30
Istiqlol yillarida mamlakatimizda ta’lim tizimi tubdan isloh etilib, ertangi
kunimizning munosib davomchilari bo‘lgan barkamol avlodni voyaga yetkazishga
alohida e’tibor qaratilmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida
qabul qilingan sohaga oid qonunlar, farmonlar, davlat dasturlariga binoan ko‘plab
ta’lim muassasalari yangidan qurildi, ta’mirlandi, eng zamonaviy o‘quv anjomlari
bilan ta’minlandi.
Mamlakatimizdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida olib borilayotgan islohotlar,
umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya samaradorligini
oshirishning zamonaviy
usullari, kelgusidagi rejalar xususida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi xalq
ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Doniyorov bilan suhbatlashdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-
yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi qarori ota-onalar, pedagoglar, butun xalqimizni mamnun etdi.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash
borasida qanday ishlar
amalga oshirilmoqda?
– 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan keng ko‘lamli kompleks tadbirlarni amalga
oshirishni ko‘zda tutadigan mazkur qaror hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron
avlodning har tomonlama sog‘lom, yuksak ma’naviyatli bo‘lib kamol topishi
yo‘lidagi muhim hujjatdir. Unda bolalarni maktabga tayyorlash
darajasini tubdan
yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlarini tatbiq etish,
bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish
uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish belgilangan. 2200 maktabgacha ta’lim
muassasasining moddiy-texnik
bazasini mustahkamlash, qishloq joylarda yangi
maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, ularni zamonaviy talablarga javob
beradigan
inventar, jihozlar, o‘quv-metodik qo‘llanma va multimediali vositalar
bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Yangi loyiha asosida bunyod etiladigan
muassasalarda qulay sharoitga
ega yozgi ayvonchalar, suzish basseynlarini qurish
ko‘zda tutilgan. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 2,2 trillion so‘m
ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
31
Dastur doirasida 5-6 yoshli bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash bo‘yicha
muqobil shakllarni yaratish va rivojlantirish yuzasidan keng qamrovli ishlar
amalga oshiriladi. Mamlakatimiz maktabgacha ta’lim muassasalarida 6 ming 100
qisqa muddatli guruh tashkil etiladi. Ularni, birinchi navbatda,
qishloq joylarda
tashkil etishga e’tibor qaratiladi. Bunday guruhlarda maktabgacha yoshdagi bolalar
uchun turli rivojlantiruvchi amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi. Shu asosda har yili
305 mingdan ortiq 5-6 yoshdagi bolani maktab ta’limiga tayyorlash imkoniyati
yaratiladi.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan 3-6 yoshli bolalarning
ota-onalarini metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash va ular bilan tushuntirish
ishlarini olib borish orqali maktab ta’limiga tayyorlashning muqobil tizimi ham
joriy etiladi. Qaror bilan belgilangan kompleks tadbirlarning
amalga oshirilishi
natijasida bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi 1,5 barobarga oshadi. 2021-
yilga kelib mamlakatimizda maktabgacha ta’lim muassasalari 1 million 109
mingdan ortiq bolani qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2017-yilda ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasidan foydalangan holda maktabgacha
ta’lim-tarbiya tizimi uchun muqobil dasturlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq
qilinadi. Yangilangan dasturlar bolalarni maktabga yanada sifatli tayyorlashga,
ularning intellektual qobiliyati va mantiqiy fikrlash
salohiyatini yuksaltirishga,
oldingidan farqli ravishda yozish va o‘qishni yanada yaxshiroq o‘rganishiga xizmat
qiladi.
– Prezidentimiz mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning
asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim
ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan
majlisidagi ma’ruzasida o‘quv reja va dasturlarni tubdan qayta ko‘rib
chiqish
masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bu boradagi vazifalar ijrosini ta’minlash
yuzasidan rejalashtirilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalsangiz.