O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o`rganish zarurligi
O`zbekiston Respublikasining huquq tizimida Konstitutsiya muhim o`rin tutadi.
Konstitutsiya huquq tizimining birlamchi asosidir. U huquq tarmoqlari birligini, o`zaro
muvofiqligini hamda harakatlanish prinsiplarining yagonaligini ta'minlaydi. Huquqiy
davlat yaratish sari rivojlanib borayotgan davlatimizda huquq ustuvorligini ta'minlab
borish muhim vazifalardan sanaladi. Konstitutsiyaning ustuvorligi esa har birimizdan
ulkan huquqiy mas'uliyatni talab etadi. Ya'ni bu ma'suliyat konstitutsiya va qonunlarni
bilishni, ularga amal qilib yashashni taqozo etadi. Bu Konstitutsiyani o`rganish
zarurligini belgilaydi. Chunki uni o`rganish Konstitutsiya mazmunini ifodalovchi
huquqiy qoidalar, ularga ongli ravishda amal qilib yashash va qonun ustuvorligiga
erishishning muhim shartidir. O`zbekiston Konstitutsiyasini o`rganish zarurligini
inobatga olib, Respublika Prezidentining 2001 yil 4 yanvarda "O`zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasini o`rganishni tashkil etish to`g`risida"gi Farmoyishi qabul qilindi.
Mazkur Farmoyishning maqsadi: O`zbekiston Konstitutsiyasining jamiyatdagi o`rni va
ahamiyatini, ma'no-mazmuni va mohiyatini o`rgatish, yosh avlodning huquqiy ongi va
madaniyatini tarbiyalash hamda yuksaltirishga qaratilgandir. Ushbu Farmoyish
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini fanlar tarkibida emas, balki alohida o`quv
fani sifatida birinchi marta ta'lim muasasalari o`quv rejasiga kiritishga asos bo`ldi.
Ushbu Farmoyishdan kelib chiqib, ta'lim tizimining muhim bo`g`ini hisoblangan o`rta
maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimidagi o`quv muassasalari o`quvchilarining Konstitutsiya
to`g`risidagi nazariy va amaliy bilimlarini yanada boyitish hamda mustahkamlash
maqsadida "O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o`rganish" o`quv kursi kiritildi.
O`quv kursi asosida Asosiy Qonunimiz to`g`risida chuqur va mukammal bilim,
ko`nikma va malakalarga, shuningdek konstitutsiya qoidalari va qonun hujjatlarini
mustaqil o`rganish hamda mutolaa qilish imkoniyatlariga ega bo`lasizlar.
"O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o`rganish" o`quv kursi umumiy o`rta
ta'lim bosqichida "Konstitutsiyaviy huquq" fanidan egallagan tushuncha va
bilimlaringizni yanada rivojlantirish, boyitishga amaliy yordam beradi. Sizlar o`quv
kursi bo`yicha tayyorlangan ushbu qo`llanma orqali O`zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasi bo`yicha umumiy batafsil ma'lumotga, shaxs va davlat munosabati,
fuqarolarning asosiy huquqlari va burchlari, huquq va erkinliklarning konstitutsiyaviy
kafolatlari, davlat tuzilishi va boshqaruv shakli, davlat organlari haqida bilim olasizlar.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan yaqindan tanishish va uni bevosita
o`rganish o`z huquqingiz, erkinlik va burchlaringizni zamon talabi darajasida bilishingiz
uchun zamin yaratadi. Qonunlar doirasida jamiyatda o`z o`rningiz va qadringizni
tushunishingiz zarur. Hayotning talabi ham shu. Konstitutsiya asosida o`z huquq va
erkingizni amalga oshirish to`g`risidagi bilimga ega bo`lishingiz orqali hayotingizdagi
ko`p masalalarga javoblar topasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |