Bilish –
bu o‘rganilayotgan ob’ekt haqidagi axborotning hodisadan mohiyatga, mohiyatning
bir sathidan yanada chuqurroq ikkinchi sathiga, undagi yanada chuqurroq
uchunchi sathiga va h.k. o‘tishidir.
Masalan, zamonaviy tibbiyot insonni o‘rganishni avval uning anatomiyasi va
fiziologiyasidan, har bir a’zosining tuzilishi, ularning qanday faoliyat yuritishi
haqidagi axborotni to‘plash, tahlil qilish va umumlashtirishdan boshlagan. Keyin
a’zolarning normal faoliyat yuritish parametrlarini, o‘lchovlarini, me’yorini
aniqlagan. Agar kasallik yuz bersa, u yoki bu a’zoning normal faoliyatini tiklash,
kasallikni davolash yo‘llarini izlagan. Har bir giyoh, dori, parhez, ovqatlanish rejimi,
boshqa muolajalar ta’siri to‘g‘risida axborot to‘plab, o‘zaro qiyoslab, umumlashtirib
borgan. Fan rivojlanishi inson a’zolarini chuqurroq o‘rganishga, qon bosimi, qon
tarkibi, siydik, so‘lak, axlat kabilarning bioximik tahlili yordamida inson salomatligi
haqida axborot olish yanada chuqurlashdi. Labaratoriya tahlili, rentgen XIXasr oxiri
– XXasr boshlarida salomatlik to‘g‘risidagi axborotni yangi sifat bosqichiga
ko‘tardi. Muolaja ham, yangi dori-darmonlarning kashf etilishi, yaratilishi ham o‘z
navbatida yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Bu jarayoning asosida amaliy tajribalar,
nazariy izlanishlar natijasida to‘plangan, tahlil etilib, umumlashtirilgan tizimli
axborot turibdi.
Molekular biologiya va genetika rivojlanishi tibbiyotni yana yangi sifat
bosqichiga ko‘tardi. Inson genomida to‘plangan axborot ochildi. Endilikda tibbiyot
inson haqida DNKlar tuzilishi, ba’zi-bir genlarning patologiyasi darajasida
mulohaza yurita oladi. Tug‘ma, irsiy kasalliklarning ko‘pchiligini tibbiyot
davolashni o‘rgandi. Yaqingacha insoning ayrim ishdan chiqqan organlarini
almashtirish donorning organini unga o‘tkazish, transplatatsiya qilish orqali amalga
oshirilgan, hozir ham transplatatsiya asosiy usul bo‘lib qolmoqda. Lekin bugun irsiy
injeneriya, biotexnologiyalar va axborot texnologiyalari yordamida insoning ishdan
chiqqan organini uning g‘arovli hujayrasi yordami sun’iy o‘stirish, 3D printerlari
yordami almashadigan a’zoning aniq nusxasini yasash imkoni paydo bo‘ldi.
Oddiy kuzatuv (rangi, tili, tirnoqlari, ko‘zi, labi va badanidagi toshmalar,
uchuq, badan harorati va sh.k), so‘rov (qaeri og‘riyotgani, nima bezovta qilayotgani
haqida) orqali olinadigan kasallik haqidagi ichki va tashqi axborotdan tibbiyot
dastlab bioximik tahlillar beradigan axborotga o‘tdi. Bu axborot endi rentgen,
elektrokardiograflar, ultrotovush, tomograflar inson organizmiga, qon tomiriga
kiritiladigan nano kameralar kabi uskunalar beradigan axborot bilan to‘ldirilmoqda.
Axborot olishning texnik vositalari takomillashib borayotir. Bugun esa tibbiyot
inson organizmining yana chuqurroq sathiga kirib, axborot olishning yanada
yuksakroq darajasiga chiqdi – genetik darajaga.
Ko‘rinib turibdiki, tibbiyot(diagnostika) rivojlanishini inson organizmi va
salomatligi to‘g‘risida axborot olishning rivojlanishi sifatida talqin qilish mumkin.
Muolajana esa turli dori – darmonlar, vositalar, usullar ta’siri haqidagi axborotning
rivojlanishi, deya talqin qilish mumkin. Ijtimoiy hodisalar, jarayonlarni,
ma’naviyatini o‘rganuvchi fanlar taraqqiyotini ham informatsion yondashuv nuqtai
nazaridan tibbiyot taraqqiyoti kabi tasavvur etish to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, Alisher
Navoiy ijodi va asarlarini o‘rganishni olaylik. Yuz yil ilgari – XX asr 20-30 yillarida
dastlab Alisher Navoiyning haqqoniy tarjimai holini, yozgan asarlarining to‘la
ro‘yxatini aniqlash, bir joyga to‘plash, ilmiy tahlil qilish, noaniqliklarni
oydinlashtirish zarur edi. Chunki Navoiy hayoti haqidagi haqqoniy dalillar har xil
rivoyatlar, aniq isbotlanmagan taxminlar, farazlar bilan aralashib ketgan edi. Yozgan
asarlari har xil qo‘lyozma kitoblarda tarqalib ketgan, xattotlar ba’zan ko‘chirishda
xatolarga yo‘l qo‘ygan. Navoiy zamondoshlari asarlaridan, xotiralaridan,
Navoiyning o‘zining asarlari, undan keyin yashab o‘tgan tarixchilar, adiblar,
allomalar asarlaridan Navoiyga daxldor axborotlar yig‘ildi, tahlil etildi. Navoiyning
500 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yurtimizda filologiya ilmida alohida
navoiyshunoslik sohasi vujudga keldi.
Navoiy asarlarini o‘rganish ham dastlab ularni katta adadlarda chop etib, xalqqa
yetkazish, asarlarning mazmunini, yetakchi g‘oyalarini, insonparvarlik mohiyatini
tushuntirishdan boshlandi. Shundan buyon Navoiy hayoti va ijodi to‘g‘risidagi ilmiy
axborot har tomonlama kengayib, boyib, teranlashib kelmoqda. Navoiy asarlari
lug‘atlari tuzildi, nasriy tajrimasi amalga oshirildi. Asta-sekin Navoiy olg‘a surgan,
ifodalagan har bir falsafiy-gumanistik g‘oya, uning diniy-tasavvufiy qarashlari tahlil
qilina boshladi. Navoiy haqidagi ilmiy axborot biryoqlamalikdan qutilmoqda. Endi
uning har bir g‘azalini, dostonlarini badiiy mahoratining falsafiy, diniy-irfoniy
mazmunini ochib berishga o‘tmoqdamiz.
Zamon talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash, ta’lim tizimini –
umumta’lim maktablaridan to oliy ta’limgacha rivojlantirishning kelgusi
muvaffaqiyatlari ham ATni joriy qilishga bog‘liq. Qadimgi dunyo, antik davr, o‘rta
asrlar va yangi davr tarixini o‘rganayotgan o‘quvchi kompyuter ekranida mavzuga
doir ma’lumotlarni, mamlakatlarni, voqealarni, odamlarni, me’moriy yodgorliklar
va asoru atiqalarni, artefaktlarni ko‘rib aniq tasavvurga ega bo‘ladi. Yoki biologiya
darsida o‘simliklardagi fiziologik jarayonlarni, o‘simlik tanasida tuproqdan olingan
sharbatning (suvning), mineral moddaning, vitaminning harakatini o‘qituvchi
aytayotgan, darslikda yoritilgan jarayonni o‘z ko‘zi bilan ekranda ko‘rsa, uning
mohiyatini, mexanizmini teranroq tushunadi, idrok etadi. Ta’lim jarayoni yanada
intensivlashadi. Xullas, axborotlashtirish ilm-fanni rivojlantirish va modernizatsiya
qilishning yangi vositasiga va tendensiyasiga aylandi.
Zamonaviy fan ijtimoiy hodisa sifatida nafaqat olam, voqelik haqida ob’ektiv,
ilmiy bilimlar to‘plash va ulardan amaliyotda foydalanish vositasidir. U ayni paytda
ishlab chiqaruvchi kuchga aylanmoqda. Bu yuksak texnologiyalarga asoslangan
ishlab chiqarish qatorida insonning o‘ziga, uning kasbiy bilimlari, mahorati,
malakasi va mehnat ko‘nikmasiga ham taalluqli. Ishlab chiqarish konveyeri bugun
kompyuterlar yordamida boshqariladi. Xavfli va o‘ta aniqlikni talab qiladigan ishlab
chiqarish, konveyerlari avtomatlashtirilmoqda, ularda har xil dasturlashtirilgan
axborotlardan foydalanilmoqda. Yana bir muammo. Tabiat resurslari cheksiz emas,
qazilma boyliklar kamayib, tugab borayotir, yoki yetishmayotir. Ularning o‘rnini
bosadigan sun’iy xomashyo, sun’iy tolalar, sintetik yoqilg‘i, plastmassalar,
polietilenlar, sun’iy kristallar, yarimo‘tkazgichlar va h.k.larga talab kundan-kun
ortib bormoqda. Bularni ishlab chiqarish korxonalariga zamonaviy ilm-fan yetkazib
bermoqda. Boshqacha aytganda, zamonaviy fan ishlab chiqaruvchi kuch sifatida
namoyon bo‘layotir. Bu tendensiya yidan-yil kuchayib, rang-baranglashib
bormoqda.
Zamonaviy energetikani, ayniqsa atom elektr stansiyalarini, atom
energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni, har xil izotoplarni ishlab chiqarish
va tibbiyot sohasida qo‘llashni fan yutuqlarisiz tasavvur etish qiyin. Ilgari ma’lum
texnik detalni, butlovchi qismni ishlab chiqarishga keng joriy qilish uchun avval
uning etalon namunasini eng malakali, yuksak razryadli ishchi dastgohda chizmalar
asosida yaratgan. Loyiha-konstruktorlik muassasalarida yuzlab kishilar uning
chizmalarini tayyorlagan. Zavodning qoshidagi konstruktorlik byurosining injener-
texnikalari va yuksak malakali ishchilari yuqorida aytilgan etalon-namunasini
yasagan. Endi chizmalarning aksariyatini kompyuter yordamida yaratish, raqamli
dasturlashtirilgan dastgohlar yordamida etalon-namunani yaratish imkoni paydo
bo‘ldi. Dastgohni boshqaradigan qurilma xotirasiga etalon-namunaning parametrlari
kiritilsa bas, qolgan ishni dastgohning o‘zi bajaradi. Yuz yil avval ishchi
boshlang‘ich ma’lumotga ega bo‘lsa, ishlab chiqarish instruksiyalarini o‘qib tushuna
olsa, kifoya edi. 50 yil burun malakali ishchidan 7-8 yillik umumiy va 1-1,5 yarim
yillik kasb-hunar ma’lumotini egallash, chizmalarni tushunish talab qilinar edi.
Bugun malakali ishchidan axborot texnologiyalarini kasbi taqozo etadigan darajada
o‘zlashtirish, umuman o‘rta maxsus bilimga ega bo‘lish talab etilmoqda.
Kelajakda energiyaning muqobil turlaridan keng foydalanish, uning ulushini
yildan-yil oshirib borish, inson sog‘lig‘iga zarar yetkazmaydigan irsiy
modifikatsiyalashgan serhosil o‘simliklar navlarini, chorva mollari, parrandalar
zotini yetishtirish istiqbollari bevosita ilmiy-texnika taraqqiyotiga bog‘liq.
Aytilganlardan oydinlashadiki, fan zamonaviy jamiyatda ishlab chiqaruvchi kuchga
aylanib borayotir. Yuksak texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot sohalarida u
allaqachon ishlab chiqarish kuchiga aylanib bo‘ldi. Masalan, atom elektr stansiyasi
ilmiy-tekshirish institutlaridan kam farq qiladi, biotexnologik ishlab chiqarish
korxonasi laborotoriyaga o‘xshaydi. Gap ularning tashqi o‘xshashligida emas, balki
ish jarayonining ilmiy sig‘imi, ITI (ilmiy-tekshirish institutlari) va ilmiy
laboratoriyadagidek kattaligida. Iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham bu jarayon
jadal suratlarda davom etmoqda.
Fanning bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishi katta ijtimoiy va
ma’naviy ahamiyatga ega. Birinchidan, bu turmush farovonligining yuksalishiga
xizmat qiladi. Ikkinchidan, insonni og‘ir qo‘l mehnatidan, individual texnologik
xavf-xatardan (masalan, charchoq bosib dastgoh ortida, shofyorning rulda bir necha
soniya ko‘zi yumilib, avariyaga uchrashidan) xalos qiladi. Uchinchidan, ish kuni
soatlarini qisqartirib, odamlarning bo‘sh vaqtini, dam olish va o‘z ustida ishlash
imkoniyatlarini ko‘paytiradi. To‘rtinchidan, inson ma’naviyatini, dunyoqarashini
yangi ijobiy bilimlar bilan boyitadi, kasbiy malakasini yuksaltiradi. Beshinchidan,
xalqlarni, milliy madaniyatlarni yanada yaqinlashtiradi.
Lekin, alohida ta’kidlash joizki, fanning bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga
aylanishi, u talab qiladigan kadrlarni tayyorlashda ilmiy-texnik axborotlar hajmi va
sifati keskin oshishi, agar ma’naviy tarbiyaga, ta’limni gumanitarlashtirishga yetarli
e’tibor berilmasa, bir tomonlama texnokratik qarashlar kuchayishiga olib kelishi
mumkin. Demak, fanning ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishi, ta’lim-tarbiya
tizimini yanada gumanitarlashtirishni talab qiladi. Globallashuv va boshqa ob’ektiv
zarurat tufayli dunyo miqyosida yagona axborot maydonining (makonining)
vujudga kelishi ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning qonuniyatidir. Yagona axborot
maydoni – ob’ektiv va zaruriy ijtimoiy hodisa. U kimningdir, qaysidir guruhlarning,
manfaatdor kuchlarning xohish-istagi tufayli paydo bo‘lgani yo‘q. Yagona axborot
maydoni milliy chegaralarni bilmaydi, uni sun’iy toraytirish va cheklash imkonsiz.
Faqat radio, televidenie, kompyuterlar, mobil va telefon aloqalaridan voz kechib,
boshqa biror davlatga fuqarolarni deyarli chiqarmasdan, begonalarni deyarli
kiritmasdan, ya’ni milliy mahdudlikka yuz burib, faqat o‘z qobig‘iga o‘ralib, o‘rta
asrlar turmush tarziga qaytib yagona axborot maydonidan ihotalanish mumkin.
Tarix g‘ildiragi ortga aylanmaydi. Bundan tashqari, hech kim shamga, qora moy
chiroqqa, eshak va ot aravaga, omochga, qo‘shga qaytishni istamaydi.
Shunday ekan, bizning o‘zimiz jahon axborot maydoniga moslashmog‘imiz,
ziddiyatli axborotlar qurshovida yo‘limizni to‘g‘ri topishni o‘rganmog‘imiz zarur.
Bugun yoshlarimiz radio, televidenie, matbuot va internet orqali har xil ma’lumotlar,
axborotlar olayotganiga fikr bildirib, Islom Karimov adolatli ta’kidlaganidek:
“Jahon axborot maydoni toboro kengayib borayotgan bir sharoitda bolalarimizning
ongini faqat o‘rab chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya
berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning
talabiga ham, bizning ezgu maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi...biz
davlatimiz kelajagini o‘z qobig‘imizga o‘ralib qolgan holda emas, balki
umumbashariy va demokratik qadriyatlarni chuqur o‘zlashtirgan holda tasavvur
etamiz”.
11
Ayni paytda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan
himoya qilish zarur. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasi 2017 yil 15 avgustda tegishli qonunni qabul qildi. Senat toonidan u 24
avgustda ma’qullandi va Prezident uni 8 sentabrda imzoladi.
Globallashuv va fanning bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylanishi,
texnologiyalar yangilanishining tezlashuvi, “axborot portlashi”, ijobiy va salbiy
mazmundagi axborotlar o‘rtasidagi chegaraning yanada nisbiylashib, ko‘p hollarda
yo‘qolib, ekletik xarkaterdagi axborotlar ko‘payib borayotgani dunyo miqyosida
axborotni tizimlashtirishni, xalqaro internet tarmog‘ini ijobiy yo‘nalishda yanada
rivojlantirishni taqozo etmoqda. Xalqaro miqyosda kiberxavfsizlik, axborot
xavfsizligi bo‘yicha samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, huquqiy (xalqaro va milliy
huquq) jihatdan mustahkamlash har tomonlama dolzarb muammoga aylandi.
Xalqaro miqyosda so‘z erkinligini, axborot olish erkinligini va huquqiy, vijdon va
e’tiqod erkinligini ekstremizm, terrorizmni targ‘ib etishning oldini olish zarurligi
bilan bog‘lab yangicha talqin etish maqsadga muvofiqdir. Ushbu tushunchalarning
yarimasr avvalgi talqini bugungi globallashuv, axborot texnologiyalari va xalqaro
ziddiyatlarning kuchaygan davri talablariga yetarlicha javob berolmay qoldi.
Globallashuv insoniyat hayotining barcha sohalarini, yo‘nalishlarini qamrab
oldi. Globallashuvning o‘zi qaysidir ma’noda axborotning miqdor va sifat jihatdan
tez ko‘payishi va tarqalishi oqibatida vujudga keldi. Uning davom etishi va
rivojlanishi yana axborot va aloqa tizimlarining rivojlanishiga bog‘liq. Ijtimoiy
hayot va faoliyatning har bir shakli, yo‘nalishi, yirik voqealari va jarayoniga oid
axborotlarni tizimlashtirish va tez tarqalishini ta’minlash globallashuvni
11
Ислом Каримов. Юксак маънавият – енгилмас куч. 114-бет
oziqlantiruvchi, rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib qolaveradi. Fanning bevosita ishlab
chiqaruvchi kuchga aylanishi, bir tomondan, ilm-fanning integratsiyasini hamda
differensiyalashuvini kuchaytirib, yangi fanlar, fan tarmoqlarini shakllantirmoqda.
Ikkinchi
tomondan
– yana to‘plangan ilmiy bilimlarni, axborotlarni
tizimlashtirishga,
internet
tarmog‘ini yanada rivojlantirishga ehtiyojni
kuchaytirmoqda.
Internetdagi
axborotlarning
geometrik
progressiyada
o‘sishi ularni
tizimlashtirish qatorida internet tarmog‘ini buzg‘unchi g‘oyalardan, terrorizm va
ekstremizmni
targ‘ib
etuvchi
axborotdan
tozalashni,
himoyalashni
dolzarblashtirmoqda. Bu borada xalqaro huquq tizimi takomillashuvi, qonun yo‘li
bilan internet tizimiga axborotlarni joylashtirish masalalari tartibga solinishi zarur.
Mamlakatlar o‘rtasida ham, internetning Google, Facebook va boshqa tarmoqlari
egalari va provayderlari bilan ham axborotlarni sistemalashtirish, tarmoqni
qo‘poruvchilik, ekstremistik, pornografik mazmundagi axborotdan himoyalash
borasida kelishuvlarga erishish zarur.
Mustaqil O‘zbekistonning har tomonlama barqaror rivojlanishi bizning
jahonning umumiy axborot makoniga, internet tizimiga qanday, qaysi tomoyillar
asosida integratsiya bo‘lishimizga, barcha foydali, ijobiy ilmiy, ilmiy-texnikaviy,
texnologik, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, badiiy-estetik axborotlarga keng yo‘l ochib,
ulardan xalqimiz keng qatlamlarini, birinchi galda mutaxassisliklarni egallayotgan
yoshlarni bahramand etishimizga, har qanday salbiy mazmundagi g‘oyalarni,
qarashlarni tarqatadigan axborotdan himoyalana olishimizga, yoshlarda mafkuraviy
immunitetni shakllantirishimizga bog‘liq.
Aslini olganda, kompyuter bandiligining 90 %i – axborot bandiligidir. Internet,
ijtimoiy tarmoqlar, instagramalar, hatto elektron o‘yinlarning aksariyati yangi
axborot olishga yoki tarqatishga intilishdir. Bandi inson miyasi giyohvand miyasi
kabi tashqi qitiqlovchiga o‘rganib qolgan. Usiz qonga adrenalin, yoki o‘zini tinch –
xotirjam, baxtli sezish uchun zarur garmonlarni yetarlicha ajratmay qo‘yadi. Faqat
giyohvanddan, alkogolikdan farqli, kompyuter bandisi narkotik yoki spirtli ichimlik
emas, yangi axborot olishi kerak. Bu axborot qanday mazmunda bo‘lishi, uning
kerakli yoki keraksizligi, foydali yoki zararligining ahamiyati yo‘q. Axborot bo‘lsa
bas. Shu sababdan yoshlarning axborot bandiligiga tushib qolishining oldini olish
lozim. Buning asosiy yo‘llaridan biri sifatli va foydali axborotni o‘zining uni
o‘zlashtirish real imkoniyatlaridan kelib chiqib olishdir. Buning asosiy vositasi esa
kitobxonlik, kitob o‘qishdir(shu jumladan, elektron shakldagi kitoblarni o‘qish).
Albatta, mazmuni shubhali, buzg‘unchi g‘oyalarni, behayolik va zo‘ravonliki targ‘ib
etadigan kitoblarni o‘qish foyda bermaydi. Yuksak did, mafkuraviy immunitet
haqida ko‘p gapirilishi bejiz emas.
Kitob o‘qish orqali o‘zlashtiriladigan axborot insonning aql eldagidan o‘tadi,
bemalol tahlil qilinadi. TV va boshqa vizual – elektron vositalar orqali esa tayyor
xulosalar, fikrlar odamga singdiriladi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvar
farmoyishi qabul qilingani sababi ham shunda.
Do'stlaringiz bilan baham: |