyoti va tajribalar asosida ijtimoiy sug‘urta rolini oshirishni, ijtimoiy sug‘urta faoliyati, uning moliyaviy asoslari, ijtimoiy ta’minotning mohiyati va moliyaviy asoslarini bilishi va ulardan foydalana olishi zarur.
Talabalar ushbu fandan pensiya ta’minotining moliyaviy manbalarini tahlil qilish, davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash mexanizmi, xarbiy hizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlari pensiya ta’minoti, pensiya ta’minoti tizimida axborot xizmatlari, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida pensiya tizimini takomillashtirish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi kerak hamda pensiya ta’minoti tizimini boshqarish uslubi va uslubiyotini takomillashtirish, pensiya tizimida nazoratni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlar pensiya tizimlarini tahlil qilish, pensiya ta’minoti tizimida axborot tizimlaridan foydalanish, xususiy pensiya fondi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, pensiya fondi aktivlarini boshqarish malakalariga ega bo‘lishi talab etiladi.
Mazkur fanni o‘rganish uchun bakalavr – iqtisodchi davlat ta’lim standartlarida ko‘zda tutilgan qo‘yidagi iqtisodiy fanlar bilan bevosita aloqada bo‘ladi: Iqtisodiyot nazariyasi, Moliya, Makroiqtisodiyot, Investitsiya, Moliya bozori, G‘aznachilik, Davlat byudjeti va boshqa ixtisoslik fanlaridan etarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlik talab etiladi. Shuningdek, asosiy qismda (ma’ruza) fanning mavzulari mantiqiy ketmaketlikda keltiriladi. Har bir mavzuning mohiyati asosiy tushunchalar va tezislar orqali ochib beriladi. Bunda mavzu bo‘yicha talabalarga Davlat ta’lim standartlari asosida etkazilishi zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar to‘la qamrab olinishi kerak. Asosiy qism sifatiga qo‘yiladigan talab mavzularning dolzarbligi, ularning ish beruvchilar talablari va ishlab chiqarish ehtiyojlariga mosligi, mamlakatimizda bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy va demokratik o‘zgarishlar, iqtisodiyotni erkinlashtirish, iqtisodiy-huquqiy va boshqa sohalardagi islohatlarning ustuvor masalalarini qamrab olishi hamda fan va texnologiyalarning so‘ngi yutuqlari e’tiborga olinishi tavsiya etiladi.
1.2. Pensiyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati, zarurligi, vazifalari va funksiyalari “Pensiya” so‘zi lotincha “pension” so‘zidan olingan bo‘lib, mehnat qobiliyatini, va demak, ish haqi ko‘rinishidagi daromad manbaini yo‘qotganda, qarilikda, nogironlikda yoki boquvchisini yo‘qotganda moddiy ta’minlash uchun muntazam to‘lanishi mo‘ljallangan pullik to‘lov ma’nosini anglatadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8sentyabrdagi “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 252-sonli Qarorida “pensiya – uni olish huquqi Qonunda belgilangan shartlarga va me’yorlarga muvofiq aniqlanadigan hamda shaxslarga pensiya yoshiga to‘lish, nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlik munosabati bilan beriladigan oylik pul to‘lovi” sifatida tavsiflangan.
Ko‘pgina iqtisodiy adabiyotlarda pensiya atamasiga turlicha ta’riflar berilgan. Jumladan:
“pensiya – qarilik, nogironlik, xizmat qilgan yillari uchun va boquvchisini yo‘qotganda fuqarolarni moddiy jihatdan ta’minlash uchun pul summalarining kafolatlangan har oylik to‘lovi”2;
“ishlovchilarning pensiya jamg‘armasiga to‘lovlari, iqtisodiy nuqtai nazardan ular ish haqining bir qismidir. U ishchi kuchining qiymatiga kiradi, ammo institutsional muayyan kechiktirilgan muhlatda amalga oshiriladi, bu ishlovchilarning Pensiya jamg‘armasiga qo‘ygan va qaytarilishi lozim bo‘lgan o‘ziga xos maqsadli ulushi, omonatidir”3;
“pensiya – sug‘urtalangan shaxsga uning yo‘qotilgan muayyan daromad miqdorini belgilab turuvchi darajasining kompensatsiyasidir”4;
“pensiya fuqarolarning qarilikdagi moliyaviy barqarorligini ta’minlovchi eng muhim daromad manbai”5;
“fuqarolarning qonunchilikda belgilangan keksalik yoshiga etganida, nogironlik tufayli mehnat faoliyatini yo‘qotganida, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganida va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda qonunchilikda belgilangan shartlar va me’yorlar asosida beriladigan har oylik to‘lovlar”6.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, pensiyaga quyidagicha ta’rif berish mumkin: fuqarolarga pensiya yoshiga to‘lishi, nogironligi va boquvchisidan mahrum bo‘lganligi tufayli qonunchilikda belgilangan shartlar va me’yorlar asosida beriladigan har oylik to‘lovlarga pensiya deyiladi.
Shundan kelib chiqqan holda, pensiya tizimi deganda mamlakat fuqarolarini ma’lum yoshga etganda, nogironlikda, boquvchisini yo‘qotganda moddiy jihatdan ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy, moliyaviy, tashkiliy munosabatlar, shuningdek, maxsus ixtisoslashgan tashkiliy tuzilmalar yig‘indisi tushuniladi.
Turli mamlakatlar milliy pensiya tizimlarining shakllanishida quyidagi ikki yondashuv asos bo‘lib xizmat qilgan: birinchi yondashuvga ko‘ra, pensiya tizimiga jalb qilingan barcha fuqarolar uchun pensiya daromadining minimal hajmi kafolatlansa, ikkinchi yondashuv bo‘yicha pensiya – ish haqining zahiralanuvchi qismi bo‘lib, sug‘urtalangan xodimga uning pensiyaga chiqish oldidagi daromadiga monand moddiy ta’minotga ega bo‘lishni kafolatlaydi.
Pensiya ta’minotining rivojlanishi jarayonida har ikkala maqsad uyg‘unlashib ketdi, universal pensiya tizimlari sug‘urtaviy tizimlar bilan to‘ldirildi, sug‘urtaviy tizimlar esa minimal kafolatlarni o‘z ichiga ola boshladi. Shunday qilib, pensiyalarning ikkiyoqlama tabiati, nafaqat, umumqabul qilindi, balki deyarli barcha rivojlangan pensiya tizimlarining shakllanishiga asos bo‘lib xizmat qildi.
Pensiyalarning ikkiyoqlama xarakteri shunda namoyon bo‘ladiki, birinchidan, pensiya kambag‘allikdan himoyalab, pensiya daromadining minimal darajasini kafolatlasa, ikkinchi tomondan, ma’lum belgilangan sug‘urta holatlari yuzaga kelganda ish haqining o‘rnini bosadi, ya’ni yo‘qotilgan daromadni yoki uning ko‘p qismini kompensatsiyalaydi.
Aksariyat pensiya tizimlarining asosini, ularning institutsional tuzilishi yoki qo‘llaniladigan moliyaviy mexanizmlaridan qat’iy nazar, ijtimoiy pensiya sug‘urtasi tamoyillariga qurilgan pensiya dasturlari tashkil qiladi.
O‘zining ijtimoiy mazmun-mohiyatiga ko‘ra, pensiya sug‘urtasi mehnatkashlar tomonidan yakka va jamoaviy tarzda o‘z joriy daromadlarining bir qismini boshqarish va nazoratning sug‘urtaviy va davlat mexanizmlari (qonuniy, tashkiliy va moliyaviy) yordamida zahiralashdan iborat.
Kelgusidagi sug‘urtaviy pensiyaning miqdori qator omillarga bog‘liq ekanligini alohida ta’kidlash lozim, bular:
sug‘urta stajining davomiyligi;
sug‘urtalanadigan ish haqining miqdori;
sug‘urta tarifining katta-kichikligi;
kelgusidagi to‘lovlar davrining davomiyligi.
Shuning uchun pensiya sug‘urtasining moliyaviy mexanizmini ishlab chiqishda shunday hisob-kitoblar tizimi qo‘llaniladiki, ular sug‘urtalangan va pensiyaga chiqayotgan fuqaro guruhlari oldida yuzaga kelgan majburiyatlarni kelgusidagi to‘lovlar davri mobaynida muntazam ravishda bajarish (pensiyalarni to‘lab borish) uchun etarli bo‘lishini ta’minlashi kerak. Bu vazifani bajarish ancha qiyin ekanligini e’tirof etish lozim, chunki u oldindan aniqlash qiyin bo‘lgan qator omillarga bog‘liq: sug‘urta badallarini to‘lab borish (30-50 yil) va pensiya olish (20-30 yil) davrlarining davomiyligi, bu davrda mehnat haqi va inflyatsiya darajasida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi, pensionerlar va ishlovchilarning ham absolyut miqdori, ham bir-biriga nisbatlari sezilarli o‘zgarishi mumkin.
Pensiya to‘lovlarini taqdim etish shartlari va me’yorlarining, mamlakatdagi demografik va iqtisodiy ahvolning pensiya tizimlarining moliyaviy holatiga ta’sirini o‘lchash va baholash maqsadida bir qator ko‘rsatkichlardan foydalaniladi, ular, o‘z navbatida, pensiya tizimi moliyaviy mexanizmlarini tushunish va tizimning kelgusidagi daromad va xarajatlarini baholashga yordam beradi.
Har bir mamlakatda u yoki bu pensiya modeli asosida milliy pensiya tizimlari shakllangan bo‘ladi. Pensiya tizimining modeli uning moliyaviy jihatdan tashkil etilishini hamda mamlakat fuqarolarini qarilikda moddiy jihatdan ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni ifodalaydi.
Pensiya ta’minoti tizimi ijtimoiy himoyaning bir bo‘g‘ini sifatida yuzaga keldi. Dastlab pensiya ta’minoti davlat tomonidan to‘liq kafolatlangan bo‘lsa-da, keyinchalik iqtisodiyotning transformatsiyalashuvi natijasida ushbu soha avlodlar o‘rtasida daromadlarni qayta taqsimlash vazifasini bajardi. Ayni paytda “daromadlarni vaqtlararo taqsimlash”ni yanada takomillashtirish muhim vazifaga aylandi.
Turli pensiya tizimlarini tahlil qilish ularning elementlari va xususiyatlarini muhim belgilariga ko‘ra guruhlash imkonini beradi (1.1jadval). Turli pensiya tizimlari ana shu belgilariga ko‘ra bir-biridan farq qiladi.