Nafosat madaniyati. Jamiyat va ayrim shaxsning nafosat madaniyati tushunchalari mavjud. Jamiyatning nafosat madaniyati deganda insoniyat butun rivojlanish tarixi jarayonida to’plangan moddiy va ma’naviy qadriyatlari mazmuni tushuniladi. O’quvchi shaxsining nafosat madaniyati uning jamiyat madaniy merosini faol, ijodiy o’zlashtirishi natijasida hosil bo’ladi. Shaxsning go’zallik bilan o’zaro munosabati, shuningdek, shaxsning ayrim sifatlarini o’zaro ta’siri natijasida nafosat madaniyati doimo o’zgarib turadi. Shaxs nafosat madaniyatining asosiy tarkibiy qismlari bu nafosat ongi, nafosatni his etishga bo’lgan ehtiyoj, uni qondirish yo’lida tashkil etilgan munosabatlardir.
Nafosat ongi go’zallik, go’zallikni his etish, uning mohiyatini anglash, nafosat his-tuyg’usi, nafosat didi kabi tushunchalarning ongda aks etishi.
Nafosat madaniyati go’zallikni his etish, undan zavqlanish, mavjud go’zalliklarni asrash va boyitish yo’lida o’zlashtirilgan bilim hamda amalga oshiriladigan nafosat faoliyatini tashkil etish darajasining sifat ko’rsatkichidir. Nafosat ongi go’zallikni qadrlash va uni boyitish yo’lidagi amaliy harakatni keng ko’lamda tashkil etish asosida takomillashib boradi.
Nafosatning asosiy xususiyatlari. Tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda nafosat idrokining psixologik qonuniyatlarini hisobga olish lozim. Bu xususiyatlar ilk yoshdagi bolalarga xos hamda rivojlanish, nafosat tajribasi, tasavvurlarning shakllanganlik darajasiga bog’liq. Atrof-olam hodisalari dastlab nafosat sifatida namoyon bo’lmaydi. Bunday bo’lishdan oldin ular idrok etiluvchan, mazmunli, tushunarli bo’lishi lozim. Demak, tarbiyachi, o’qituvchining birinchi navbatdagi vazifalaridan biri o’quvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda, eng murakkab hodisalar hamda go’zallik shakllari, nafosat muammolarini anglab yetishi lozim. Nafosatni idrok etishning muhim unsuri – hissiyotlilik. San’at, borliqni yorqin aks ettiruvchi yuqori badiiy asar mazmunini idrok etishda o’quvchilar quvonch yoki g’azab, qo’rqinch yoki ishonchni his etadilar. Bu tuyg’u go’zallik qonuniyatlari g’oyasi bilan yashashga undaydi.
Bundan tashqari nafosat vositalari xilma- xildir. Tabiat mehnat, insoniy munosabatlar, san’at nafosat tarbiyasi vositasidir. Tabiat nafosat tarbiyasining muhim manbaidir. K.D.Ushinskiy tabiatni yosh avlod nafosat tuyg’ularining rivojlanishiga chuqur ta’sir ko’rsatadigan ajoyib tarbiyachidir, degan edi. Sayohat, sayr, yurish, tabiatga bag’ishlangan san’at asarlarini o’rganish mazkur yo’nalishdagi an’anaviy ishdir. Biroq tabiat ichida bo’lishning o’zi yetarli emas. Tabiatdagi go’zallikni ko’ra bilish, his etish lozim. Bunday qobiliyat asta-sekin rivojlanib boradi. Sayr, ekskursiya hamda maktab uchastkasida ishlash paytida tarbiyachilar e’tiborini tabiat boyliklariga, uning shaklidagi mukammalliklarga qaratishi, bolalarga nafosat, tabiatni sevish ehtiyojigina bo’lmay, shuningdek, uni ehtiyotlashdan ham iboratligini tushuntirib borishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |