www.ziyouz.com
kutubxonasi
52
Chin, bu o‘sha... Madiev bo‘ldi. O’sha daroz shoir bo‘ldi.
«Tavba, — dedi Botir firqa. — Bular o‘zi nima istaydi? Bu bilan nima demoqchi? O’zlarini
namozxon qilib ko‘rsatmoqchimi? O’zlarini shariat peshvolari qilib ko‘rsatmoqchimi?»
— Bismillohir rahmonir rohiym... — deya so‘z boshladi Madiev.
«Avvalo, gap ismi sharifdami? — dedi Botir firqa. Masalan, men o‘zimni al-kommunist...
ibn firqa... deya atasam, shariat peshvosi bo‘lib qolarmidim? Namozxon bo‘lib
qolarmidim?»
Madiev nutqini Oroldan boshladi. Bir-ikki marta Orol-Orol, dedi. Keyin...
— Janoblar, aftidan, keksa avlod osonlikcha taslim bo‘lmoqchi emasga o‘xshaydi.
Keksa avlod osonlikcha jon bermoqchi emasga o‘xshaydi! — dedi. — Shu sababdan,
keksa avlod duch kelgan narsaga yopishmoqda. Ko‘ziga ko‘ringan narsaga tish-tirnog‘i
bilan yopishmoqda. Ha, bu tabiiy hol. Cho‘kayotgan odam cho‘pga yopishishi tabiiy hol.
Sizga ma’lumki, keksa avlod urush g‘alabasiga yopishib ko‘rdi. Biz g‘alaba qozondik, deb
ko‘kraklariga orden-medallar taqdilar. Paradlar o‘tkazdilar. Janoblar, g‘alabani oddiy
soldat qo‘lga kiritgan, oddiy soldat! G’alaba qozonganlar Yevropa qabrlarida yotibdi. Ular
yigirma million, ha, yigirma million! Keksa avlodning totalitarizm o‘tmishlari, militarizm
kechmishlari endi o‘tmaganidek, bu yolg‘on da’volari ham o‘tmaydi! Janoblar, keksa
avlod o‘zlari ona-vatanimizni zulmatga aylantirgan totalitarizm rejimiga, ona xalqimizni
qulga aylantirgan o‘sha militarizm tuzumiga sizni ham, bizni ham qaytarish uchun yosh
avlodning... etagidan tortmoqda, ha, etagidan tortmoqda!
Xalq... ko‘klam yellaridan chayqalmish bug‘doyzor misol... to‘lqinlanib-to‘lqinlanib oldi!
Xalq... ko‘kni ko‘tardi!
— O-o-o! U-u-u! — deya nido etdi.
Botir firqani ko‘ksi qizidi. Ko‘ksi yondi. Ko‘ksi g‘alayon etdi.
— O’rtoq Rajabov, uyga mehmon kelmoqchi edi,— dedi.
— Meniyam ishim bor edi, — dedi Rajabov.
— Unda, ketdik!
Ular odamlarni yorib-yorib yurdi. Katta ko‘chaga chiqib oldi.
48
Botir firqa yelkadan nafas oldi. Yuzlarini ro‘molcha bilan artdi.
Rajabov... og‘iz to‘ldirib-og‘iz to‘ldirib tupurdi. Qaqirib-qaqirib tupurdi. Bosib-bosib burun
qoqdi.
— Bular nima deyapti, o‘rtoq Rajabov?
— Itim biladimi, nima deyapti!
— Gapira beradi-da.
— Shu-da, o‘rtoq Esonov. Minbarga otilib chiqib, laqillayveradi-da.
— O’z oti o‘zi bilan qayta quruvchi-da.
— Nima, shulardan boshqa qayta quruvchi yo‘qmi?
— Bor, mana, siz, biz ham qayta quruvchimiz.
— Bo‘pti-da, hozir hamma qayta quruvchi.
— Endi bular lider, ha, lider!
— Qaysi, o‘shalarmi? Mahmadona, deng, mahmadona.
— Yo‘q, ular intellektual, o‘rtoq Esonov, ha, ular intellektual.
— Men bularni yuzida ham, so‘zida ham intellektuallik ko‘rmayapman, o‘rtoq Rajabov.
— Bor, siz bilan biz yoshlarni bilmaymiz, bor. Yoshlar Nitssheni o‘qigan, Kamyuni
o‘kigan, Prustni o‘kigan, Freydni o‘qigan.
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |