Qarorga kelish.
Maqsadga yetishish yo‘llarini va vositalarini tanlash jarayonida
rejalashtirish, motivlar kurashi bilan bog‘langan bo‘lib, qarorga kelish bilan tugaydi. Qarorga
kelish-muayyan bir maqsadni va shu maqsadga erishish yo‘lida harakat usullaridan birini tanlab
olish demakdir. Motivlar kurashida buning ma’nosi shuki, motivlardan biri hal qiluvchi rol
o‘ynagan bo‘ladi. Masalan, kechqurun qayoqqa borish kerak – teatrgami yoki o‘rtog‘ining
yonigami-degan motivlar kurashi natijasida kishi bormoqchi bo‘lgan joyi haqida qarorga keladi.
Kishi ba’zan tez qarorga keladi, bu qarorning bajarilishi mumkinligiga ishonadi. Buni
qat’iyat deb ataymiz. Ba’zi motivlar kurashi uzoq vaqtga cho‘zilib ketadi va qaror bajarilishiga
ishonchsizlik hamda ikkilanishlar bilan qabul qilinadi. Bu qat’iyat sezgirlikdir. Masalan, o‘rta
maktabni bitirayotgan va bitirgan ba’zi yigit-qizlar qaysi o‘quv yurtiga yoki korxonaga kirish
masalasini tez hal qiladilar, boshqalari esa juda uzoq vaqt ikkilanib, xayolga tolib yuradilar.
Qat’iyat odamda jiddiylik vaziyatining yengillashtirishi mamnunlik tuyg‘usini tug‘dirsa,
qat’iyatsizlik ikkilanish hissi, jiddiylik tuyg‘usi va alohida noaniq holat bilan birga sodir bo‘ladi.
Biror qarorga kelish sur’ati bir qancha sabablarga, jumladan, ehtiyojga, hal qiluvchi motiv
kuchiga, vaziyatga, hissiyotga tafakkur va xayolning taraqqiyot darajasiga, kishining turmush
tajribasi va bilimlariga, temperamenti va xarakteriga, boshqa kishilarning nasihat, buyruq, iltimos
takliflariga quloq solishiga bog‘liq bo‘ladi. Biror qarorga kelish sur’ati asosan qo‘yilgan
maqsadning ahamiyatiga, biror qarorga keltiruvchi faoliyatning xarakteriga bog‘liq bo‘ladi.
Murakkab tarzdagi motivlar kurashi va qarorga kelish faqat shunday hollarda bo‘ladiki,
bunda odamning hayoti va faoliyati uchun ayniqsa muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yangi
maqsadlar qo‘yiladi va bu maqsadlarni amalga oshirish uchun yangicha usullar va vosita talab
qiladi.
Qat’iyat faqat tezlik bilan qarorga kelishdagina emas, shuningdek bu qarorni tez va dadil
bajarishda ham zohir bo‘ladi. Tezlik bilan qarorga kelish va uni aniq belgilangan muddatda
bajarish – qat’iyatni namoyon qilish demakdir.
Qaror qabul qilinsa-yu, keyin o‘zgartirilsa, yoki boshqa qaror bilan almashtirilsa, yoxud
butunlay bekor qilinsa, bunday qarorni yuzaki yoki bo‘sh qaror deb ataladi. Qat’iyat va mustahkam
qarorga kelish-irodaning yuksak sifatidir.
Qabul qilingan qarorning o‘zgarishi ko‘pincha yana bu qaror to‘g‘risida yetarli darjada
o‘ylamaslikdan, emotsional holatning o‘zgarishidan yoki kishi harakat qilayotgan sharoit
o‘zgarishidan kelib chiqadi. Qarorning o‘zgarishi ko‘pincha motivlar kurashining qaytadan
boshlanib ketishiga va oxirgi marta qat’iy qaror qabul qilishga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |