PDV foydalanuvchi yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan barcha xato variantlarga javob reaksiyalarini o‘z ichiga olishi lozim. Shunda dastur ishining uzluksizligi to‘liq ta’minlanadi.
3. Dastur hajmining chegaralanganligi. Ekrandagi har bir ko‘rinish yoki jarayonni turli yo‘llar bilan hosil qilish mumkin. Shu ma’noda matnli, tasvirli, tovushli fayllar hajmi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Masalan, turli formatdagi tasvirlar turlicha sifat va hajmga ega: BMP formatli tasvirlar yuqori sifatli bo‘lsa-da, katta hajmga ega. JPEG formatli tasvir sifati BMP formatli tasvir sifatiga yaqin bo‘lib, undan qariyb 2 marta kam joy egallaydi. GIF formatli tasvir sifati ancha past bo‘lganligi uchun juda kam hajmga ega bo‘ladi. Sababi GIF formatli tasvir 8 razryadgacha (28=256 xil), JPEG formatli tasvir 24 razryadgacha (224=16777216 xil), BMP formatli tasvir 32 razryadgacha (232=4294967296 xil) rangni ishlatish imkoniga ega.
Shunday ekan PDVlarning mukammalligi har bir jarayonni puxta o‘ylab tashkil qilishni taqozo etadi. Aks holda dastur hajmining kattalashishiga olib keladi. Biroq dasturchining mahorati bilan dastur hajmini ma’lum darajada kichraytirish mumkin. Bunday talabni qo‘yishning muhimligi shundaki, katta hajmdagi dasturlarni nafaqat «tashish» qiyin, balki xotira hajmi kichik kompyuterlarda ularni bajartirish imkonsizdir. Bu dastur hajmining mumkin qadar kichik bo‘lishiga erishishni talab qiladi. Shuningdek, hajmning kichraytirilishi dastur samaradorligini pasayishi hisobidan amalga oshirilmasligi lozimligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
4. Kompyuter imkoniyatlaridan unumli foydalanish. Kompyuterli ta’limning muhim afzalliklaridan biri unda interfaol muhit* imkoniyatidan keng foydalanishning mumkinligi. Televizion o‘quv ko‘rsatuvlari interfaollik muhiti imkoniyatiga ega emas. Zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan, jumladan, multimedia imkoniyatlaridan to‘la foydalanish interfaol muhitni yaratish imkonini beradi.
Gipermatn tizimi foydalanuvchiga turli axborotlarni birlashtirish, matnlar annotatsiyasini yaratish, o‘quvchini adabiyotlar ro‘yxatiga yoki axborot manbasiga yo‘llovchi sahifali yoki boshqa turdagi ko‘chirmalarni hosil qilish imkonini beradi.
Gipermedia tizimi mohiyatiga ko‘ra gipermatn imkoniyatlarini kengaytiradi. Uning yordamida matn, statik va dinamik tasvirlar, tovush, kuy va hokazolarni o‘zida mujassamlashtirgan ma’lumotlarning yaxlit bo‘laklarini yaratishi mumkin. Shu va shunga o‘xshash barcha imkoniyatlardan PDVni yaratishda foydalanish joiz.
5. O‘quvchi va kompyuter muloqoti usullari. O‘quvchi dastur ishining bir bosqichidan ikkinchisiga o‘tish uchun ikki usuldan foydalanishi mumkin. Birinchisi – piktogrammalarni ishga tushurish orqali tavsiya etilgan holatlardan biror variantini tanlaydi. Ikkinchisi - ma’lum tugmacha bosilganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yuzaga keladi. Muayyan bir holatda o‘quvchiga berilayotgan topshiriq, uni bajarish uchun o‘quvchi faoliyatining tarkibi hamda kompyuterning texnik xususiyatlaridan kelib chiqib o‘quvchining kompyuter bilan muloqot turi tanlanadi.
Muloqot turini tanlashga oid qator adabiyotlar ([182], [185], ...) mavjud. O‘quvchilarning kompyuter bilan dastlabki muloqotida savol-javob turidagi muloqotning menyudan keraklisini tanlash usulidan foydalanish o‘rinli. Mukammalroq muloqot turi - bu savolga mos javobni tugmachalar orqali terib kiritish usuli bo‘lib, unda, avvalo, bu muloqot jarayoni rejalashtiriladi. Rejada kompyuter tomonidan beriladigan topshiriq va savollar ketma-ketligi, ularga mos javob variantlari hamda javob variantlariga mos kompyuterning munosabati o‘z aksini topadi. Bu jarayonda quyidagi psixologik talablarga rioya qilish lozim:
Do'stlaringiz bilan baham: |