Barcha ezgu amal niyatga bog‘liq
Jaloliddin Rumiyning bir hikmati doimo ilhombaxshdir: «Go‘zal kunlar kelishini kutma, unga qarab bormog‘ingni unutma». O‘zbekistondagi yangi Uyg‘onish ma’rifati ham ayni shu tamoyilga asoslanganini, ezgu niyatlar amalga oshayotganini anglash esa yanada shijoat baxsh etadi.
Taraqqiyot ilmga asoslanadi. Shavkat Mirziyoyevning Prezident sifatidagi dastlabki uchrashuvlaridan biri ilm ahli, olimlar bilan bo‘lgani ham bejiz emas edi.
O‘shanda davlatimiz rahbarining aytgan so‘zlari hamon qulog‘imda jaranglab turibdi: «Ilm-fan bilan shug‘ullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va rag‘batga munosib». Bu — qadr, bu — ilmga e’tiborning yorqin namunasi edi.
Shular haqida so‘z yuritganda, yodimizga yaqin o‘tgan kunlar tushadi. Buni o‘tgan davrga tosh otishga yo‘ymang, ammo tarixni parda bilan to‘sib bo‘lmas. Istiqlolga erishilgandan keyin ilk yillari ilm va ilm ahli «unutilgani» hammamizning yodimizda. Garchi, o‘sha kezlarda matbuotda bu haqda bong urilgan, yozuvchilar asarlarida «Ippodrom»da sigaret sotayotgan olim obrazi paydo bo‘lgan esa-da, negadir jamiyat buni «o‘tish davri hosilalari» deb bildi.
Ammo «bozor iqtisodiyoti»ga o‘tishning jabrini hamon tortmoqdamiz va uning asoratlari hali yana qancha davom etishini bilmaymiz. Eng yomoni, bir avlod ongiga «O‘qib nima bo‘larding?!» degan mafkura singib qoldi. Aynan shunisi dahshatli aqida. Zotan, ilmga rag‘batning yo‘qolishi jamiyatda yangi bir qatlamning — diplom uchun o‘qiydiganlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Albatta, bu qisqa bir fursatning bergan «meva»lari edi.
Gap o‘zani shunga bormoqdaki, ilm qadrlanmagan zamonda taraqqiyot haqida so‘z yuritish mumkin emas. Bu, qanchalik balandparvoz so‘zlaru, jimjimador ohangda gapirmaylik, amal bo‘lmasa, hammasi befoyda deganidir.
Mana oddiy misol, mintaqamiz hududida bo‘lgan ikki Renessans davrida ham ilm nihoyatda qadrlangan edi. IX — XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan birinchi Sharq Uyg‘onish davrida yuzlab buyuk allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlar yetishib chiqqan. Ularning aqlu zakosi umumbashariyat taraqqiyotiga mislsiz hissa qo‘shgan. Bu esa o‘z navbatida, ilmga e’tiborning samarasi edi. O‘sha davr hukmron hokimiyati bunga sharoit yaratib bergandi.
XIV — XVI asrlardagi ikkinchi Sharq Uyg‘onishi yoxud tarixda «Temuriylar Renessansi» deya nom olgan davrda ilmning qanchalik qadrlanganini, birgina misolda, «Temur tuzuklari»dagi ushbu jumlalarni keltirish orqali isbotlash mumkin. Unda shunday yozilgan: «Kimning aql-shijoatini sinov tarozisida tortib ko‘rib, boshqalarnikidan ortiqroqligini bilsam, uni tarbiyamga olib, amirlik darajasiga ko‘tarar edim. So‘ngra ko‘rsatgan xizmatlariga yarasha martabasini oshirib borardim».
Aslida ham bilimli inson ilmning qadrini, olimning qadrini yaxshi biladi. Agar davlat rahbarining keyingi yillarda ma’rifat, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida imzolagan qonun, Farmon va qarorlari, ilgari surayotgan ezgu tashabbuslarining mag‘zini to‘la chaqib ko‘rsak, O‘zbekistonda yangi Ma’rifat Renessansiga mustahkam tamal toshi qo‘yilayotganini anglaysiz.
Ayniqsa, ilm ahliga qaratilayotgan e’tibor va rag‘batning bosqichma-bosqich oshirib borilayotgani poydevorning yanada pishiq bo‘lishiga ishoradir.
Do'stlaringiz bilan baham: |