3-§. Legisaksion prosessi (jarayoni)
Qadimgi Rim jamiyatining o'ziga xos xususiyatlaridan biri legisaksion
jarayoni - rer legis actiones (per legis aksiones)ning hayotga tadbiq etilishidir va
bu eng ko'p qo'llanilgan universal xarakterga ega bo'lgan sud jarayoni bo'lib
hisoblangan.
Legisaksion prosessi qadimgi fuqarolik prosesslaridan biri bo'lib, bu
prosess 2 bosqich in iure (in yure) va in iudicio (in yudikio) dan iborat bo'lgan.
Birinchi bosqichda huquqi buzilgan shaxs sudda ish qo'zg'atish haqida
magistratga arz qiladi. Shikoyat qilgan shaxsning arizasi asosida uning davosini
sudda ko'rilishi mumkinligi ko'rib chiqiladi.
Legisaksion jarayonida arizachilarning talablarini ko'rib chiqishlikning
turli shakllari bo'lib, ular quyidagilardan tashkil topgan:
1. Prosessda ishtirok etuvchi da'vogar va javobgarlarni aniqlash;
2. Sudya tayinlashni talab qilish;
3. Ma'lum pul miqdori va narsalarni talab qilish, garovga qo'yish yoki
magistratga topshirib qo'yishlik.
Birinchi bosqichda taraflar magistratga kelib, o'zlari bilan nizoli ashyoni
olib kelishgan.
Da'vogar nizoli ashyo ustiga tayoqcha yoki boshqa biror narsa qo'yib, shu
ashyo(mulk) o'ziga tegishli ekanligini aytgan, javobgar uning gapini ma'qullasa,
da'vo tan olingan deb hisoblangan bo'lib, ish mazmunan ko'rish bosqichiga
o'tmagan va nizoli ashyo da'vogarga berilgan.
Javobgar da'voni tan olmagan taqdirda, nizoga magistrat aralashgan.
Magistrat aralashgandan keyin da'vogardan nima sababdan u nizoli ashyoni
o'ziniki deb, hisoblashini so'raydi. Javobgar kviritlar huquqi bo'yicha ashyo unga
qonuniy tegishli deb hisoblasa, da'vogar javobgardan biror narsani yoki nizoli
ashyoni predmetini garovga qo'yishini taklif qiladi, bu javobgarning haqligini
isbotlash uchun talab qilingan. Javobgardan keyin da'vogar ham garovga pul
qo'ygan. Garov miqdori nizoli ashyoning qiymatiga bog'liq bo'lgan. Shundan
keyin taraflar magistrat ishtirokida o'zlariga sudya tayinlaganlar. Shu bilan
birinchi bosqich tugagan.
Ikkinchi bosqich 30 kundan keyin tayinlangan. Agarda taraflardan
birortasi kelmasa, nizoni kelgan taraf foydasiga hal qilingan. Taraflar nizoni
mazmunan aytgandan so'ng, sudya dalillarga baho berib o'z qarorini qabul
qilgan. Qaror og'zaki qabul qilingan va qaror ustidan shikoyat qilinishi mumkin
emas edi. Yutib chiqqan taraf garov pulini qaytarib olgan, yutqazgan tarafning
puli qaytarilib berilmagan, u davlat xazinasi foydasiga o'tkazilgan.
Bu prosessda asosan da'vogar javobgarni da'vo qilinayotgan nizo va uning
predmeti bilan tanishtirgan. Pretor tomonidan tayyorlanilishi, lozim bo'lgan
formulalar uchun asos yaratilishi, ayniqsa da'voning ob'yekti, uning jinsiy
belgilarini ko'rsatish va boshqa dalillarning keltirilishligi lozim bo'lgan.
Da'vogar o'z da'vosini amalga oshirishlik uchun pretordan da'vo
formulalarini berishlikni talab etgan va bu formulalar pretor tomonidan berilgan.
Javobgar esa kelib da'vo bilan tanishishlik, da'vogar bilan birga kelishlik,
pretor tomonidan tuzilgan formulalarni ko'rib chiqish, sudyani tanlash va nizoni
tasdiqlash kabi harakatlarni amalga oshirishligi lozim edi.
Agar da'vodagi zarar pul miqdori asosida qat'iy belgilangan bo'lsa,
javobgar uni to'lash yoki ishni sudda ko'rmaslik imkoniyatlarini vujudga
keltirish yo'llarini o'ylashi lozim bo'lgan. Agar magistrat tomonidan aniqlangan
yoki da'vo arizasi orqali aniqlangan summa ma'lum bo'lsa, uni to'la qoplash
uchun javobgarga murojaat etilardi, vaholanki javobgar uni o'z roziligi asosida
qoplasa, bu nizo sud prosessida ko'rilmasdan qoldirilardi va nizo hal qilingan
deb hisoblanilardi.
Pretor da'vo predmetini va summasini aniqlab yozma ravishda da'vogarga
berib, da'vogar esa javobgarga olgan formulalarning nusxasini o'qib eshittirardi.
Javobgar bu formulani eshitib, hech narsa demasa, u o'zini sud jarayoniga yoki
ishni sudda ko'rib chiqishlik uchun topshirgan deb hisoblanilardi.
Gay Institusiyasida ko'rsatilganidek, sud tomonidan ishni mazmunan
ko'rib chiqishlik uchun muddat belgilangandan keyin, ular uchinchi kuni
sudyaga kelishlari lozim bo'lgan.
Sud jarayoni ochiq, erkinlik va og'zaki asosda davom etib, dalillarni
baholash munosabatlari orqali amalga oshirilgan. Dalillar bo'lib, guvohlar
ko'rsatmalari, voqea joyini ko'zdan kechirish, hujjatlar va qasamyod qabul
qilinishligi (yoki qasamyodlar) hisoblangan.
Da'vogardan o'z da'vosini asoslash va dalillar taqdim etish
majburiyatlarini, javobgardan esa o'zining e'tirozini asoslaydigan faktlar
bo'lishligi va ularni taqdim etishligi talab etilgan.
Sudya jarayon yuzasidan hamkasblari, mashhur yuristlar bilan maslahat
qilishlik huquqiga ega bo'lgan, ammo hal qiluv qarorini, verdiktni chiqarishda
o'zi mustaqil javobgar bo'lib hisoblangan.
Pretor o'z qarorlarining ijrosi uchun ham mas'ul bo'lib, sud qarorining
aynan Rim shahrida yoki boshqa javobgarning turar-joyida bajarilganligini
majburiy bo'lgan normalar bilan berkitib qo'yishi mumkin edi.
Qadimgi Rim davlatida sud tomonidan qabul qilingan qarorlar qat'iy
bo'lib, shikoyatga o'rin qoldirmagan. Ammo sud qarorlaridan norozi bo'lgan
taraflar pretorga murojaat qilib, sud qarori asosida kelib chiqqan yuridik
oqibatlarni yo'qqa chiqarish va harakatni dastlabki holatiga keltirish yoki
qaytadan tiklash kabi iltimosnoma yoki murojaat qilish vakolatlariga ega
bo'lgan. Bu esa pretorga katta imkoniyatlarni yaratib, hatto u bu voqelikka
huquqiy normalarni qo'llash mumkin emas deb, iqtisodda hukmron bo'lgan
sinfning erkini, irodasini va manfaatini ko'zlashga yondashgan.
Rim xususiy huquqida voqelikni dastlabki holatiga keltirish, uni qaytadan
tiklashlikka restitusiya deb atalgan. Restitusiyani qo'llash quyidagi hollarda
amalga oshirilgan:
1. Voqelik yoki sodir etilgan harakat natijasida yoki vaqtning o'tkazilib
yuborilishligi asosida mulkiy yohud mulkiy xarakterga ega bo'lmagan shaxsiy
zararning yetkazilishi natijasida;
2. Restitusiyani talab qilayotgan shaxsning asoslari bo'lsa (ya'ni shartnomani
qo'rqitish, aldash yoki yanglishishlik va boshqa usullarda tuzilganligini
isbotlasa);
3. Iltimoslar o'z vaqtida (kechiktirmasdan) qilingan bo'lsa.
Yuqoridagi ko'rsatilgan asoslar mavjud bo'lgan holda, pretor tomonidan
ular asosli deb topilsa, sodir etilgan harakat bo'yicha yuridik oqibatlar to'xtatiladi
va dastlabki holatiga hamma harakat qaytariladi yoki qaytadan tiklaniladi.
Rim fuqarolik jarayonida dastlabki vaqtlarda vakillik instituti
qo'llanilmagan. Lekin alohida hollarda ya'ni «ozodlik uchun», «xalq uchun»,
«vasiylik va homiylik» bilan bog'liq munosabatlarda vakillikka yo'l qo'yilgan.
Bunda vakilning harakatini vakolat bergan shaxs qo'llab-quvvatlashi lozim
bo'lgan. Sudyalar o'z qarorlarini vakilga qaratib, uning ishtirokida qabul
qilganlar. Vakil esa sud qarorini vakolat bergan shaxsga tushuntirib, to'lanishi
lozim bo'lgan summalarni to'lash, ashyolarni qaytarish kabi masalalarni amalga
oshirgan.
Keyinchalik esa, vakillik voyaga yetmagan shaxslar o'rtasidagi
munosabatlar, xotin-qizlar bilan bog'liq harakatlar, davlat ishlarini bajarishlik
uchun safarga ketgan shaxslarning o'rniga joriy etilgan va ushbu
munosabatlarda, shuningdek, kasallik oqibatida o'z huquqlarini himoya qila
olmaslik yoki sudda qatnasha olmaslik holatlarida ham vakilning qatnashishiga
ruxsat berilgan.
Rim fuqarolik jarayonida prokuratora instituti ya'ni javobgar nomidan
vakillik qilishlik rasmiy ravishda, ba'zan esa norasmiy asosda ham amalga
oshirilgan.
Ulardan tashqari vakil qilib olinmasdan, taraflarga yoki jarayon
ishtirokchilariga og'zaki ravishda yuridik yordam beruvchi - advocati,
advokatlar ham qatnashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |