Qadimgi Turon-Eron mintaqasi xalqlarining estetik qarashlari
Sharq xalqlari taraqqiyoti tarixida qadimgi Eronzamin va Turonzamin aholisi yaratgan madaniyat katta o’rin tutadi. Eronliklar va turonliklar o’rtasidagi aloqalar ko’pincha tinch-totuvlikka asoslangan emas. To’maris, SHiroq haqidagi qadimgi voqelikka doir afsonalar, keyinchalik Firdavsiy «SHohnoma»sidan o’rin olgan buyuk turk hoqoni Alp Er To’nga – Afrosiyobning Siyovush, Kaykovus, Kayxusrav bilan bo’lgan munosabatlari buning dalilidir. Ayni paytda, bu qadimgi ikki mintaqa orasida madaniy, ma’rifiy aloqalar yo’lga qo’yilganligi shubhasizdir. Xususan, mashhur zardo’shtiylikning muqaddas kitobi «Avesto»ning taqdiri bunga misol bo’la oladi. Bundan uch ming yil avval qadimgi Xorazmda Spitoma urug’idan dunyoga kelgan Zardusht dastlab o’z o’lkasida Axura Mazda dinini targ’ib etishda ko’p qiyinchiliklarga duch kelgach, o’zga yurtlarga bosh olib ketadi. Sakastana yurtida Kaviy Vishtaspa saroyida panoh va uzlat topadi.
«Avesto» gotlarini Zardo’sht badiha yo’li bilan omma orasida qo’shiq qilib aytgan. Bu turkum she’rlar – «got»larda o’sha davrdagi hayotiy lavhalar o’z aksini topgan. «Got» so’zi aslida «goh» ya’ni «kuy», «qo’shiq» degan ma’noni anglatadi. Bu so’z mumtoz musiqa merosimizda «Dugoh», «Segoh», «CHorgoh» kabi atamalar tarkibida saqlanib qolgan.
Qadimgi «Avesto»dan bizgacha etib kelgan qismlar «YAsna», «Vedevdot», «YAsht», «Visparat» kitoblaridir. Zardusht ijod qilgan gotlardan 17 tasi «YAsna» kitobiga kirgan. Ayrim parchalar yashtlar ichida ham uchraydi. Aynan ana shu gotlar orasida qadimgi turonliklar va eronliklarda estetik tasavvurlarning qanday shakllanganligini ko’rish mumkin.
Qadimgi turonliklar va eronliklarda ham atrof-muhitdagi go’zallikni anglab etish boshqa qadimiy madaniy xalqlardagi kabi insonning o’z-o’zini anglash va o’zligini barqaror etish jarayonlarida ro’y bergan. Ma’lumki, qadimgi Sharqda go’zallik axloqiy yuksaklik bilan mohiyatan bir tushuncha sifatida olib qaralgan. Bu jihatdan «Avesto» ham istisno emas: undagi «go’zal», «chiroyli», «qoyilmaqom» so’zlari «yaxshi», «ezgu», «beg’ubor» so’zlari bilan ma’nodosh tarzida keladi; «go’zal» degani «yaxshi», «odamga foydali» degan ma’noni anglatadi. «Avesto»da odatda «go’zal» sifatlashi «adl», «beg’ubor», «qudratli», «qo’rqmas», «dovyurak», «ezgu», «zarur» singari ijobiy baholar bilan yonma-yon keladi. Zero ko’rib o’tganimizdek, ko’pchilik qadimgi xalqlarda estetik g’oyalarning ibtidosi «go’zallik va ezgulik»ning, «go’zallik va zaruriylik»ning yaxlitligi bilan bog’lanadi.
«Avesto»da ham boshqa yuksak madaniyat sohibi bo’lgan qadimgi Sharq mintaqalaridagi an’anaviy estetik tushuncha bo’lmish nur alohida o’rin egallaydi. Unda quyosh, oy, yulduzlar nuri insonning ichki axloqiy ziyosi bilan qo’shilib ketgandek tuyuladi, nur nafosati o’zining yuksak darajasiga ko’tariladi.
Gotlarda go’zallik haqidagi tasavvur ilohiy nuqtayi nazardan adllikka, meyoriylikka, mutanosiblikka, ya’ni uyg’unlik tushunchasining ilk ibtidoiy ko’rinishlariga borib taqaladi. Zardusht gotlarda o’z ilohi Ahura Mazdani sharaflagani va bu sharaflash «mezonsiz emas, balki mezoniy so’zlar bilan» amalga oshuvini alohida ta’kidlaydi.
«Avesto»da fikr – so’z – a’mol uchligi yaxlitlikni tashkil etadi va bu yaxlitlikda so’z alohida o’rin egallaydi. Zardusht uchun Ahura Mazdani chiroyli so’zlar bilan ifodalash yovuz so’zlarni yanchish, ya’ni ezgulik vositasida yovuzlikni yanchish demakdir. Bu esa so’zni muqaddaslashtirish, eng avvalo, gotlar shaklida badiiylashgan so’zni e’tiqod ramzi sifatida talqin etishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |