2.5. Ta‘lim jarayoni mohiyati va uning ikki tomonlama xususiyati.
Jarayon – bu lotinchadan olingan bo’lib, oldinga harakat qilish tushuniladi. Ta‘lim
jarayonining mazmunini bilim, ko’nikma va malakalar tashkil qiladi.
Ta‘lim jarayoni - o’quvchi (talaba)ning bilmaslikdan bilishga tomon, oddiydan murakkabga
tomon, uncha tuliq bo’lmagan bilimdan ancha to’liq, aniqroq va chuqurroq bo’lgan bilim tomon
sodir bo’ladigan jarayondir. Bu o’qituvchi rahbarligida amalga oshiriladi. O’qituvchi bilim
egallash yo’llarini o’quvchi-talabalarga ko’rsatadi, ya‘ni kishilik jamiyati tomonidan bor, hamda
bunday bilimlarga ega bo’lmagan bola ongida vositachilik qiladi. O’qituvchining faoliyati tufayli
ta‘lim puxta uylab chiqilgan maqsad, mazmun va dasturlar asosida olib boriladigan jarayonga
aylanib, kutilgan natijalarni beradi.
Ta‘lim jarayoni ikki faoliyat - o’qituvchi va o’quvchi (talaba) larning birgalikdagi faoliyatini
o’z ichiga oladi. Demak, ta‘lim jarayoni ikki yoqlama xarakterga ega, chunki unda ikki tomon
o’qituvchi va o’quvchi qatnashadi. O’qituvchi ta‘lim jarayonini tashkil etish uchun o’quv
materialini tanlaydi va ta‘limni tashkil etish yo’llarini belgilaydi. U ta‘lim jarayonida o’quvchi
(talaba) faoliyatini boshqaradi va rahbarlik qiladi. O’qituvchi faoliyatining muvaffaqiyati avvalo
u ta‘limning mazmuni, metodlari va tashkiliy shakllaridan umumiy didaktik printsiplarni
qanchalik to’g’ri amalga oshirishiga bog’liq. O’qituvchining faoliyati ta‘lim jarayonining tashqi
tomonini tashkil qiladi, chunki u o’qitadi, ta‘lim beradi.
O’qitish jarayonining ikkinchi tomoni o’quvchining faoliyati bo’lib, u o’quv fani
materiallarini o’zlashtirishdan iborat. O’quvchi faoliyati ichki jarayonini tashkil etadi, ya‘ni u
o’qituvchi bergan bilimni o’qib, tushunib oladi. O’qitish bilishdan farqli o’laroq o’qituvchi
rahbarligida amalga oshiriladi. Ta‘limning asosiy maqsad, vazifasi yosh avlodni ilmiy bilimlar,
ko’nikma va malakalar bilan qurollantirishdan iboratdir. Ta‘lim jarayoni (o’quv jarayoni) quyidagi
tuzilishga ega:
7.1-rasm
Ta‘lim jarayonida fanning eng zaruriy, eng muhimlari asosi o’rganiladi. Buning uchun
o’qituvchi o’quvchiga bilim berar ekan, uni soddadan murakkabga, umumiydan xususiyga
yetaklaydi, xulosalar chiqarishga, hayotda ishlab chiqarishda qullay bilishga o’rgatadi. O’qituvchi
o’z fanini qanchalik sodda bayon qilmasin, u chuqur ilmiy bo’lishi lozim. O’qituvchi bilimlarni
o’rgatar ekan, o’sha jarayonda bolalarning imkoniyatlarini o’rganadi, qiyinchiliklarini ko’radi,
ularni bartaraf etish choralarini izlaydi.
O’quvchi (talaba) lar o’qituvchi sabog’ini o’zlashtirish jarayonida bilimlarni idrok qilish,
tushunish, mustahkamlash hamda ularni amalda qo’llash bosqichlaridan iborat bo’ladi. Ta‘lim
jarayonida ana shu ikkala tomon yaxshi qatnashmasa ta‘lim jarayoni yaxshi natijaga erishmaydi.
Chunki o’qituvchi ham, o’quvchi ham ta‘lim jarayonining asosiy tarkibi hisoblanadi. Shu boisdan
ta‘lim jarayonida bu ikki tomondan bittasi, ya‘ni o’qituvchi yoki o’quvchi qatnashmasa ham ta‘lim
jarayoni amalga oshmaydi.
O’qituvchi hozirgi zamon talablariga javob beradigan yuksak axloqiy-ma‘naviy sifatlarga
ega bo’lgan, chuqur bilim va mahorat egasi bo’lishi lozim. O’quvchilarda bilimga qiziqish va
ishtiyoqni tarbiyalash, ularni hozirgi zamon dunyo taraqqiyoti darajasida bilimlar bilan
qurollantirish kerak. Shu bilan birga o’qituvchi yosh avlodni hayotga, ongli mehnat va kasb
tanlashga tayyorlashi, ularning axloqiy, huquqiy, etik va estetik bilim va mahoratlarining
rivojlanishiga e‘tibor qaratishi lozim.
O’qituvchining ko’p qirrali va murakkab faoliyati zaminida yosh avlodni odobli, e‘tiborli
qilib tarbiyalash, ularni ilmiy bilimlar bilan qurollantirish kabi vazifalar yotadi. Bularni amalga
oshirish esa o’qituvchining xilma xil faoliyatiga bog’liq: yoshlarni o’qitish, maktabdan va sinfdan
tashqari tarbiyaviy ishlarni tashkil eta bilish va o’tkazish, ota-onalar o’rtasida pedagogik targ’ibot
ishlarni tashkil eta bilish xamda o’tkazish va hakozo. O'qitish jarayoni ikki faoliyatni ya'ni
o'qituvchi va o'quvchi faoliyatini o'z ichiga oladi. O'qituvchi faoliyati o'quv materiallarini bayon
qilishdan, o'quvchilarda fanga qiziqishni tarkib topdirishdan, ularning mustaqil ishlariga,
ko'nikmalarni hosil qildirish, ularni tekshirish, o'qishga xohishini uyg'otish, rag'batlantirish kabi
butun faoliyatini xolis baholashdan iboratdir.
O'qitish jarayonining ikkinchi tomoni o'quvchining faoliyati bo'lib, u o'quv fani
materiallarini o'zlashtirishdan iborat. Demak, ta'lim jarayonida o'quvchilarning bilimlarini tarkib
toptirib, ko'nikmalarni shakllantirib, umumiy rivojlanishi ta'minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |