Zamaxshariyning axloqiy qarashlari
Zamaxshariy kishilarni halollik va rostgo’ylikka, to’g’rilikka, adolatli, insofli bo’lishga da’vat etib, “og’izni misvoq (tish yuvgich cho’p)bilan pok qilding, koshki endi uni yolg’on, g’iybat, chaqimchilik, bo’hton bilan iflos qilmasang”, -deydi. Shu bilan birga, insonning qadrini oshiruvchi ham, pasaytiruvchi ham til ekanligini qayd etib, tilingni tiymasang, jilovingni shaytonga berib qo’yasan. Qilichning yarqirog’ini zang yeydi. Yolg’on so’z esa, tig’ning zangidan ham yomonroqdir. Yolg’on gapirib, g’alaba qozonganingdan ko’ra, rost gapirib, yomonlikka uchraganing ma’qul. Rostgo’y odamga uning rostgo’yligi kifoya, yolg’onchiga esa, uning yolg’onchiligi yetarlidir” – deydi.
Shuningdek, olim so’zlash madaniyati, odobi, nafosati inson uchun xushmuomalalikning vositasi ekanligi qayd qilib, “birovni koyimoqchi bo’lsang, xat bilan koyi, yuzma-yuz turib koyish ko’ngilni sindirur va so’z o’lchovsiz ketar”, - deydi. Zamaxshariy o’zidan kattalarni hurmatlash, bolani tarbiyalash va unda ota-onaning vazifalari haqida ham qimmatli fikrlarni bayon qilgan. Uning fikricha, ota-ona bolani xushxulq, odobli, mehnatsevar, aql-idrokli qilib tarbiyalamoqchi ekan, avvalo uni me’yoridan ortiq erkalamasligi, doim nazoratda tutishi kerak. Hayvonni qashlasa, shodlanib egasini tepadi, odam bolasini erkalasa, ota-onasini azobga qo’yadi.
Mutafakkir baxtga erishish orzusida yurgan kishilarni o’z bilimlarini va qobiliyatlarini oshirishga, yomonlikka, zo’ravonlikka va boshqa illatlarga qarshi kurashishga chaqiradi. Ilm – fanga intiluvchi muayyan sohaga o’z umrini baxsh etgan olimlar haqida to’xtalib: “Yerning ziynati olimlar bilan, ko’kning ziynati yulduzlar bilan” ya’ni “Savdogarning sharofati cho’ntagida, olimning shuhrati kitoblaridadir” - deydi. Shu gaplari bilan bolalarni insoniylik ruhida tarbiyalab, avvalo kamtar odam, yetuk olim, bo’lishiga undaydi, ularga behuda hoyu-havasning zararini uqtiradi.
Zamaxshariyning insonparvarlik, mehnatsevarlik, rostgo’ylik, halollik, ya’ni yaxshi xulq-odobli bo’lish, ota-onalarni, o’zidan kattalarni hurmat qilish xususidagi ilg’or ma’rifiy-axloqiy g’oyalari Markaziy Osiyo va umuman Sharq ijtimoiy – axloqiy va pedagogik fikrlarining taraqqiyotidagi muhim yutuq bo’ldi. Hozirgi kunda ana shu ilg’or g’oyalar o’z ahamiyatini yo’qotgan emas, Ular hamon yosh avlodni yuksak insoniy ruhda tarbiyalashda ma’rifatchilarga bevosita ko’maklashmoqda.14
Do'stlaringiz bilan baham: |