partiyadan o‘chiraman, desayam buncha odam kelmas edi. Demokratiya sharofati bu,
demokratiya sharofati».
Botir firqa odamlarni yorib yurolmadi. Ichkariroq kirolmadi. Tevarak-bosh alangladi.
Azim chinor ostida turmish bir kishiga ko‘zi tushdi.
Bu kishi — sobiq obkom sekretari o‘rtoq Rajabov bo‘ldi.
U ana shu Rajabovni qoralab bordi. Rajabov bilan ko‘rishib-so‘rashdi. Qo‘llarini kostyumi
cho‘ntaklariga soldi. Minbarga qaradi. Yig‘ilish boshlanishini poyladi.
O’rta yashar kishi bir minbarga qaradi, bir Botir firqaga qaradi, bir chinor shoxlariga
qaradi.
— Biz ham bor, mana shu chinorlar ham bor. Nima dedingiz? — dedi.
— Chin, chin, — dedi Botir firqa. — Chinorlar ham bor... biz ham bor!
— Shu chinorlargayam... yigirma yillar bo‘lib qol-di-yov?
— Unday, past ketmang. Bu chinorlarni umri... yarim asrdan oshib ketdi.
— Yarim asr? Gapingizda jon bor. Chunki men ham bor, shu chinorlar ham bor.
— Shunday, asrlik chinorlar, shunday.
— Qarang, yarim asrdan ziyod el-yurtga soya-salqin berib keladi-ya?
— Shunday, shunday.
— Boboning tol tikkani — o‘ziga nom ekkani, deydilar. Qaysi bir... ota-bobolarimiz ekib
ketgan-da?
Botir firqa yuzlarini chetga burib kulimsidi. Chinor shoxlariga qarab kulimsidi.
— Kim biladi, — dedi.
— Qarang, butun bir xiyobonni yashnatib turibdi. Yaxshidan... bog‘ qoladi, deganlari
shu-da?
Botir firqa ko‘zlarini olib qochib kulimsidi. Bosh irg‘ab-bosh irg‘ab kulimsidi.
— Chin, yaxshidan bog‘ qoladi, chin, — dedi.
— Shu chinorlarni kim ekib ketgan bo‘lsayam... joyi jannatda bo‘lsin!
Botir firqa oyoqlari uchiga tikildi. Botir firqa xiyol xo‘rsindi. Botir firqa xiyol qizardi.
«Rahmat, rahmat», — dedi ichida.
Shu vaqt, minbarga qayta quruvchi demokratlar ko‘tarildi. Joy-joyini egalladi.
Yig‘ilish Orol dengizini himoya etish haqida bo‘ldi.
Orol himoyachilari birin-birin minbar ko‘tarildi. Alang-jalang nutqlar so‘zladi.
Botir firqa nutqlarni qunt bilan eshitdi. Ung qulog‘ini notiqlarga qaratib eshitdi. Kaftini
qulog‘iga yelpana etib eshitdi.
Botir firqa bir narsani fahmlab qoldi: ular nutqini Oroldan boshlab... boshqa gaplarga
burdi. Orol nomi butunlay yo‘qoldi.
Yig‘ilish Orol haqida bo‘ldi. Chinorlarda osig‘lik shiorlar Orol haqida bo‘ldi. Minbar betida
ilig‘lik alvon chaqiriq Orol haqida bo‘ldi. Nutqlar boshlanishi-da Orol haqida bo‘ldi. Keyin,
Orol nomi... tamomila g‘oyib bo‘ldi!
«Bularni dardi Orol emas, — dedi Botir firqa. — Yo‘q, bularni qayg‘usi Orol emas.
Bo‘lmasa, nima?»
— Endi so‘z... Mirzabulloh ibn Usmon o‘g‘li al-Madiyga!
Yig‘ilish ahli chayqaldi. Yig‘ilish ahli; qarsak chaldi.
«Ismi sharifidan... Arabistondan mehmon kelgan chiqadi, — dedi Botir firqa. — Ismi
sharifidan... arab shayxlaridan bo‘lsa kerak».
Minbarga darozdan-daroz bir bola chiqib keldi.
Botir firqa keksa ko‘zlariga ishonmadi. Ko‘krak cho‘ntagidan ko‘zoynagini olib taqdi,
e’tibor berib qaradi.
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |