Tugundagi limfa harakati. Tugunga limfa olib keluvchi tomirlar tugunning qabariq
tomonidan kirib, u dastlab chekka yoki kapsula osti sinuslariga (sinus subcapsularis) quyiladi.
Bu sinuslar tugun kapsulasi va follikullar orasida joylashgan bo’ladi. Ularning tashqi devorini
hosil qiluvchi endoteliy hujayralari bazal membranada yotib, tuzilishi jihatdan limfa
tomirlarining endoteliy hujayralaridan deyarli farqlanmaydi. Sinuslarning follikullarni qoplab
turuvchi ichki devorida esa endoteliyga o’xshash yassilashgan retikulyar hujayralar bo’lib,
ularning orasida yoriqlar ko’rinadi, lekin bazal membrana bu yerda bo’lmaydi. Endoteliy
hujayralari orasidagi yoriqlar orqali tugunda hosil bo’lgan yangi limfotsitlar limfaga tushishi
yoki aksincha, limfa suyuqligidan tugunga o’tishi mumkin. Limfa chekka sinuslardan oraliq
cinuslarga yoki follikullar va trabekulalar orasida joylashgan sinuslarga (sinus corticalis
perinodularis) o’tadi. Ulardan limfa suyuqligi mag’iz moddaga o’tib, bu yerdagi mag’iz tasmalar
va trabekulalar orasidagi mag’iz sinuslarga (sinus medullaris) quyiladi. Shuni ta’kidlash kerakki,
oraliq va mag’iz sinuslarning devoir yuqorida ko’rsatib o’tilgan chekka sinuslarning ichki
devoriga aynan o’xshash tuzilishga ega bo’ladi. Ularda ham endoteliy hujayralari orasida
yoriqlar bo’lib, endoteliy hujayralari orasida makrofaglar uchraydi. Mag’iz sinuslaridan limfa
suyuqligi darvoza sohasida joylashgan markaziy sinusga (sinus centralis) yig’iladi va tugunning
darvozasidan olib ketuvchi limfa tomiri orqali chiqib ketadi.
Tugundan o’tish davomida limfa suyuqligi yot antigenlardan tozalanadi, yangi
limfotsitlar va antitelolar bilan boyyitiladi. Limfa tugunlarining o’zida yot zarrachalar va o’sma
hujayralarini tutib qolish xususiyati ularni turli kasalliklarda o’zgarishga olib keladi.
Qon aylanishi.
Arteriya tugun darvozasi orqali kirib, asosan, ikki qismga
tarmoqlanadi. Birinchi qismi kapsula va trabekulalar tomon yo’nalsa, ikkinchisi po’stloq va
mag’iz moddalarda kapillyarlar to’rini hosil qiladi. Bu to’rdan postkapillyar venulalar boshlanib,
ular venalarga yig’iladi va tugun darvozasidan vena shaklida chiqib ketadi. Sog’lom organizmda
qon hech qachon sinuslarda uchramaydi. Faqat ba’zi kasalliklarda sinuslar ichida ko’p miqdorda
eritrotsitlar va granulotsitlar uchrashi mumkin. Limfa tugunlarining bu hildagi o’zgarishini
odamda va sutemizuvchilarda uchrab turadigan gemolimfatik tugunlardan farq qilish muhim
amaliy ahamiyatga ega.