Haq hamisha g’olib (Umar al-Foruq). Ahmad Muhammad
www.ziyouz.com kutubxonasi
9
axlatxonalari uzra bir pokiza va farahbaxsh nasimlar esib, o‘lik qalblarni uyg‘otayotgan
edi. Odamlar ummoni po‘rtanalarida bir-biriga zid ikki to‘lqin: shirk va iymon to‘lqinlari
kurash boshlagandi. Necha asrlar bo‘yi jaholat, axloqsizlik, qimor, zino, fahsh,
ribo qon-
qoniga singib ketgan makkaliklar ana shu iflosliklardan xalos bo‘la olmay ikkilanayotgan,
qiynalayotgan, g‘azabga minayotgan bir davr boshlangan edi. Arab jazirasidagi bu
tabarruk shahar to‘lg‘onib, qaynab-toshib, aziyat cheka-cheka ana shu ikki to‘lqin
kurashiga jimgina shohid bo‘layotgandi. Gunohlarga botib ketgan Quraysh Ka’ba atrofini
zavq-safo, qimor va mayxo‘rlik uyiga aylantirib olgandi.
Xuddi mana shu pallada Makka yaqinidagi Xiro tog‘ining cho‘qqisidagi torgina g‘orga
Alloh taoloning ilk vahiylari tusha boshladi. Alloh taolo tomonidan oxirgi Payg‘ambarlikka
munosib ko‘rilgan rasullarning sayyidi Muhammad sollallohu
alayhi vasallam malak
Jabroil alayhissalom keltirgan mujdalarni hayajon, qo‘rquv, qiziqish va ixlos ila qabul
qilishni boshlagan saodatli bir davr boshlandi. Jaholat asri o‘z o‘rnini saodat asriga
bo‘shatib berayotgan muborak bir zamon boshlanayotgandi.
Makka yaqinidagi shahar kiborlari mashvarat va kengashlar o‘tkazadigan Sho‘ro uyi –
Dorun-nadva bugun har qachongidan bezovta, besaranjom, tahlikali bir to‘lg‘onish
og‘ushida. Amir Hamzaning musulmon bo‘lishi Quraysh akobirlarini
sarosimaga solib
qo‘ygan. A’yonlar to‘plangan joyda Sho‘ro raisi Abu Sufyonning g‘azabnok va qahrli
so‘zlari aks-sado berib yangrayotir:
– Ey ahli Quraysh, qachongacha bu bedodlikka tomoshabin bo‘lib turamiz?
Abdulmuttalibning nabirasi o‘zini Payg‘ambar sanab, ota-bobolarimizning ming yillik
dinini oyoq osti qilishiga qachongacha yo‘l qo‘yib beramiz? Uning kasriga Makkaning va
Baytullohning chin egalari qurayshiylar ikkiga bo‘linib ketishdi.
Ota-bola, aka-uka bir-
biriga dushmanga aylandi. Qabila parokandalikka yuz tutdi. Erta-indin Quraysh o‘z
mavqeini yo‘qotib, hamma obro‘-e’tiboridan mahrum bo‘ladi...
Boyadan beri g‘azabidan ko‘karib-bo‘zarib o‘tirgan Abu Jahl raisning gapini
sabrsizlarcha bo‘lib, shartta o‘rtaga chiqdi:
– Bas, yetar! Muhammadni yo‘q qilmasak, o‘zimiz mag‘lub bo‘lamiz. Qani, oralaringda
bu ishning uddasidan chiqa oladigan biror mard bormi?
Safning orqa tomonidan: «Bor, mana men uning adabini beradigan»,
degan hayqiriq
yangradi. Otilib chiqqan Umar qilichini shartta qinidan sug‘urib, havoda bir silkidi-da,
«Uning jonini mahv eturman», deganday tahdid qildi. Har tarafdan kiborlarning
«Yashavor, Xattobning o‘g‘li», «Umarday mardlar – Qurayshning faxri», degan qizg‘in
xitoblari eshitildi.
Umar qilichini taqib, Ka’bani tavof qildi, Safo tepaligiga qarab yurdi. Uning maqsadi –
janobi Rasulullohni jisman yo‘q qilish, shu tariqa Islomning g‘olibona yurishini to‘xtatib
qolish edi. U bu ishni qabila oldidagi burchi deb bilardi. Bo‘linib
ketgan Qurayshni
birlashtirib, avvalgi mavqeini tiklamoqchi edi.
Umar yo‘lda Abdulloh o‘g‘li Nuaymga duch kelib qoldi. Uning vajohatini ko‘rib, Nuaym
sergak tortdi. Umarni savolga tutdi:
– Yo‘l bo‘lsin, Xattob o‘g‘li?
– Arablar o‘rtasiga nifoq solayotgan Muhammadning vujudini yo‘q qilish uchun
ketyapman. U Qurayshni xarob qilyapti, allaqayoqdagi safsatalari bilan ota-bobolarimiz
diniga tajovuz qilyapti. Uning adabini berib qo‘yishni Makka kiborlari menga topshirishdi.
Nuaym titrab ketdi.
U hali Islomga kirmagan esa-da, agar Umarni chalg‘itmasa,
Makkaning eng rostgo‘y va halol kishisi Muhammadga biror kor-hol bo‘lishi mumkin. U
tezda bir qarorga keldi: