partiya raqami va og‘irligi;
ishlab chiqarilgan sana;
namuna olgan shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
normativ hujjat nomi.
55. Nizoli holat uchun namunalarni saqlash joyidan olish va ularni rezervuarga quyishda mazkur Yo‘riqnomaning 10-ilovasiga muvofiq Nizoli holat uchun namunalarni saqlashni bekor qilish haqida dalolatnoma (Z-36-sonli shakl) tuziladi. Barcha nizoli holat uchun namunalar mazkur Yo‘riqnomaning 11-ilovasiga muvofiq Nizoli holat uchun namunalarni ro‘yxatga olish kitobiga (Z-37-sonli shakl) qayd qilinadi.
56. Nizoli holat uchun namunalarni laboratoriyaga topshirish va yog‘ saqlash joyiga qaytarish yuk xati asosida amalga oshiriladi.
57. Nizoli holat uchun namunalar laboratoriyadagi maxsus javonlarda laboratoriya plombasi bilan saqlanadi.
Namunalar quruq, salqin va qorong‘i joyda 30 kun davomida yoki mahsulot sifatini baholashda nizolar yuzaga kelgan bo‘lsa, yakuniy qaror qabul qilingunga qadar saqlanadi.
VI bob. Yog‘ni saqlash, sifatini nazorat qilish va saqlash muddatlari
58. Yog‘ning gidrolitik parchalanishi va havodagi kisloroddan oksidlanishi oqibatida sifati pasayishining oldini olish uchun yog‘ni qabul qilishdan oldin rezervuar eski yog‘ qoldiqlaridan, ayniqsa oksidlanish mahsulidan, cho‘kindilardan butunlay tozalanishi, rezervuar butkul germetik holga keltirilishi (havo almashinishini kamaytirish uchun), rezervuar havo olish klapanlari bilan ta’minlanishi, rezervuarni maksimal darajada to‘ldirish, saqlash jarayonida yog‘ning sifat ko‘rsatkichlarining o‘zgarish sur’ati diqqat bilan nazorat qilinishi lozim.
59. Yog‘ni saqlash jarayonida uning sifatini doimiy ravishda tekshirib turish, saqlash shartlari va muddatlariga rioya qilish lozim.
60. Har chorakda har bir rezervuardagi yog‘ning organoleptik ko‘rsatkichlarini (ta’mi, hidi, rangi, tiniqligi) tekshirish va laboratoriya tahlilini o‘tkazish orqali yog‘ning fizikaviy-kimyoviy ko‘rsatkichlari — kislota soni, tarkibidagi namlik va uchuvchan moddalarini kuzatib borish lozim. Harorat minusga tushib, yog‘ qotib qolganda uning sifati tekshirilmaydi. Rezervuardan namuna olish mazkur Yo‘riqnomaning 33-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
61. Navbatdagi sifat tekshiruvi yog‘ning sifati normativ hujjat talablariga javob berishini ko‘rsatsa va shu bilan birga kislota soni oshgani (normativ hujjatlardagi me’yorlar doirasida bo‘lsa-da) va boshqa ko‘rsatkichlar o‘zgargani aniqlansa, mazkur rezervuardagi yog‘ alohida nazorat ostiga olinadi va tegishli qaror qabul qilingandan so‘ng birinchi navbatda berib yuboriladi.
62. Saqlash davrida sig‘imlarning texnik holatini diqqat bilan nazorat qilish, rezervuarlar tubi va korpusidagi ingichka joylarni, zadvijka va quvurlardagi flanetsli ulanish joylarini, yog‘ning bir rezervuardan ikkinchisiga zich yopilmagan zadvijkalar orqali oqib o‘tishini diqqat bilan nazorat qilish, ehtimoldagi avariya oqibatlarini bartaraf etish va yog‘ni yig‘ib olishga tayyorlash lozim.
63. Saqlash jarayonida yog‘ miqdori saqlanishini nazorat qilish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
saqlash uchastkasi boshlig‘i (uning o‘rinbosari) tomonidan — ikki marta smena boshi va oxirida;
muhandis-mexanik tomonidan — kamida bir oyda ikki marta;
rahbar (rahbar o‘rinbosari) yoki bosh muhandis tomonidan — kamida bir oyda ikki marta.
64. Bir kunda bir marta o‘lchash lyukining tepa chetidan yog‘ sathigacha 1 mm. aniqlikda mahsulotni quyish balandligi, rezervuar tubidagi nazorat trubkasi orqali yog‘ oqayotganini aniqlash natijalari, topilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar saqlash uchastkasida yuritiladigan Rezervuarlar va mahsulot quvurlarining texnik holatini hisobga olish jurnalida (Z-30-sonli shakl) qayd etilishi lozim.
65. Qishda harorat keskin o‘zgarib turadigan paytda, shuningdek bahorda qor eriydigan paytda rezervuar, quvur, zadvijka, nasoslarning texnik holati sutkada muntazam nazorat qilib boriladi.
66. Yog‘ saqlash joyini aylanib chiqish tartibi tashkilot rahbariyati tomonidan belgilanadi. Yog‘ saqlash joyida aylanib chiqishni qayd qilish jurnali yuritiladi, unga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi: aylanib chiqish kuni, boshlangan va tugagan vaqt, tashqaridagi havo harorati, aylanib chiqishda ishtirok etgan shaxsning imzosi.
67. Moddiy javobgar shaxslar tomonidan laboratoriya va buxgalteriya xodimlari ishtirokida oyiga bir marta oyning birinchi kuni holatiga rezervuarlar va boshqa idishlarda yog‘ borligi ustidan nazorat amalga oshiriladi. Rezervuarlar va tozalash idishlaridagi yog‘ni o‘lchash natijalari Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobining (Z-25-son shakl) tegishli grafalarida aks ettiriladi. Yog‘ qotib turgan paytda o‘lchash ishlari o‘tkazilmaydi.
68. Yog‘ning hisob-kitobi mazkur Yo‘riqnomaning 8-ilovasiga muvofiq Rezervuarni o‘lchash natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma (Z-34-sonli shakl) bilan rasmiylashtiriladi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
69. Rezervuarga quyish vaqtida aniqlangan yog‘ miqdori va nazorat tekshiruvi natijasida olingan ma’lumotlar qiyoslanganda o‘lchash vaqtida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolikdan (rezervuardagi yog‘ning ± 0,2% miqdorida) oshadigan tafovut aniqlansa, barcha rezervuar va tozalash idishlaridagi yog‘ miqdori takroran o‘lchab chiqilishi va tafovut sababi aniqlanishi lozim.
70. O‘lchash paytida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolik (± 0,2%) chegarasida aniqlangan, shuningdek bu xatolikdan oshadigan ortiqchalik va kamomadlar Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobining (Z-25-sonli shakl) 10 va 11-grafalarida qayd qilinadi, buxgalteriya va omborxona hisobida bu ma’lumotlar aks ettirilmaydi.
71. Saqlash jarayonida yog‘ni nasos bilan tortib olish man etiladi. Ayrim hollarda (avariya va yong‘in) tashkilot rahbariga (uning o‘rinbosariga) naryad asosida yog‘ni zaxiradagi rezervuarga nasos bilan tortib olish huquqi beriladi. Ushbu jarayonlar Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobida (Z-25-sonli shakl) ro‘yxatga olinib, Rezervuarlar va mahsulot quvurlarining texnik holatini hisobga olish jurnaliga (Z-30-sonli shakl) qayd qilinadi.
72. Ishlab chiqarish zarurati yuzaga kelgan taqdirda faqat Qo‘mitaning ruxsati bilangina yog‘ni bir rezervuardan ikkinchisiga ko‘chirish mumkin, buning uchun jarayonlar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi. Yog‘ni boshqa rezervuarga ko‘chirish sababi bir sutka muddat ichida Qo‘mitaga ma’lum qilinadi.
73. Yog‘ni saqlash bo‘yicha quyidagi muddatlar belgilangan:
barcha turdagi tozalangan yog‘lar uchun — 1 yil;
oliy va birinchi nav tozalanmagan va gidratlangan kungaboqar yog‘i uchun — 2 yil.
Yog‘ issiqlikdan himoyalangan va chuqurda joylashgan rezervuarlarda saqlanadigan bo‘lsa, saqlash muddatlari yog‘ning turi va naviga qarab bir yilga oshadi.
Yog‘ni saqlash muddati yog‘ ishlab chiqarilgan chorakdan boshlab hisoblanadi.
74. Uzoq muddat saqlash uchun topshirilgan yog‘ saqlash muddati tugashiga 2 oy qolganda yangisiga almashtiriladi.
Laboratoriya tahlili natijalari yog‘ning sifat ko‘rsatkichlari yomonlashgani va mazkur mahsulot uchun normativ hujjatlarda ko‘rsatilgan me’yorning chegaraviy qiymatiga yetganini ko‘rsatsa, yog‘ belgilangan saqlash muddatidan oldin yangisiga almashtiriladi.
VII bob. Yog‘ni berib yuborish
75. Yog‘ni berib yuborish Qo‘mita tomonidan beriladigan naryadlar asosida birinchi navbatda sifat holatini va ishlab chiqarish muddatini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
76. Laboratoriya mudiri yog‘larni rezervuarlardan chiqarib olishdan 10 kun avval namuna olish moslamasi yordamida rezervuardan 5 ta namuna oladi, shu jumladan: pastki, o‘rta va tepa qatlamdan 1:3:1 nisbatda. Bunda yog‘ning harorati 0,5 °S gacha bo‘lgan aniqlik bilan namuna olish moslamasida aniqlanadi, so‘ng barcha namunalar bitta idishga quyiladi, aralashtirilgandan keyin laboratoriya sinovlarini o‘tkazish uchun oldindan yuvilgan bitta shisha idishga 500 sm³ yog‘ quyiladi.
Laboratoriyada yog‘ning organoleptik ko‘rsatkichlari va tahlil o‘tkazish yo‘li bilan uning fizikaviy-kimyoviy ko‘rsatkichlari: kislota soni, namligi va uchuvchan moddalar, yog‘ga aloqasi bo‘lmagan aralashmalar, tarkibida fosfor bo‘lgan moddalar va yog‘ zichligi aniqlanadi.
77. Yog‘ni quyish uchun ajratilgan temir yo‘l sisternalari va avtotsisternalar laboratoriya va saqlash uchastkasi xodimlari tomonidan sinchiklab ko‘zdan kechiriladi. Bunda sisternadagi pastki to‘kish moslamasining texnik holatini diqqat bilan tekshirish lozim.
78. Yog‘ sisternaga quyilayotganda saqlash uchastkasi xodimlaridan biri sisterna to‘lishini kuzatib turadi, boshqasi nasosni o‘chirish moslamasi yonida turadi. Bunda sisternani belgilangan balandlikkacha to‘ldirish yakuniy bosqichga yetganda yog‘ni me’yordan ortiq quyib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor berish lozim. Rezervuardan yog‘ to‘kib olinayotganda o‘lchash lyuki ochiq turadi.
Oldingi tahrirga qarang.
79. Laboratoriya tomonidan har bir sisternadagi yog‘ uchun muvofiqlik sertifikati va sanitariya-epidemiologik xulosasining tasdiqlangan nusxalari beriladi.
(79-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining 2017-yil 15-noyabrdagi 32-sonli (ro‘yxat raqami 2512-1, 06.12.2017-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 10/17/2512-1/0374-son)
80. Yog‘ sisternaga quyilib, mazkur Yo‘riqnomaning 33-bandiga muvofiq namunalar olingandan so‘ng, qopqoq lyukiga rezina qistirma qo‘yish, lyuk qopqog‘ini zich yopish va simli buragichni o‘rab qo‘yish hamda sisternani plombalash lozim.
81. Yog‘ bitta rezervuardan quyib jo‘natiladi. Bitta rezervuardagi yog‘ to‘liq berib yuborilmasdan ikkinchi rezervuardagi yog‘ni quyib jo‘natish man etiladi.
82. Rezervuar bo‘shagandan so‘ng xavfsizlik texnikasi, yong‘in xavfsizligi va sanitariya talablariga rioya etgan holda uni yog‘ qoldiqlaridan yaxshilab tozalash lozim. 5–10 kun o‘tgandan keyin yog‘ qoldiqlarini tozalash qaytariladi. Tozalangan rezervuardagi barcha lyuk va zadvijkalar yopilishi va plombalanishi lozim.
83. Yog‘ rezervuardan to‘kib olingandan so‘ng, nasos yordamida yog‘ni boshqa idishga quyishdagi tabiiy yo‘qotish hisoblab chiqilishi lozim. Ushbu hisob-kitob asosida har bir rezervuar bo‘yicha mazkur Yo‘riqnomaning 12-ilovasiga muvofiq Rezervuarni tozalashdagi inventarizatsiya natijalari to‘g‘risida dalolatnoma (Z-38-sonli shakl) ikki nusxada rasmiylashtiriladi va uch kun ichida Qo‘mitaga uning bir nusxasi yuboriladi. Yog‘ni boshqa sig‘imga quyishdagi tabiiy yo‘qotishni hisobdan chiqarishga har bir rezervuar bo‘shatilgandan so‘ng tozalash dalolatnomasi tuzish orqali yo‘l qo‘yiladi. Tozalash dalolatnomasi tasdiqlangandan keyin tabiiy yo‘qotish normalari va quyish jarayonidagi amaldagi tabiiy yo‘qotishga asoslanib yog‘ kamomadi hisobdan chiqariladi.
84. Rezervuarni tozalashdagi inventarizatsiya natijalari to‘g‘risida dalolatnoma tuzilishidan oldin rezervuar qayta to‘ldiriladigan bo‘lsa, yog‘ kamomadi mazkur rezervuarning Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobining (Z-25-sonli shakl) shaxsiy varag‘ida hisobda turishda davom etadi.
85. Agar yog‘ berib yuborilayotganda ayrim rezervuarlarda ortiqcha yog‘ miqdori aniqlansa, tozalash dalolatnomasi bo‘yicha ular kirim qilinishi, naryad bo‘yicha berib yuborilishi, Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobi (Z-25-sonli shakl) bo‘yicha chiqim qilinishi lozim.
Jamlama dalolatnoma tuzilayotganda ayrim rezervuarlarda aniqlangan kamomad boshqa rezervuarlarda topilib, kirim qilingan ortiqcha yog‘ va quyish jarayonidagi tabiiy yo‘qotish normalari bilan yopiladi.
VIII bob. Yakuniy qoida
86. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamda O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV 2013-yil 23-avgust
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. KURBANOV 2013-yil 23-avgust
Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi raisi A. SALIMOV 2013-yil 23-avgust
“O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV 2013-yil 23-avgust
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i A. ABDUVALIYEV 2013-yil 23-avgust
Birinchi guruhga o‘simlik yog‘ini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga
1-ILOVA
Qabul qilish, saqlash va berib yuborish vaqtida yog‘ yo‘qotilishining oldini olish choralari