a) o‘quvchidan ma’lum fikrlarni tasdiqlashni ko‘p marta takror so‘ramaslik;
b) o‘quvchi ish sur’atini kompyuter ish sur’atiga moslashtirmaslik;
v) har bir holatda o‘quvchiga keyingi holatda nima qilish kerakligi haqida xabar berib borish va hokazo.
Ta’lim jarayonida o‘quvchining kompyuter bilan turli darajada muloqot qilishini nazarda tutish yaxshi natija beradi. Bunda ko‘p sondagi yordamni mujassamlashtirgan batafsil muloqotdan tortib juda ixcham — faqat asosiy qadamlardan iborat muloqotni ham inobatga olish kerak.
6. O‘quvchi uchun ortiqcha ma’lumotlarning berkitilishi.PDVda o‘quv materialini o‘zlashtirishga yordam bermaydigan barcha ma’lumotlarni o‘quvchidan pinhon tutish maqsadga muvofiq. Bunday ma’lumotlarga, asosan, bayon qilinayotgan o‘quv materiali mazmunidagi mavzuga tegishli bo‘lmagan fikrlar va operatsion tizimning foydalanuvchiga beradigan xabarlari kiradi. Birinchi kamchilik o‘quv materialiga pedagogik ishlov berishni takomillashtirish asosida bartaraf qilinsa, ikkinchi kamchilik dasturlash jarayonida turli holatlarni inobatga olish va dasturni qayta-qayta tajribadan o‘tkazish asosida bartaraf qilinadi.
7. PDVning hissiy ta’sirchanligi.PDV ta’lim jarayonida o‘quvchiga ijobiy ta’sir qila olishi lozim. Bu jarayonning qiziqarli, samarali kechishi uchun juda muhimdir. Mazkur talabning bajarilishi esa ko‘pgina parametrlarga bog‘liq. Ularga tasvir va matnlarning o‘lchami, shakli, rangidan tortib turli tovushlarning yoqimliligi, harakatlarning jozibadorligi, muloqotning samimiyligi, aniq va hozirjavobligi kabi qator xususiyatlar misol bo‘ladi.
8. O‘qituvchi va o‘quvchi vaqtini tejash talabi.O‘quv jarayonini kompyuterlashtirish o‘qituvchi va o‘quvchini vaqtni talab qiladigan mashaqqatli amallarni bajarishdan ozod qilishga qaratilishi kerak. Shuningdek, kompyuter tomonidan bajariladigan amallar o‘qituvchi yoki o‘quvchining o‘quv jarayonidagi vaqti hisobidan bajarilmasligi lozim. Ba’zi dasturlarda o‘quv materialini ekranda bayon qilish uchun harflarning bittadan yoki yonib-o‘chib hosil bo‘lishi kabi holatlarni ko‘rish mumkin. Bunda kompyuterning o‘quvchiga muhim bo‘lmagan narsa uchun bandligi tufayli uning vaqti yo‘qotiladi. PDVda bunday holatlarning oldi olinishi lozim. Biroq vaqtni haddan tashqari tejashga berilish ham maqsadga muvofiq emaski, bu ta’lim jarayoni samaradorligining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.