1-bosqichni o‘quv mashg‘ulotlarini aniq va samarali tashkil etishga ko‘maklashuvchi usul va vositalar yig‘indisi – pedagogik texnikaning shakllanishi boshlab berdi.
Oldin pedagogik amaliyotga keyin pedagogikaga qaratilgan o‘qitish texnologiyasi XX asrning 30 yillarida AQSHda shakllangan.
2-bosqich o‘qitishning texnik vositalarini taraqqiy etishi bilan bog‘liq. XX asrning 40-yillaridan 50-yillar o‘rtasigacha «ta’limda texnologiya» deb qo‘llanilib, ta’lim jarayonida audiovizual texnika vositalarni qo‘llash, ularning imkoniyatlarini takomillashtirish va ularga asoslangan holda ta’lim samaradorligini oshirish chora-tadbirlari ko‘rildi.
3-bosqich (o‘tgan asrning 50-60-yillari) – dasturli ta’limning vujudga kelishi va shakllanishi bilan bog‘liq. Dasturli ta’lim – ta’lim maqsadlarini aniqlash, o‘quv jarayonini loyihalash, to‘liq o‘zlashtirish tamoyiliga asoslanishga qaratilgan.
4-bosqich XX asrning 70-yillariga to‘g‘ri keladi. Bu bosqichda «pedagogik texnologiya» ifodasi qo‘llanilib, u avvaldan loyihalashtirilgan va aniq belgilangan maqsadlarga erishishni kafolatlovchi o‘quv jarayonini bildirgan.
1979 yilda AQSHning Pedagogik kommunikatsiyalar va texnologiyalar assotsiatsiyasi tomonidan pedagogik texnologiyaga quyidagicha ta’rif berilgan edi: «Pedagogik texnologiya bilimlarni o‘zlashtirishning hamma jihatlarini qamrab oluvchi muammoni tahlil qilish va rejalashtirish, ta’minlash, muammoning yechimini baholash va boshqarish uchun odamlar, g‘oyalar, vositalar va faoliyatni tashkil qilish usullarini o‘z tarkibiga oladigan kompleks, integrativ jarayondan iborat..».
5-bosqich XX asrning 80-yillarining boshidan pedagogik texnologiyaning mazmuni ta’limning kompyuterli va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirilishini nazarda tutgan.
PT mazmuni o‘zgarishini shartli ravishda davrlarga ajratish PT rivojlanish tarixining ma’lum bosqichlariga uzviy bog‘liq.
1946 yilda AQSHning Indiana shtatidagi universitetga audiovizual ta’lim kiritilgan (muallif L.K.Larson).
1954 yilda dasturli o‘qitish rejasi asoslab berilgan (muallif professor B.F.Skinner).
1961 yil Janubiy Kaliforniya universitetida o‘qitish texnologiyasi bo‘limi ochilgan (bo‘lim rahbari D.D.Finn).
1968 yil LOGO dasturlashtirish tili ishlab chiqilgan va ta’lim muassasasida tatbiq etilgan (AQSHdagi Massachuset texnologik instituti, rahbar S.Peypert).
1976 yil birinchi shaxsiy kompyuter "Apple" yaratildi (mualliflar: S.Jobs, S.Uoznik).
1981 yil displeyli sinflarda o‘quv maqsadlari uchun maxsus dasturiy vositalardan foydalanilgan.
1990 yil ta’limda interfaol texnologiyalar qo‘'llanilgan.
PT mohiyati haqida kamida yarim asr davom etgan ilmiy munozaralar mazmuni turli mualliflar, pedagogik komissiyalar va uyushmalarning ta’rifu tavsiflarida o‘z aksini topdi. PT mohiyati haqida bir-biriga qarama-qarshi ikki nuqtai nazar mavjud. Munozaraning asosiy sababi ham xuddi ana shunda. Ba’zi mualliflar PTni o‘qitishning zamonaviy vositalari majmuasi deb hisoblashsa, boshqalari esa uni kommunikatsiya jarayoni, deb e’lon qildilar. Ayrim guruhdagi mualliflar o‘qitish vositalari va jarayonini PT tushunchasida birlashtirib, ularga bir butunlikda qaraydi.
Umuman 80 yillarga kelib «pedagogik texnologiya» tushunchasi deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarni qamrab oldi va YUNESKO tomonidan tasdiqlandi. Shu davr ichida ta’limni texnologiyalashtirishga yondashuv kuchaydi va aynan «ta’lim texnologiyasi» tushunchasiga ancha o‘zgartirishlar va aniqliklar kiritildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |