ILMIY AXBOROTNOMA PSIXOLOGIYA 2019-yil, 6-son 169
qayta tiklovchi xayollari ta’siridan chiqib ketish imkoniyatlari cheklangandir. Bu esa o‘z navbatida kelajakni
to‘g‘ri idrok qilishi, yetishmayotgan va yo‘qotilganlarning o‘rnini tiklashiga xalaqit beradi, shaxsning ichki
zaxiralarining tiklanishini pasaytiradi, “hissiy tashnalik” yoki doimiy qoniqmaslik hissini vujudga keltiradi.
Yolg‘izlikning namoyon bo‘lish chuqurligini aniqlash davomida S.G.Korchagina [2, 54-b] mazkur tushuncha
haqida insonlarning hayotiy tasavvurlaridan kelib chiqadigan uch turni farqlagan:
1. Begonalashtiradigan yolg‘izlik. Bunda begonalashish insoniyat va hatto borliq ustidan
hukmronlikni o‘rnatadi. Ikkiyoqlamali begonalashuv suhbatdoshlarning bir-birlarini pisand qilmasliklari,
muloqot qilishni xohlamasliklaridan kelib chiqadi. Begonalashish jarayoni insonning o‘z-o‘ziga bog‘liq
ravishda sodir bo‘ladi. Agar u uzoq muddat davom etsa natijada hissiy uzoqlashish, yaqin insonlar bilan
munosabatlarning uzilishi, o‘z “Men”ining inkor etilishi bilan yakun topadi. Insonning ichki olamidan
tashqarida yuzaga keladigan barcha hodisalar uni tashvishga solmaydi: qurshovidagi barcha insonlar bilan
munosabatlarni yo‘qotadi, yopiq shaxsga aylanadi, muloqot qilishni istamaydi, o‘zgalar muammosi bilan
qiziqmaydi, u uchun faqat o‘zi mavjud bo‘lib qoladi. O‘ziga hech kimsani yaqinlashtirmaslik oqibatida
inson ongsiz ravishda o‘zi uchun begonalashuv obyektlarini kashf qilib boradi. Natijada yolg‘iz inson
masofa saqlagan holda begonalashuv obyektlariga nisbatan psixologik yaqinlikni inkor qiladi. Agar ushbu
yolg‘izlik turi insonda mavjud bo‘lsa, shaxsiy “Men” hissi uning uchun tushunarsiz bo‘lib qoladi, inson
hatto o‘z-o‘zini inkor qila boshlaydi. Shu sababli soha mutaxassislari mazkur holatdagi inson o‘z
yaqinlaridan uzoqlashmasliklarini tavsiya qiladilar.
2. Diffuz (singib boradigan) yolg‘izlik – o‘zga insonlar yoxud guruhlardan ongsiz nusxa olishda
ifodalanadi. Bu holat o‘z-o‘zidan qoniqmaslik hissidan kelib chiqib inson o‘ziga nisbatan omadliroq va
obro‘liroq tuyulgan shaxslarning xatti-harakatlarini takrorlagan holda yashaydi. Bunday hayot tarzida
insonning shaxsiy sifatlari, individualligi, originalligi yo‘qolib boradi. Natijada inson o‘z hayoti bilan
emas, balki o‘ziga nisbatan yaxshiroq deb hisoblagan inson hayoti bilan yashay boshlaydi. Ma’lumki,
inson barkamolligi uch yo‘nalishda amalga oshadi: ma’naviy, jismoniy va psixik. Aynan mana shu
yo‘nalishlar o‘z-o‘zini namoyon qilish va taraqqiy etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Diffuz
yolg‘izlikda esa barkamollikdan voz kechish ro‘y beradi. O‘zgalarga taqlid qilgan holda va shaxsiy
imkoniyatlardan voz kechib inson o‘z “Men”ini yo‘qotib boradi. Mazkur yo‘qotish yakuniy bosqich
hisoblanadi. Shaxsiy taraqqiyot tushunchasi diffuz yolg‘izlangan inson uchun xos emas, chunki u o‘z
“Men”ini yo‘qotib bo‘ladi. Diffuz yolg‘izlikning namoyon bo‘lishi serqirra, shuning uchun inson o‘zligini
va hayotdan neni istayotganini anglashi darkor.
3. Dissotsiallashgan (tarkibiy qismlarga ajralgan) yolg‘izlik – yuksak darajadagi taqlidchanlik va
to‘la begonalashish bir-biri bilan almashinib turadi. Yolg‘izlikning ushbu turi his-kechinmalari yorqin
ifodalanadigan va o‘ylanmagan xatti-harakatlarni amalga oshirishga moyil bo‘lgan insonlarda uchraydi.
O‘zgalarga taqlid qilishdan oldin bunday shaxs o‘sha insonning soxta obrazini yaratadi. Shaxsan o‘z ichki
olamini “yaxshi” va “yomon”ga ajratadi, boshqalarda esa ularning go‘zalligi jalb qilsa dahshatli tomonlari
inkor etiladi. Inkor etilgan salbiy xususiyatlar o‘zidagi o‘zgalarni bunda ayblashiga olib keladi. Bunda
shaxsiy takomillashuv mavjud emas [2, 37-b.].
Modomiki insoniyatning eng jiddiy muammolaridan biri yolg‘izlik muammosi ekan u qandaydir
sabablar ta’sirida boshqalar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘ya olmaslik, na do‘stlik, na muhabbat, na
dushmanlik munosabatlarini tashkillashtira olmaslikda kuzatiladi. Tadqiqotchilarning aniqlashicha,
so‘ralganlarning 1-2%ida yolg‘izlik hissi bo‘lmaganligi, 10-30%i qachonlardir bunday hisni kechirganliklari
ma’lum bo‘ldi. Inson o‘z munosabatlarini to‘laqonli emasligini anglaganda, muloqotga bo‘lgan ehtiyojlarining
qondirilmasligini his qilganda yolg‘izlik hissi paydo bo‘ladi. Yolg‘izlik kayfiyatning yomonligi va og‘ir hissiy
kechinmalar bilan o‘tadigan psixik holatdir. O‘zini chuqur darajada yolg‘iz his qiladigan kishilar o‘zlarini
baxtsiz his qiladilar, ijtimoiy aloqalarga kirishish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadilar.
Yolg‘izlik tushunchasi subyekt tomonidan vaziyatni ko‘ngilsiz idrok qilishi, muloqotning yetishmasligi
va ijobiy munosabatlarning kamligi bilan bog‘liqdir. Biroq yolg‘izlik individning har doim ham ijtimoiy jihatdan
ajralib qolganligini ifodalamaydi. Ba’zan doimo insonlar orasida bo‘la turib, ular bilan munosabat o‘rnatib ham
inson o‘zini psixologik jihatdan ajralib qolgan, ya’ni yolg‘iz his qilishi mumkin. Yolg‘izlikni his qilish darajasi
insonning qancha muddat davomida odamlar bilan munosabatga kirishmay yashaganligi bilan belgilanmaydi.
Butun hayoti davomida yolg‘iz yashagan kishilar odamlar bilan tez-tez muloqotda bo‘ladiganlarga nisbatan
o‘zlarini kamroq yolg‘iz his qilishlari ham mumkin. Boshqa kishilar bilan o‘zaro ta’sirda kamroq bo‘ladigan,
hech qanday psixologik va xulq-atvor ko‘rinishlarini namoyon etmaydigan kishilarni yolg‘iz deb atash mumkin
emas. Ba’zi kishilar o‘zlarining real va tasavvuridagi o‘zaro munosabatlari o‘rtasidagi muvozanatni to‘liq
anglamasliklari mumkin.
Haqiqiy subyektiv yolg‘izlik holati odatda ruhiy buzilishlarga xos belgilar va affektiv ko‘rinishlarda
namoyon bo‘ladi. Ba’zi yolg‘iz kishilar muntazam ravishda o‘zlaridagi tashvishlanish, ezilganlikdan shikoyat
qilsalar, boshqalari esa qo‘rquv va xavotirlikni hamda musibatni his qiladilar. Yolg‘izlik holatini his qilishga real
munosabatlar qanchalik ta’sir qilsa, ular qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi tasavvurlar ham shunchalik kuchli
ta’sir etadi. Muloqotga nisbatan kuchli ehtiyojni his qilayotgan kishi bir yoki ikki kishi bilan emas, balki ko‘plab