Pedagogik fikrlash. Talabaning o‘z-o‘zini kasbiy tarbiyalash, o‘qitish va rivojlantirishda bu yo‘nalish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan ham pedagogik amaliyot o‘tishdan avval har bir talaba pedagogik fikrlashning shakllanishi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishi (ba’zi bir alohida sifatlari bo‘lsa ham) shart. Bularni aniqlash quyidagicha bo‘lishi mumkin:
a) amaliyotning birinchi kunidayoq; talaba o‘qituvchilarning dars o‘tishini kuzatganda o‘qituvchining qobiliyatini tekshirishdek vazifani bajarishi;
b) o‘qituvchi va o‘quvchi hamkorligining psixologik negizini o‘rganishi va o‘qituvchining shaxsiy pedagogik faoliyatini tahlil qilish qobiliyatiga baho berishi, darsdagi holatga urg‘u berib, boshqa pedagogik usul bilan almashtirish mumkinligi (fikrlashning kengligi tekshiriladi);
v) dars bosqichlari bir-biriga bog‘lab olib borilishi kerak (fikrlashning tizimliligi tekshiriladi). Yuqorida aytib o‘tilgan vazifalarni bajarish talabaga o‘z fikrlash doirasining kengligi, tizimliligini qay darajada rivojlanishini ko‘ra bilishga imkon beradi.
Pedagogik refleks. Pedagogik jarayonni tashkil etish chog‘ida pedagogik refleksni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi va u o‘ziga xos jihatlarga egadir.
O‘z pedagogik refleksining qay darajada rivojlanganligi to‘g‘risida hukm chiqarish talaba uchun qiyinchilik tug‘diradi. Shunday bo‘lsada, bu xususiyatni aniqlash maqsadida ba’zi bir vazifalarni taklif etish mumkin: birinchi kundanoq darsni kuzatish davrida o‘qituvchi pedagogik refleksni ko‘rsata olganligini aniqlash bo‘ladi. Pedagogik refleks belgilariga quyidagilarni kiritish mumkin:
-O‘qituvchi o‘quvchilarning barchasi tushunishlari uchun savollar, qoidalar, fikrlar, muammolarni turli variantlarda shakllantiradi;
-O‘qituvchi dars jarayonida imo-ishoralardan foydalanishi (masalan: o‘quvchining gaplashmasligi uchun “jim, xalaqit qilma o‘rtoqlaringga” degan ma’noda ko‘rsatkich barmog‘ini labiga tegizadi, “Uyat! sen darsda intizomsizlik qilyapsan, darsga halaqit beryapsan” degan ma’noda o‘qituvchi o‘quvchiga qarab, boshini sarak-sarak qilib qo‘yadi va hokazo).
Talaba darsni kuzatish jarayonida bu topshiriqlarning qanday bajarilganligiga qarab, pedagogik refleksning rivojlanganlik darajasini va uni amaliyotda qo‘llay olishni aniqlash mumkin.
O‘z-o‘ziga tashxis qo‘yish natijalariga suyana turib, har bir talaba ishning maqsad va mazmunini o‘z ichiga olgan o‘z-o‘zini rivojlantirish individual dasturini tuzadi.
Pedagogik amaliyotning asosiy maqsadi har doim pedagogik ko‘nikma va malakani ta’minlashda, shuningdek, shaxsning kasbiy muhim xususiyat va sifatlarining rivojlanishida ifodalanadi. Lekin talabalarning boshlang‘ich holatga tayyorlik darajasi turli-tuman bo‘lganligi bois, umumiy maqsad individuallashgan bo‘lishi lozim. Bunday yondashuv, eng avvalo rag‘batlantiruvchi ahamiyatga ega. Psixologiyada ta’kidlanishicha, insonning o‘z oldiga qo‘ygan va uning harakatlarini chegaralovchi maqsadi faolroq, maqsadli, ongli harakat qilishga undaydi.
Pedagogik amaliyotning individual maqsadlarini aniqlash talabalarning o‘ziga bog‘liq. Bu esa maqsad qo‘ya olishni rivojlantirishga yordam beradi (o‘z-o‘zini rivojlantirish faoliyatining komponenti sifatida).
Maqsadning taxminiy nomenklaturasi (nomlari):
o‘zida ma’lum malakalarni shakllantirish (malakalarning aniq nomlari beriladi);
ma’lum malakalarni rivojlantirish;
ma’lum malakalarni aniq maktab amaliyotida qo‘llashni o‘rganish;
ma’lum malakalar samaradorligini aniq pedagogik holatlarda tekshirib ko‘rish;
aniq pedagogik jarayonda fikr yuritishni o‘rganish (o‘zining emotsional va jismoniy holatini, o‘z niyatlarini anglash, o‘quvchilarning o‘z harakatlari, so‘zlari va boshqalarga munosabatini tushuntirish);
o‘zida pedagogik fikrlashning ma’lum sifatlarini shakllantirish (masalan, egiluvchanlik, tizimlilik, harakatchanlik va hokazo);
o‘quv va kasbiy asoslarni rivojlantirish;
shaxsning kasbiy muhim sifatlarini shakllantirish;
harakatli mashq (attraksion) usullarini qo‘llash va ma’lum bolalar bilan muloqot uchun kerakligini tanlashni o‘rganish;
dars vaqtida yaxlit sezishni o‘rganish;
ijobiy va salbiy yutuqlarni sezishni o‘rganish.
Har bir talaba topshiriqlarni o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga binoan tanlaydi. Topshiriqlar pedagogik malaka va kasbiy muhim sifat va xususiyatlarning rivojlanishiga yo‘naltiradi. Har bir talaba o‘z-o‘ziga tashxis qo‘yish natijalari, o‘z qobiliyati va qiziqishlari natijalariga ko‘ra topshiriqlar to‘plamini tuzadi va amaliyot nihoyasida hisobot beradi.
Talaba belgilagan maqsad va vazifalar “O‘z-o‘zini rivojlantirishning individual dasturi”ga yozib qo‘yiladi[5,6].
Do'stlaringiz bilan baham: |