PDF-faylidagi
rasmiy manba
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining
Qarori
Birinchi guruhga o‘simlik yog‘ini yetkazib berish,
qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 3-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2512]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi to‘g‘risida nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga o‘simlik yog‘ini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim hamda u rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Rais J. KADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 26-avgust,
17-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining 2013-yil 26-avgustdagi 17-sonli qaroriga
ILOVA
Birinchi guruhga o‘simlik yog‘ini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi
yo‘riqnoma
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yo‘riqnoma birinchi guruhga o‘simlik yog‘ini (bundan buyon matnda yog‘ deb yuritiladi) yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Yo‘riqnoma talablari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi (bundan buyon matnda Qo‘mita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar hamda birinchi guruh moddiy boyliklarini uzoq muddat mas’ul saqlashga qabul qiladigan boshqa tashkilotlar uchun majburiydir.
II bob. Yog‘ni yetkazib berish
3. Yog‘ni yetkazib berish Qo‘mita, yetkazib beruvchi tashkilotlar va mas’ul saqlashni amalga oshiruvchi tashkilotlar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Etkazib beriladigan har bir yog‘ partiyasiga muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologik xulosa yoki ularning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari ilova qilinishi lozim.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining 2017-yil 15-noyabrdagi 32-sonli (ro‘yxat raqami 2512-1, 06.12.2017-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 10/17/2512-1/0374-son)
5. Uzoq muddat saqlash uchun kungaboqar, paxta, soya, zig‘ir, kunjut, kokos, zaytun, xantal, kashnich, tung, yer yong‘oq yog‘lari yetkazib beriladi. Mazkur yog‘lar normativ hujjat talablariga to‘liq javob berishi lozim.
III bob. Yog‘ni saqlash uchastkalariga qo‘yiladigan talablar
6. Yog‘ maxsus jihozlangan yog‘ saqlash uchastkalarida saqlanishi lozim. Yog‘ saqlash uchastkalarida rezervuar parki, mahsulot-nasos bo‘linmasi, to‘kish-quyish estakadasi, GSS-100 m³ gorizontal silindrik sig‘imi (bundan buyon matnda tozalash idishi deb yuritiladi), texnologik mahsulot quvurlari va tarozixona bo‘lishi lozim.
7. Yog‘ saqlanadigan joylarning texnologik va sanitariya jihozlari yog‘ni qabul qilish va berib yuborish bo‘yicha barcha jarayonlar belgilangan muddatda bajarilishini, qabul qilish, saqlash va bir joydan boshqa joyga olib quyishda yog‘ning sifati va miqdori to‘liq saqlanishini ta’minlashi lozim.
Yog‘ni qabul qilish, saqlash va berib yuborish vaqtida yog‘ yo‘qotilishining oldini olish uchun mazkur Yo‘riqnomaning 1-ilovasida keltirilgan choralar ko‘rilishi lozim.
8. Yog‘ og‘irligini aniqlaydigan o‘lchash vositalari “O‘zstandart” agentligi tomonidan tasdiqlangan nomenklaturaga muvofiq belgilangan muddatda metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilishi, qiyoslanishi lozim.
9. Yog‘ saqlash uchastkalari uchun rezervuarlar
parki kommunikatsiyasi, mahsulot-nasos bo‘linmasi, rezervuarlarga berilgan raqamlarni ko‘rsatgan holda estakadalar, nasoslar, tozalash idishi, to‘kish-quyish tirgaklari, pastki to‘kish qurilmasi, mahsulot quvurlari va zadvijkalarning texnologik xaritasi ishlab chiqiladi.
10. Asbob-uskunaning har bir elementiga moy bo‘yoq bilan texnologik xaritadagi uning mos tartib raqami yozib qo‘yilishi kerak. Texnologik xaritada yog‘ harakati bo‘ylab bajariladigan har bir jarayon uchun ochilishi kerak bo‘lgan barcha zadvijkalarning raqamlari ko‘rsatiladi. Qabul qilishda yog‘ni sisternada, berib yuborishda rezervuarda isitish chizmasida yog‘ni isitish bo‘yicha barcha jarayonlar tartibi va ketma-ketligi batafsil bayon qilinadi.
Kommunikatsiyalarning texnologik chizmasi, texnologik xarita va yog‘ni isitish chizmasi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanishi va saqlash uchastkasining tegishli yig‘majildida saqlanishi lozim. Kommunikatsiyalarning texnologik chizmasi nasos bo‘linmasi va saqlash uchastkasida osib qo‘yilishi lozim.
11. Quyilish chegarasiga qarab mahsulot hajmini aniqlash imkoni bo‘lishi uchun har bir rezervuar, tozalash idishlariga belgilangan tartibda kalibrlash jadvali tuzilishi lozim. Utorli burchagi darajasida o‘lchash ishlari olib borilayotganda rezervuardagi mahsulot hajmini aniq bilish uchun rezervuar ostida o‘lchash lyuki qarshisida 500 x 500 mm o‘lchamda gorizontal maydoncha o‘rnatilishi lozim. Kalibrlash jadvali tuzilayotganda rezervuar ostidagi konus hajmi inobatga olinishi va yog‘ hajmidan rezervuar ichidagi yog‘ni isitish uskunasi hajmi chiqarib tashlanishi lozim.
12. Rezervuarlar kalibrlanayotganda, balandlik trafareti, ya’ni vertikal bo‘yicha rezervuar ostidagi maydonchadan o‘lchash lyukining tepa chetigacha bo‘lgan masofa aniqlanadi.
Har oy rezervuar bo‘shaganda va rezervuardagi mahsulot miqdori aniqlanayotganda balandlik trafareti ko‘rsatkichi tekshiriladi.
Balandlik trafareti ko‘rsatkichlari va yog‘ quyilgandagi tepa chegara bo‘yoq bilan gidravlik klapan korpusi yoki yorug‘lik lyuki qopqog‘iga yozib qo‘yilishi lozim.
13. Kalibrlash jadvali asosida yoz mavsumida yog‘ hajmi kengayishini inobatga olgan holda yog‘ning qancha miqdorda quyilishi hisoblab chiqariladi va yog‘ni rezervuarga quyish tepa chegarasi aniqlanadi.
Kalibrlash jadvali bo‘yicha rezervuarga yog‘ni quyish me’yori bo‘yicha rezervuar maksimal hajmining har 1 m
3 ga 0,9 tonna yog‘ quyiladi.
Masalan, kalibrlash jadvali bo‘yicha rezervuar hajmi konus hajmi bilan birga 1066 m3 ni tashkil etadi, dyemak, rezervuarga: 1066 m³ × 0,9 t/m³ = 959,4 tonna yog‘ quyish mumkin. Bunda, rezervuarning silindrik qismiga yog‘ning harorat ta’sirida kengayishini va rezervuar notekis cho‘kishi mumkinligini hisobga olib oxirigacha quyilmagan yog‘ hajmi 15-20 sm ni tashkil etadi.
14. Imkon bo‘lsa, yog‘ quyish joyining atrofi tikanakli simli devor bilan o‘raladi va qo‘riqlash signalizatsiyasi o‘rnatiladi. Mahsulot-nasos bo‘linmasining eshiklariga zamonaviy avtomatik qo‘riqlash signalizatsiyasi datchiklari o‘rnatilishi, datchiklar tashkilotning dispetcherlik pulti va elektromagnit hisoblagichga ulanishi lozim.
15. Avariya bo‘lishi
mumkinligini inobatga olib, yog‘ saqlash joyida maksimal hajmli bitta zaxira rezervuar qoldiriladi. Yog‘ zaxira rezervuarga quyilishidan oldin tuynuk lyuk ochiladi hamda rezervuarning texnik va sanitar holati tekshiriladi. Yog‘ zaxira rezervuarga quyilgandan keyin bu to‘g‘risida dalolatnoma tuziladi. Foydalanish jarayonida zaxira rezervuarlar vaqti-vaqti bilan almashtirib turiladi.
16. Yong‘in yuzaga kelgan taqdirda uning oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur asbob-uskunalar, materiallar, ehtiyot qismlar, ko‘chma nasoslar, truba, bochka va boshqa idishlar tayyor turishi lozim. Zaxira asbob-uskunalar rezervuar parkida, nasos bo‘linmasi va estakada yonida saqlanishi lozim. Har oy zaxira asbob-uskunalarning butunligi tekshiriladi, bu to‘g‘risida mazkur Yo‘riqnomaning 2-ilovasiga muvofiq Rezervuarlar va mahsulot quvurlarining texnik holatini hisobga olish jurnaliga (Z-30-sonli shakl) tegishli yozuvlar kiritiladi. Turli avariya holatlariga tayyor turish va tezkor choralar ko‘rish uchun tashkilotlarda har oy texnika xavfsizligi bo‘yicha o‘quv mashqlari o‘tkazilib turiladi.
17. Rezervuar parki, nasos bo‘linmasi va estakadadagi barcha zadvijkalar, tozalash idishi, jo‘mraklar, kranlar plombalangan bo‘lishi va yopiq holda turishi lozim. Rezervuar parkida quvurlarning flanetsli birikkan joylari, zadvijkalar, tuynuk va yorug‘lik lyuklarining
bolt bilan birikkan joylariga, kompensatorlarga tunukadan yoki brezent matodan g‘ilof kiydirish yoki plombalash zarur.
18. Rezervuar yog‘ quyishga tayyorlanayotganda albatta uning texnik va sanitar holati tekshirilishi lozim.
Rezervuarning uzoq muddat saqlash uchun mahsulot quyishga tayyorligi mazkur Yo‘riqnomaning 3-ilovasiga muvofiq Rezervuarning yog‘ni qabul qilishga tayyorligini belgilovchi dalolatnoma (Z-31-sonli shakl) bilan rasmiylashtiriladi.
Yog‘ni quyishdan ikki kun oldin tuynuk lyuk ochilishi va ikkinchi bor rezervuarning texnik va sanitar holati tekshirilishi, bu haqida oldin tuzilgan dalolatnomaga tegishli yozuv kiritilishi lozim.
19. Yog‘ni qabul qilish yoki berib yuborishdan oldin yog‘ saqlash joyidagi barcha inshootlar, mahsulot-nasos bo‘linmasi, estakada, tozalash idishi, quvurlar, vagon tarozilari, yog‘ni isitish uskunalarining texnik va sanitar holati tashkilot rahbariyati tomonidan tashkil etilgan komissiya tomonidan tekshirilishi lozim. Tekshiruv natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
20. Yog‘ni saqlash omborxonalarida qabul qilish va berib yuborishda yog‘ og‘irligini aniqlash uchun vagon va avtomobil tarozilari o‘rnatilishi lozim.
Yog‘ quyilgan sisternalarni tortishdan oldin vagon tarozilarining texnik holati tekshirilishi kerak. Tarozi platformasiga sisternalarni keltirish, ularni mustahkamlash va tortish qoidalariga rioya qilish lozim.
Yog‘ni nosoz tarozilarda, shuningdek tekshirish va plombalash muddati o‘tgan tarozilarda tortish man etiladi.
21. Yog‘ni qabul qilish va berib yuborishga mas’ul xodimlar yog‘ saqlash joyidagi obyektlar qanday joylashganini, quvurlar chizmasini, zadvijkalar qayerda joylashganini va nima uchun xizmat qilishini yaxshi bilishlari lozim.
22. Kamida bir oyda bir marta rezervuar parki marzalarining yomg‘ir quvuridagi qulflash moslamalari (o‘zi yopiladigan qopqoqlar, zadvijkalar) holati tekshirilishi lozim. Bunda marzalardagi suv qulflash moslamasi orqali faqat xodimlar nazorati ostida oqiziladi.
IV bob. Yog‘ni
transportda tashish
23. Yog‘ temir yo‘l va avtomobil transportida yuklarni tashish qoidalari talablariga muvofiq tashiladi.
24. Yog‘ “O‘simlik yog‘i” degan yozuvli maxsus yangi temir yo‘l sisternalarida, shuningdek oldin foydalanilgan, yuvilgan va yaxshilab bug‘langan, yog‘ quyish uchun toza holda berilgan, yot hidlar bo‘lmagan sisternalarda tashiladi.
25. Yog‘ quyish uchun ajratilgan temir yo‘l sisternalari va avtotsisternalar sinchiklab ko‘zdan kechiriladi. Sisternalarni ko‘zdan kechirayotganda sisternaning qozoni va qopqog‘ining holati va tozaligiga, pastki to‘kish moslamasi, lyuk ishga yaroqliligiga, lyukni yopish va plombalash moslamalari borligiga va ishga yaroqliligiga, sisterna qozoni sathidagi belgi va yozuvlar holatiga alohida e’tibor beriladi.
Yog‘ni quyish uchun quyish moslamasi, ichki narvoni, qalpoqlari va gaykalari ishga yaroqsiz, qozoni teshik, plomba urish uchun qopqog‘ida teshiklari bo‘lmagan, shuningdek rezina qistirmalarsiz sisternalardan foydalanish man etiladi.
26. Yaroqsiz sisternaga quyish oqibatida yog‘ning aynishi yoki sifati buzilishi uchun javobgarlik yog‘ni yetkazib beruvchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi.
27. Yuk ko‘tarish quvvati 60 tonna va undan ko‘p bo‘lgan sisternalarga yog‘ ustki segment chizig‘igacha
quyiladi, yuk ko‘tarish quvvati 60 tonnadan kam bo‘lgan sisternalarga qopqoq balandligining yarmigacha, lekin sisternaning yuk ko‘tarish quvvatidan oshirmasdan quyiladi.
V bob. Yog‘ni qabul qilish
Oldingi tahrirga qarang.
28. Yog‘ni yetkazib berish va qabul qilish shartnoma asosida qonunchilik hujjatlari va mazkur Yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
29. Yog‘ yetkazib berilganda uni to‘kishdan oldin sisternaning holati texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi, buragich va plombalar borligi, ularning holati tekshirilishi, sisternalarning raqami yuk xatlarida ko‘rsatilgan raqamlarga mosligi tekshirilishi lozim. Sisternalarning texnik holati, plombalarning borligi va yaroqliligi moddiy javobgar shaxslar tomonidan yetkazib beruvchi tashkilot vakillari ishtirokida tekshiriladi.
30. Temir yo‘l sisternalarida keltirilgan yog‘ yetkazib beruvchi tashkilot vakili ishtirokida vagon tarozisida tortilishi lozim.
Netto og‘irlik brutto og‘irlikdan idish og‘irligini ayirish orqali aniqlanadi. Idish og‘irligi yog‘ to‘kib olinib, to‘liq tozalangandan keyin bo‘sh sisternani vagon tarozisida tortish orqali aniqlanadi.
Sisternalarni vagon tarozida tortish natijalari mazkur Yo‘riqnomaning 4-ilovasiga muvofiq Yog‘ni tortish qaydnomasiga (Z-32-sonli shakl) qayd qilinadi, ushbu qaydnoma mazkur Yo‘riqnomaning 5-ilovasiga muvofiq Yog‘ni qabul qilish dalolatnomasini (Z-33-sonli shakl) tuzish uchun asos bo‘ladi.
31. Jo‘natilgan stansiyada aniqlangan yog‘ massasi bilan yo‘lda aniqlangan yoki kelib tushgan stansiyada aniqlangan massa o‘rtasidagi tafovut:
massa kamomadi — mazkur yuk og‘irligi tabiiy yo‘qotish normasidan va netto massani aniqlash natijalaridagi chegaraviy tafovutdan oshmasa;
massa ortiqchaligi — massa nettoni aniqlash natijalaridagi chegaraviy tafovutdan oshmasa, yog‘ massasi to‘g‘ri deb topiladi.
Yuk og‘irligining tabiiy yo‘qotish normalarini yukning netto og‘irligidan kelib chiqib hisoblash hamda eng ko‘p uchraydigan holatlar uchun netto og‘irlikni aniqlash natijalaridagi chegaraviy tafovut ko‘rsatkichlari mazkur Yo‘riqnomaning 6-ilovasida keltirilgan.
32. Yog‘ kamomadi me’yordan oshib ketgan taqdirda qabul qiluvchi tashkilot bu haqda dalolatnoma tuzishi va shu dalolatnoma asosida temir yo‘l transporti tashkiloti va yetkazib beruvchi tashkilotga talabnoma bildirishi lozim.
33. Yog‘ning brutto og‘irligi aniqlangandan so‘ng sisterna estakadaga o‘tkaziladi, shu yerda komissiya yetkazib beruvchi tashkilotning vakili ishtirokida lyukni ochadi va normativ hujjat talablariga muvofiq mutanosiblikni inobatga olgan holda sisternadagi yog‘ning ustki, o‘rta va pastki qatlamidan 1:3:1 nisbatda nuqtali namuna oladi.
Nuqtali namunalar toza idishga (sirlangan) quyiladi, qo‘shib yuborilgan namunalar yaxshilab aralashtiriladi va besh dona toza,
quruq shisha idishga quyiladi, shulardan to‘rttasi nizoli holat uchun namuna hisoblanadi, bittasi esa sifatini aniqlash uchun tashkilot laboratoriyasiga yoki boshqa mustaqil laboratoriyaga yuboriladi.
34. Tashkilot laboratoriyasi mudiri normativ hujjatlarga muvofiq yog‘ning sifatini organoleptik (mazasi, hidi, rangi) tekshiruvdan o‘tkazadi va laboratoriya tahlillarini amalga oshiradi hamda olingan ma’lumotlarni yetkazib beruvchi tashkilotning mahsulot sifati to‘g‘risidagi hujjatlarida ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlar va normativ hujjatlardagi me’yorlar bilan taqqoslaydi. Shundan so‘ng, laboratoriya mudiri yog‘ni sisternadan to‘kib olishga ruxsat beradi. Saqlash uchastkasida yuritiladigan ishchi jurnaliga yog‘ni to‘kib olishga ruxsat berilgan sana, sisterna va yuk xati raqami, mahsulot nomi, uning navi, sisternadagi yog‘ to‘kib olinishi kerak bo‘lgan rezervuar raqami kiritiladi va laboratoriya mudiri hamda saqlash uchastkasi boshlig‘i tomonidan imzolanadi .
35. Yog‘ni to‘kib olishdan oldin sisterna ikkala tomondan tormoz boshmog‘i bilan mahkamlanishi lozim.
Yog‘ sisternadan pastki to‘kish moslamalari yordamida to‘kib olinadi. Bunda pastki to‘kish moslamalarining sisternaga ishonchli va germetik tarzda ulanganiga alohida e’tibor berish kerak. Pastki to‘kish moslamasi nosoz bo‘lsa yoki yog‘ pastki to‘kish moslamasi bo‘lmagan sisternada keltirilsa, ustki to‘kish moslamasidan foydalaniladi.
36. To‘kish-quyish jarayonlarini olib borishda yog‘ning havo yog‘inlari bilan ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sisterna og‘zini brezent g‘ilof bilan yopish lozim. To‘kish-quyish jarayoni vaqtida to‘kish-quyish gofro-shlangining og‘ziga g‘ilof kiydirib qo‘yish lozim.
37. Yog‘ni sisternadan muayyan rezervuarga quyish uchun har bir quvur turi uchun alohida tasdiqlangan texnologik xaritaga qat’iy rioya qilish lozim.
Mahsulot-nasos bo‘linmasida yuritiladigan ishchi jurnalga quyidagi ma’lumotlar kiritilishi lozim: yog‘ kelib tushgan sana, jarayon nomi, sisternalari, rezervuarlar, quvurlar, ochilishi kerak bo‘lgan
qulflar raqamlari, yog‘ sisternadan rezervuargacha yetib kelguncha joylashgan qulflarni ochgan va yopgan saqlash uchastkasi boshliqlari yoki ularning o‘rinbosarlari va ijrochilarning imzolari.
38. Nasosni ishga tushirishdan oldin moddiy javobgar shaxslar yog‘ sisternadan rezervuarga yetib kelguncha joylashgan qulflarning holatini tekshirishlari, rezervuardagi o‘lchash lyukini ochishlari lozim.
Yilning sovuq faslida kelgan sisternalardagi qotib qolgan yog‘ni to‘kib olish uchun uni tasdiqlangan isitish chizmasi bo‘yicha suyuq holga kelguncha isitish zarur.
To‘kib olishni tezlatish uchun sisternadagi yog‘ni xuddi shu turdagi 60 °S gacha isitilgan mahsulot bilan yuvib tushirish tavsiya etiladi.
39. Yog‘ sisternadan to‘kib olinib, nasos to‘xtatilgandan so‘ng pastki to‘kish moslamasi faqat sisterna tozalanib, yog‘ quvurga oqib ketgandan so‘ng ajratib olinadi, yog‘ qoldiqlari qo‘l bilan sidirib olinadi.
40. Rezervuarlar normativ-texnik hujjatlarga muvofiq chegaraviy-maksimal darajagacha to‘ldiriladi. Oldin bitta rezervuarni to‘ldirish, undan keyingina ikkinchisiga o‘tish lozim.
41. Yog‘ quyilayotganda rezervuar toshib ketmasligi uchun rezervuarni to‘ldirish uchun mahsulot belgilangan chiziqqacha quyilishini diqqat bilan kuzatib turish lozim.
42. Moddiy javobgar shaxslar tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 7-ilovasiga muvofiq Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobi (Z-25-sonli shakl) yuritiladi. Unda har bir rezervuar va tozalash idishiga alohida shaxsiy varaq ochiladi.
43. Ish kuni boshlanganda yog‘ni sisternadan rezervuarga to‘kib olishdan oldin yog‘ quyish balandligi darajasi, ya’ni rezervuar tubidagi maydonchadan yog‘ sathigacha bo‘lgan masofa millimetrda aniqlanadi. Mahsulot sisternadan to‘kib olinganidan so‘ng ish kunining oxirida rezervuarga yog‘ qanday balandlikkacha quyilgani yana bir bor aniqlanadi va bu ma’lumotlar kitobda qayd etilishi lozim.
44. Har bir sisternadan qabul qilib olingan yog‘ miqdori qabul qilish dalolatnomasi asosida Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobi (Z-25-sonli shakl)dagi rezervuarning shaxsiy varag‘ida qayd qilinadi.
45. Rezervuardagi yog‘ning miqdori qabul qilish vaqtida rezervuar butunlay to‘lganidan keyin, shuningdek saqlash jarayonida bir oyda bir marta kalibrlash jadvali bo‘yicha aniqlanadi.
46. O‘lchash natijalariga ko‘ra mavjud yog‘ miqdori mazkur Yo‘riqnomaning 8-ilovasiga muvofiq Rezervuarni o‘lchash natijalari to‘g‘risida dalolatnoma (Z-34-sonli shakl) bilan rasmiylashtiriladi.
47. Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobidagi rezervuarning shaxsiy varag‘iga yog‘ning o‘lchash paytidagi harorati, 20 ºS dagi zichligi, rezervuarni to‘ldirish me’yori (tonnada), rezervuar tubining notekisligi, korpusi og‘ishi, eng yuqori to‘ldirish chizig‘i, yog‘ning turi va navi yoziladi.
Har to‘ldirishdan keyin rezervuar tubi notekisligini va korpusi og‘ishini inobatga olgan holda ta’mirlanishi zarur, olingan ma’lumotlar Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobiga kiritiladi.
48. Yog‘ni qabul qilish tugagandan so‘ng nasos bilan rezervuar orasidagi quvur ichidagi yog‘ni naviga qarab tozalash idishiga to‘kish zarur. To‘lib borgani sari tozalash idishidagi yog‘ saqlash uchun
rezurvuarga tortib olinadi, yog‘ning miqdori Mahsulotlar mavjudligi, harakati va o‘lchovlari kitobidagi shaxsiy varaqqa yozib qo‘yiladi.
49. Turli yog‘larning aralashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida har bir rezervuar parkida qo‘shimcha yog‘ tozalash idishi bo‘lishi lozim. Bu sig‘imga mahsulot-nasos bo‘linmasi bilan rezevuarlar orasidagi quvurlar ichida qolgan yog‘lar solinadi. To‘lib borgan sari tozalash idishidagi tozalangan yog‘lar rezervuarga tortib olinadi. O‘lchash natijalarida tozalash idishi tubida aniqlangan qaytmas cho‘kma ham hisobga kiritilishi lozim.
Rezervuarlarning sanitar holatini komissiya nazoratidan o‘tkazish paytida qo‘shimcha yog‘ tozalash idishining sanitariya holati ham tekshiriladi. Tozalash idishi har 2 yilda tozalab turilishi shart.
50. Tashkilotga sifat ko‘rsatkichlariga nomuvofiq bo‘lgan yog‘ keltirilgan taqdirda, u qabul qilinmaydi va yetkazib beruvchi tashkilotning vakili ishtirokida ikki nusxada yaroqsizga chiqarish dalolatnomasi tuziladi. Dalolatnomaning bir nusxasi yetkazib beruvchi tashkilotning vakiliga topshiriladi.
51. Yaroqsiz deb topilgan yog‘ yetkazib beruvchi tashkilotga qaytarilishi kerak. Yaroqsiz yog‘ni qaytarish bo‘yicha qilingan barcha xarajatlar shartnomaga muvofiq yetkazib beruvchi tashkilot zimmasiga tushadi.
52. Tashish va tortib olish vaqtidagi yog‘ning tabiiy yo‘qotishlari hisobdan chiqariladi.
53. Qabul qilish yoki berib yuborish vaqtida sisternadan namunalar olishda mazkur Yo‘riqnomaning 9-ilovasiga muvofiq Sisternalardan namuna olish dalolatnomasi (Z-35-sonli shakl) rasmiylashtiriladi.
54. Nizoli holat uchun namuna solingan shisha idishlar og‘zi tiqin bilan bekitilishi, tiqin usti pergament yoki qalin mato bilan yoki polietilen bilan qoplanishi hamda pishiq ip bilan bog‘lanib, yelimlanishi lozim.
Namunalarga quyidagi ma’lumotlar kiritilgan etiketkalar yopishtiriladi:
ishlab chiqargan tashkilot nomi;
qabul qiluvchi tashkilotning nomi;
mahsulot nomi, turi va navi;