223
joylashadi.
Pastki kovak vena tashqi qavati eng kuchli taraqqiy etganligi bilan xarakterlanadi. Ichki
qavati endoteliy va uning ostida yotgan yupqagina endoteliy osti qatlamlaridan iborat. Endoteliy
osti qatlamida uzunasiga yo`nalgan ayrim silliq mushak hujayralari uchraydi. Urta qavat ham
sust taraqqiy etgan va undagi ayrim silliq mushak tutamlari aylanasiga joylashgan. Adventitsiya
qavati juda qalin bo’lib, u ichki va o’rta qavatlarining qalinligi yig’indisidan ham bir necha marta
qalin. Tashqi qavatda uzunasiga yo’nalgan silliq mushak hujayralarining yo’g’o.n tutamlari
yotadi. Bu yerda biriktiruvchi to’qima tolalari mushak tutamlari orasida yupqa qatlamlar hosil
qiladi. Venalarning tashqi va o’rta qavatlarida qon tomirlarning tomirchalari va nerv tolalari
kuzatiladi.
Ba’zi a’zolar qon tomirlarining o’ziga xos tuzilishi. Qon tomirlarning ba’zi bo’limlari
a’zolarga xos tuzilishga ega. Masalan, kalla suyagi arteriyalari devorining o’rta va tashqi
qavatlarida elastik elementlarining sust rivojlanganligi bilan ajralib turadi; tashqi elastik memb-
rana esa umuman bo’lmaydi. Ichki elastik membrana esa, aksincha, yaqqol ko’rinib turadi. Bosh
miya arteriyalari ham xuddi shunday xususiyatlarga ega. Kindik arteriyasida ichki elastik
membrana bo’lmaydi. Ensa arteriyasi devorining ichki pardasida silliq mushak hujayralari
tutamlari kuchli taraqqiy qilgan. Buyrak, ichak tutqich, taloq va toj arteriyalari devorining tashqi
pardasida bo’ylama yo’nalgan silliq mushak hujayralari tutamlari yaxshi rivojlangan. Bachadon,
jinsiy olat, yurakning so’rg’ichsimon mushagi va kindik tizimchasi arteriyalarida, ayniqsa uning
yo’ldoshga o’tish joyida, silliq mushak hujayralari tutamlari ham ichki hamda tashqi qavatlarda
uchraydi.
Ba’zi bir venalar ham qaysi a’zoda joy1ashishiga ko’ra o’ziga xos tomonlari bilan
farqlanib turadi. Masalan, o’pka va kindik venalarida o’rta pardasidagi sirkulyar yo’nalgan silliq
mushak qavati yaxshi rivojlangan bo’ladi va arteriolalarni eslatadi. Yurak venalari esa o’rta
qavatida bo’ylamasiga yo’nalgan silliq mushak hujayralarini tutadi.
Darvoza venasining o’rta pardasi ikki: ichki aylana va tashqi bo’ylama mushak
qavatlaridan iborat. Ba’zi venalar, masalan, yurak venalari o’z tarangligini oshiruvchi elastik
membrana tutadi. Bu esa doimo qisqarib turadigan a’zoda venalar ichki bo’shlig’ining muntazam
ochiq bo’lishini ta’minlab turadi. Yurak qorinchalarining chuqur venalari sinusoid
kapillyarlarisimon tuzilgan bo’lib, devorida mushak hujayralari va elastik membranalar
tutmaydi. Yurakning epikard qavatida joylashgan venalarida bo’ylamasiga yo’nalgan silliq
mushak hujayralari uchraydi. Buyrak usti bezi venalarining ichki qavatida bo’ylamasiga
yo’nalgan silliq mushak hujayralari yostiqchasimon bo’rtib joylashadi. Jigar venasi, ichak shilliq
osti pardasidagi venalari, burun shilliq qavatining venasi, jinsiy olat venasi va boshqa venalar
qon oqishini boshqarib turuvchi mushakli sfinkterlar bilan ta’minlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: