[5] musiqasi, Lenau[6] ehtirosi, Stendal irodasi, Shekspir teranligi qayoqqa ham qochib qutula olarkin? Nimayam derdim, yozgʻirgan kishi haq. Uchinchi toifadagi kitobxon – mutlaqo kitobxon emas. Mazkur guruhda uzoq qolib ketadigan odam oxir-oqibat kitob oʻqishni yigʻishtirib qoʻyadi. Bunga sabab shuki, uning uchun gilam rasmi, devor, toʻsiq, gʻovga terilgan toshlar aʼlo va mukammal darajada tartib berilgan harflardan tuzilgan eng goʻzal sahifa oʻrnini bemalol bosa oladi. Alifbo harflari bitilgan varaq uning uchun birdan-bir, yagona kitobga aylanishi ham mumkin.Ha, shunday, bu oxirgi bosqichdagi kitobxon ortiq kitobxon emas. Unga Gyote bir pul, Shekspir ham chikora. Ana shu soʻnggi darajadagi kitobxon endi, umuman, kitob oʻqimaydi. Ha-da, kitob unga ne darkor? Axir, butun olam uning oʻzida mujassam emasmi?Uchinchi guruhda uzoq toʻxtab qolgan odam kim boʻlmasin, ortiq kitob oʻqimay qoʻyar edi. Ammo, unda hech kim uzoq turib qolmaydi. Shunday boʻlsa ham, harholda, kimki mana shu uchinchi bosqich bilan tanish emas ekan, yomon, xom, gʻoʻr, dumbul kitobxondir. Chunki u dunyoning butun poeziyasi va butun falsafasi oʻzida mujassam ekanligini bilmaydi, zero, eng buyuk shoir ham har birimizda mavjud oʻsha pinhoniy sarchashmadan ulgi oladi, axir. Hayotingda aqalli bir martagina mayli, faqat bir kunga uchinchi – bosqichda bir boʻlgin – ana keyin (ortingga yengil qaytib), mavjud barcha bitiklarning ancha durust oʻquvchisiga, tinglovchisiga va sharhlovchisiga aylanasan. Shu bosqichda atigi bir martagina boʻlib koʻrgin, shunda sen uchun yoʻl boʻyida yotgan tosh ham Gyote yoki Tolstoy qadar maʼno kasb etadi, – soʻngra sen Gyote, Tolstoy va boshqa barcha yozuvchilardan beqiyos ulkan maʼno-mazmun, ilgarigidan ham koʻra koʻproq shira-sharbat va asal olasan, hayotga va oʻz-oʻzingga ishonching yana-da ortadi. Negaki, Gyote asarlari, bu – Gyote emas, Dostoyevskiy jildlari, bu – Dostoyevskiy emas, bu – ularning urinishlari, oʻzlari markazida turgan dunyoning koʻpovozliligi va koʻpmaʼnoliligini bosish, pasaytirish yoʻlidagi, hech qachon oxiriga yetmaydigan umidsiz, tushkun urinishlari, xolos.
Sayr qilib yurgan chogʻingda, aqalli bir marta xayolingga kelgan oʻy-fikrlar zanjirini tutib qolishga urinib koʻr. Yoki – bundan ham koʻra yengilroq tuyulgan – tunda koʻrganing oddiygina tushni eslab qol! Tushingda senga kimdir avval tayoq oʻqtaldi, soʻng esa, orden tutqazdi. Xoʻsh, bu kim ekan? Zoʻr berib eslashga harakat qilaverasan, u bir doʻstingga, bir otangga oʻxshash tuyuladi, lekin qandaydir begona, yot ekanligi bilinib turadi, ayol kishiga, singlingga, mahbubangga ham oʻxshab ketadi… U oʻqtalgan tayoq tutqichi esa nimasi bilandir sen oʻquvchilik davringda ilk bor sayohatga otlangan kemadagi shtokni[7] eslatadi. Va shunda birdaniga yuz minglab xotiralar qalqib, yuzaga chiqadi. Agar sen ana shu joʻngina tushni eslab qolib, mazmunini qisqacha qilib, stenografiya yoki alohida soʻzlar bilan yozib qoʻymoqchi ekansan, bilasanmi, to oʻsha ordenga yetib borguningcha, butun boshli kitob dunyoga keladi, bir emas, balki ikkita, ehtimol oʻnta boʻlar. Gap bunda emas. Chunki tush, bu – tuynuk, u orqali sen butun vujuding ichidagi bor narsani koʻra olasan, oʻsha bor narsa – butun dunyodan, sen tugʻilgandan to hozirgi daqiqagacha, Homerdan Haynrih Manngacha, Yaponiyadan tortib, Gibraltargacha, Siriusdan to Yergacha, Qizil Shapkachadan to Bergsonga[8] qadar butun dunyodan na katta, na kichik boʻlmagan bir olamdir. Va sen oʻz tushingni aytib, taʼbirlab berishga harakat qilayotganing tushing oʻrab, qamrab olgan dunyoga daxldorligi kabi, muallif asari ham u aytmoqchi boʻlgan narsaga, fikrga, gʻoyaga taalluqlidir.
Gyote “Faust”ining ikkinchi qismi ustida olimlar va diletantlar (havaskorlar) deyarli yuz yildan beri bahslashib, tortishib keladilar, bu esa birtalay bamaʼni va bemaʼni, teran va tuturiqsiz izohlar, sharhlar, tushuntirishlarning yuzaga kelishiga sababchidir. Shuni aytib oʻtish joizki, har qanday adabiy asar zamirida oʻsha sirli sirt – yuza ostiga yashiringan, nomsiz koʻpmaʼnolilik mujassam. Buni eng yangi psixologiya “ramzlarning oʻta determinantlashuvi” deb ataydi. Usiz ham buni fikrning cheksiz, bitmas-tuganmas mukammalligi uzra qisman boʻlsa-da, payqab olmoq uchun, har qanday yozuvchi yoki mutafakkirni torgina doirada uqib, idrok etasan, uning muayyan bir boʻlagini yaxlit, bir butun oʻrnida qabul qilasan, yuzani toʻla qamrab ololmayotgan izoh, tushuntirishlarga batamom ishonasan.Kitobxonning mutolaadagi shu uch bosqich orasida goh u yon, goh bu yon koʻchib yurishi tabiiy, bu har qanday kishi bilan har bir sohada sodir boʻlishi mumkin. Minglab oraliq darajalardan iborat ana shu uch bosqich arxitektura, rassomlik sanʼati, zoologiya, tarix kabi sohalarda ham mavjud. Va mana shu uchinchi bosqich ham hammayoqda bor, unda sen hammadan koʻra koʻproq oʻz-oʻzing bilan tenglashasan, biroq u har yerda sendagi oʻquvchini yoʻqotish uchun tahdid qiladi, adabiyotning, sanʼatning aynishi, dunyo tarixining buzilishi uchun xavf-xatar tugʻdiradi. Ammo shunday boʻlsa ham, sen mana shu bosqichni oʻtamasang, kitob oʻqishda, sanʼat va ilm oʻrganishda imlo oʻqiyotgan oddiy maktab oʻquvchisidan farqing qolmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |