THE CHARACTERISTICS OF PERSONAL RELIGIOSITY IN DIFFERENT PSYCHOLOGICAL
APPROACHES
Shukurov R.E. – PhD student of the Department of "Management Psychology and
Leadership" of the Institute for Study of Youth Problems and Training Prospective Personnel at
the Academy of Public Administration under the President of the Republic of Uzbekistan
Annotation.
The views of scientists in the creation of scientific criteria for the science of
religious psychology are presented in the article. The views of scholars who have taken a
philosophical approach to the concepts of religion, religiosity, and the religiosity of the individual. It
also covers the role of the socio-psychological characteristics of a religious person in the system of
theories of foreign scientists.
Key words:
psychology, psychotherapy, religion, religiosity, personality religiosity, emotion,
transcendence, religious experience, belief.
Jahon miqyosida ilm-fanni rivojlantirish uchun olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarida din,
dindorlik va shaxs dindorligiga oid masalalar o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Shu sababli, shaxs
dindorligi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar jamiyat nigohida turadi va muhokamali mavzulardan biri
hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur muammolar yuzasidan fikrlar doirasi juda keng, ammo emperik
ravishda isbotlangan dalillar judayam kam hisoblanadi. Faqatgina, ijtimoiy tizimlar va shaxs dindorligi
o‘rtasidagi munosabatni chuqur o‘rganish orqali dindor shaxsni shakllantirishdagi ijtimoiy-psixologik
muammolarni bartaraf etishning ilmiy asosini shakllantirsa bo‘ladi.
Mamlakatimizda din psixologiyasining ijtimoiy muammosining yuqori ommaviy ahamiyati
ushbu sohada olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning nisbatan kamligi bilan belgilanadi. Bu yo‘nalishni
rivojlantirishda esa shaxs ruhiyatidagi dindorlik holati va uning ijtimoiy o‘zaro harakatlar bilan
bog‘liqligi to‘g‘risida nazariyalarning yetishmasligi juda ham seziladi. Shuning uchun ham biz o‘z
ishimizda yuqoridagi muammolar yuzasidan olimlarning qarashlarini keltirib o‘tdik.
Dindorlik va shaxs dindorligi tushunchalari ijtimoiy-psixologik hodisa sifatida din psixologiyasi
va psixologiyaning boshqa fan tarmoqlarining predmeti hisoblanadi.
Psixologiya fanidan tashqari mazkur muammo falsafa fani nuqtayi nazaridan ham o‘rganiladi.
Din va dindorlik tushunchalariga qadimgi faylasuflardan D.Yum, I.Kant, V.Gegel, S.Kerkegor va
boshqa olimlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib borganlar. Mazkur faylasuflarning ilmiy yondashuvlarida
dindorlik, shaxs dindorligi va eʼtiqodlariga nisbatan qarashlar farqli bo‘lishiga qaramay, bu borasida
baʼzi umumiy qoidalar ishlab chiqilgan. Falsafiy lug‘atlarda dinga quyidagicha taʼrif berib o‘tiladi. Din
bu – dunyoqarash va munosabatdir. Bu dunyoqarash va munosabat g‘ayritabiiy ilohiy bir yagona
kuch yoki ko‘plab ilohiy kuchlar borligiga ishonishga asoslangan munosib va aniq xatti-harakatlar
tizimida shakllanadi. Din maʼlum bir insonda dindor shaxs ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Shuning
uchun ham, din va shaxsning dindorligi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular ijtimoiylashuv
jarayonida yuzaga keladi. Ijtimoiylashuv jarayoni juda murakkab bo‘lib, unda shakllanuvchi barcha
jarayon va hodisalar maʼlum bir psixologik tadqiqotlarni talab etadi va ularni rivojlantirishga xizmat
qiladi.
Yuqorida taʼkidlar din, dindorlik va dindor shaxs tushunchalari din psixologiyasining predmeti
ekanligini isbotladi. Bu tushunchalarni o‘rganish uchun esa juda ko‘plab olimlar o‘z tadqiqot ishlarini
olib borganlar. Ulardan biri esa T.Flurnua hisoblanadi. Olim ilmiy tadqiqotlari asosida din
psixologiyasining asoslarini shakllantirdi. T.Flurnuaning ilmiy nazariyalariga asoslanib, ko‘plab
psixologlar din psixologiyasiga oid asarlarni yaratdi. T.Flurnua o‘z nazariyasini tahlillarida ilmiylik
mezonlariga javob beradigan din psixologiyasiga oid bo‘lgan asarlarga tayangan holda ilgari surdi.
225
TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
ILMIY AXBOROTLARI 2020/6
T.Flurnua har bir din psixologiyasiga oid asar yoki nazariyalar quyidagi ilmiylik mezonlariga
javob berishi kerak ekanligini taʼkidladi:
Ilmiylikning birinchi mezoni alohida faktlardan chetga chiqish va qonunlarni oshkor qilish yoki
dalillarni tasniflash xohishi.
Ilmiylikning ikkinchi mezoni dinning tashqi ko‘rinishlaridan tashqari, uning subyekt ongida aks
ettirishni ham taklif etish.
Ilmiylikning uchinchi mezoni maʼlum bir diniy pozitsiyalarning ko‘rsatmalaridan yoki noto‘g‘ri
nuqtayi nazaridan qochib, belgilangan dalillarga rioya qilish.
T.Flurnua yigirmanchi asrning boshlarida, din psixologiyasida ushbu mezonlarga javob
beradigan asarlar soni nisbatan kam ekanligini taʼkidlagan. Olim ushbu mezonlarga tayanib o‘z
tamoyillarini shakllantirdi. T.Flurnua tomonidan shakllantirilgan birinchi tamoyil diniy hodisalarni
biologik tushunish hisoblanadi. Bu nafaqat psixologik hodisalarning biologik asoslarini aniqlash, balki
ularning rivojlanishidagi din psixologiyasi hodisalarini o‘rganish, ularning norma va patologiyada,
ongli va ongsiz dinamikada hamda, aqliy funksiyalarga nisbatan taqqoslashdir. Shunga ko‘ra,
T.Flurnua genetik va qiyosiy fan sifatida din psixologiyasi asoslarini yaratdi. T.Flurnua tomonidan
shakllantirilgan ikkinchi umumiy tamoyil transendensiyani istisno qilish prinsipidir. Ushbu prinsipga
ko‘ra, din psixologiyasi diniy yoki dinga qarama-qarshi taʼlimotning uslubini himoya qiladigan
teologik masalalarga aralashmasligi kerak. Uning vazifasi psixologik dalillarni to‘plash va psixologik
qonunlarni o‘rnatish g‘oyasini ilgari suradi. T.Flurnuaning tamoyillari, xususan transendeltalni istisno
qilish tamoyili zamonaviy din psixologiyasida keng tarqalgan.
А.Vergot T.Flurnuaning tamoyillarini din psixologiyasining uslubiy betarafligi nuqtayi nazaridan
rivojlantiradi. Ushbu qoidaga binoan, din psixologiyasi ilohiy haqiqatni tasdiqlash yoki rad etish
uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. Balki u shaxsning diniy kechinmalari va eʼtiqodlariga
nisbatan tashqi kuzatuvchi sifatida qolishi kerak. Din psixologiyasi diniy haqiqatlarni o‘zlari isbotlay
yoki inkor eta olmaydi. Ushbu tushunchalar maʼlum bir odamning eʼtiqodiga aylansa, uning his-
tuyg‘ulariga, xatti-harakatlariga taʼsir qilsa, undan psixologik maʼno olinadi. Bu yerda biz diniy va
psixik o‘zaro bog‘liqlik ko‘rishimiz mumkin. Psixik jarayonlar, hodisalar diniy belgilar bilan aloqa
qilish, odamni ularni izohlashga, qabul qilishga yoki rad etishga undaydi. Ushbu o‘zaro taʼsir jarayoni
tanlangan va o‘zgaruvchandir.
Аytishimiz mumkinki, А.Vergot din psixologiyasida uslubiy betaraflik prinsipiga rioya qilish
qiyinligini uning rivojlanishidagi muhim to‘siqlardan biri deb biladi. А.Vergot taʼkidlab o‘tganidek,
betaraflik prinsipini tabiiy fanlarga qaraganda psixologiyada kuzatish qiyinroq va shaxs
psixologiyasida, ayniqsa shaxs dindorligi bilan bog‘liq bo‘lgan joylarda yanada qiyinroq. Shuning
uchun ham, ilmiy psixologik kongresslar tarkibida din psixologiyasi kamroq namoyon bo‘ladi.
А.Vergot yana bir tomondan diniy ramzlarning shaxs psixikasida tutgan o‘rniga ham eʼtibor
qaratdi. Unga ko‘ra, diniy ramzlar psixikada “muhrlangan” bo‘ladi va unga taʼsir qiladi. Ushbu o‘zaro
taʼsir jarayoni tanlangan va o‘zgaruvchandir.
А.Vergot va T.Flurnua kabi olimlarning din psixologiyasi fanining rivoj topishiga qo‘shgan
hissalari tufayli mazkur fan doirasida shaxs dindorligining ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini
o‘rganishga zamin hozirladi.
Dindorlik va shaxs dindorligi fitrati muammosi yuzasidan psixologlar nazariyalarida yagona fikr
mavjud emas. Shaxs dindorligining psixologik xususiyatlarini anglashda U.Djeyms salmoqli ishlarni
olib borgan. Аynan uning asarlarida din psixologiyasi ilmiy yo‘nalish sifatida vujudga kelgan. Olim o‘z
asarlarida dindorlikning falsafiy dunyoqarashini aks ettiradi. Haqiqatning progmatik mezoni g‘oyasini
asoslaydi va dinning haqiqati uning foydaliligi bilan asoslanishini taʼkidlaydi. Olim uchun hodisalarni
tahlil qilishning boshlang‘ich nuqtasi shaxsning bevosita hissiy tajribasi hisoblanadi. U.Djeymsning
aniq nazariy asoslari barcha diniy tizimlar muayyan shaxslarning emotsional tajribasidan kelib
chiqadi, degan fikrga olib kelgan. U.Djeyms so‘zlariga ko‘ra, shaxsda maʼlum bir dinning paydo
226
TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
ILMIY AXBOROTLARI 2020/6
bo‘lishi bevosita emotsional tajribasiga asoslanadi, shundan keyingina diniy va falsafiy g‘oyalar
tizimiga aylanadi. U.Djeyms dinni institut va shaxsiy kechinma sifatida uni ikkiga ajratdi.
Olim aynan ikkinchi jihatni din psixologiyasini tadqiqot predmeti sifatida belgilab qo‘ydi.
U.Djeyms qarashlariga ko‘ra din alohida shaxsning his-tuyg‘usi, harakati va tajribasi, shuningdek u
Xudo sifatida hurmat qiladigan narsalarga munosabatidir. Olim diniy ongning o‘ziga xos
xususiyatlarini, shaxs rivojlanishi uchun dindorlikning qiymatini va uning aqliy salomatligi uchun
ahamiyatini ochib berdi hamda uning muhim tarkibiy qismi iroda ekanligini taʼkidladi. U.Djeyms
konfessiyaviy aloqasi bo‘lmagan haqiqiy ilmiy din psixologiyaning asosini qo‘ydi.
Dindorlik va dindor shaxsga psixoanalitik yondashuv Z.Freyd, K.G.Yung, E.Fromm va boshqa
psixoanalitiklar ishlarida o‘z aksini topgan. Z.Freyd diniy taʼlimotlarni illuziya sifatida baholadi.
Z.Freydning fikriga ko‘ra, dinning paydo bo‘lishi totem hayvonini o‘ldiruvchi taqiq bilan bog‘liq.
Evolutsiya jarayoni natijasida hayvonlar totemi Xudo bilan almashtiriladi. Z.Freydning fikricha, diniy
dunyoqarashni shakllanishi tabiat kuchlari va ichki instinktlar oldida insonning nochorligi omiliga
asoslanadi. Uning fikricha, kelajakda din ilmga yo‘l ochadi va shaxs darajasidagi dinning vazifalari
shaxsiy o‘sish natijasida konpensatsiya qilinadi. Z.Freydning din insonning rivojlanishi, o‘z hayotini
yaxshilashi, yuqori kuchlarning yordamiga umid qilishi uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga
olmasligini taʼkidlab o‘tadi.
K.G.Yungning esa bu qarashga bo‘lgan fikri turlicha bo‘lgan. Har bir insonning ruhiyatida
mavjud bo‘lgan jamoaviy ongli mavjudot konsepsiyasini ishlab chiqishda u diniy ramzlar va tasvirlarni
eng muhim arxetiplar sifatida ajratdi. K.G.Yung o‘z asarlarida quyidagilarni taʼkidlaydi, shaxsning
dindorligi ruhiy salomatlik va hayotning mazmunli bo‘lishiga yordam beradi. Diniy tajribaga ko‘ra,
olim insonni yuqori kuchlarga bo‘ysunishini dinni psixologik fenomenga aylantirish g‘oyasini ilgari
suradi. Dinni ilm-fan bilan bog‘laydi ammo ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymaydi. O‘zining
tabiatiga ko‘ra irratsional bo‘lgan inson ruhiyati majoziy shakllarni osonroq idrok etadi. Har qanday
ilmiy nazariya mavhum xarakterga ega bo‘ladi. Diniy dogmalar esa obraz orqali irratsional narsalarni
ifoda etadi. K.G.Yung fikricha diniy dogma bu obyektiv psixikaning yashirin va avtonom faoliyatidir.
Ushbu dogma hissiy jihatdan rang-barang bo‘lib, asrlar davomida o‘zgarmaydi. Shu sabablarga ko‘ra,
bu bir-birining o‘rnini bosadigan va hissiy omilni hisobga olmagan ilmiy nazariyalarga qaraganda
psixologik himoyaning yanada samarali vositasidir. Olim ilohiy fikrni obrazlar orqali ko‘rib chiqadi.
Har qanday dinning asosiy ramziy shaxslari axloqiy va intellektual munosabatni bildiradi. Dinning o‘zi
bu qadriyatlarning taʼsiri nuqtayi nazaridan eng kuchli munosabatlar tizimidir. Din ilohiy kuchga ega
bo‘lgan juda katta energiyani sarflaydi. K.G.Yungning fikriga ko‘ra, agar shaxs biron-bir eʼtiqodni rad
etsa, bu energiya boshqa birini topishi kerak. Psixoanalizdagi diniy eʼtiqod haqidagi g‘oyalar ongni
taʼkidlash bilan cheklanib unga dindor shaxsni rivojlantirishdagi muhim rolni beradi. K.G.Yung shaxs
dindorligi psixologik hodisa bo‘lib diniy eʼtiqodning soxta bo‘lishidan qatʼiy nazar, o‘rganishga loyiq
ekanligini isbotladi.
E.Fromm har qanday qarashlar tizimi sifatida tushunadigan dinning keng taʼrifini beradi, bu
shaxs uchun mazmunli mavjudlikning asosi va sadoqat xizmatining obyekti hisoblanadi. Shunday
qilib, E.Fromm dinni konfessiyaviy shakllaridan tashqariga olib chiqishni va uni universal hodisa, har
qanday madaniyatning mulki sifatida taqdim etishni taklif qiladi.
Ushbu tushunchadagi dindorlik shaxsga yo‘naltirilgan bo‘lib, yo‘naltirish va xizmat ko‘rsatish
tizimiga bo‘lgan ehtiyojga javob beradi. Olim shaxsning dindorligi konsepsiyasini ishlab chiqadi, diniy
tajriba turlarini taʼkidlaydi, uning tizimlari tasnifiga psixologik mezonlarni kiritadi, ularni avtoritar va
insonparvarlikka ajratadi. E.Fromm dinning marosim, tajriba, ilmiy, sehrli va semantik jihatlarini
taʼkidlaydi. Psixologik shaxsiy tarkibiy qism har qanday diniy tizimga xavotir sifatida kirishini eʼtirof
etib o‘tadi.
V.А.Mazilov K.G.Yung g‘oyalarni metodologik jihatdan rivojlantirishda psixikaning obyektiv
mavjudligini va uning rivojlanish mantig‘i borligini taʼkidlaydi . Ushbu uslubiy pozitsiyadan kelib
227
TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
ILMIY AXBOROTLARI 2020/6
chiqqan holda, tadqiqotchilar shaxsni rivojlantirishning ichki mantig‘i nima ekanligi haqidagi muhim
savollarga duch keladilar, bu dindorlik kabi sifatning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ota-onaning
dindorligi oiladagi ijtimoiy o‘zaro taʼsirini o‘rganish, shaxsning dindorligi va oiladagi ijtimoiy o‘zaro
bog‘liqlikni har tomonlama o‘rganish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ijtimoiy psixologik yo‘nalishni
belgilaydi.
Din psixologiyasi fanining mazkur tushunchalari yuzasidan xorijiy olimlardan faqrli ravishda rus
olimlari ham o‘z tadqiqot ishlarini olib borganlar. Rus psixologiyasida shaxsning dindorligini o‘rganish
anʼanasini ko‘plab taniqli psixologlarning asarlarida ko‘rish mumkin.
S.Moskovichi nafaqat shaxsning dindorligini shakllantirishga jamiyatning taʼsirini, balki
dindorlikning ijtimoiy-psixologik jarayonlarga taʼsirini ham ko‘rib chiqadi. S.Moskovichining
taʼkidlashicha, dindorlik nafaqat odamning, balki guruhning va olomonning ruhiy energiya manbayi
bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Dindorlik yuqish va taqlid mexanizmlarini kataliz qilishi mumkin .
M.А.Popovoy asarlarida shaxs dindorligiga psixoanalitik yondashuv jiddiy tahlil qilinib o‘tiladi.
D.N.Ugrinovich o‘zining yondashuvida din va dindorlikni marksistik nuqtayi nazardan tahlil qiladi.
Uning fikricha, dindorlikning kelib chiqishi ijtimoiy munosabatlar sohasida yotadi. Shuning uchun
ham u dinning mohiyatini tushunish va dindor shaxsni shakllantirish uchun ijtimoiy-psixologik
tahlilning ahamiyatli ekanligini taʼkidlaydi. Bundan tashqari, D.N.Ugrinovich shakllangan dindor
shaxsning ijtimoiy psixologik xususiyatlarini, uning motivlarini, qadriyatlarini, ongi va uning xatti-
harakatlarining xususiyatlarini o‘rganish kerakligini asoslab o‘tadi. Uning fikricha, dindorlarning
ijtimoiy-psixologik xususiyatlari va qadriyatlariga bog‘langan turli xil turlari mavjud. Shuningdek, olim
oila aʼzolarining dindorligiga qarab ularni turli xil toifalarga ajratadi. Ular quyidagilardan iborat:
– butunlay diniy oilalar;
– qisman diniy;
– umuman diniy bo‘lmagan oilalar.
Bir qator mualliflar singari D.N.Ugrinovich ham oilaning diniy shaxsiyat genezisidagi
ahamiyatiga eʼtibor qaratadi. Oilada insonning ijtimoiy va dunyoqarash yo‘nalishlari yotadi. Bunda
ota-ona va bola munosabatlari muhim rol o‘ynaydi. Misol uchun dindor oila bola shaxsining
dindorligi rivojlanishini belgilaydigan ijtimoiy psixologik shart-sharoitlarni yaratadi. Bola ongli
ravishda tarbiyalanganda uning dindorligining rivojlanishiga yanada ko‘proq intensiv taʼsir qiladi.
Muallif o‘z yondashuvida shaxsning dindorligini shakllantirishning ijtimoiy-psixologik shartlarini
ontogenezdagi bola shaxsining shakllanish bosqichlari bilan bog‘laydi. D.N.Ugrinovich o‘z
qarashlarida izchil bo‘lib, shaxsga nisbatan diniy qarashlarga qarshi bo‘lgan ilmiy dunyoqarashni
shakllantirish kerak degan xulosaga kelinadi.
B.S.Bratus shaxs dindorligi tushunchasi bilan bir qatorda eʼtiqod tushunchasidan ham keng
foydalanadi. Uning asarlarida diniy va diniy bo‘lmagan eʼtiqodning o‘zaro bog‘liqligi dialektikasi,
shaxsning nevrotik rivojlanishidagi turli xil eʼtiqod shakllarining o‘ziga xosligi ochib berilgan. Muallif
diniy aqidaparastlik, xurofot kabi hodisalarning ijtimoiy-psixologik va umumiy psixologik asoslarini
ochib beradi.
N.V.Inin bilan birgalikda B.S.Bratus eʼtiqod shakllari tasnifini ishlab chiqadi. Unga ko‘ra, diniy
hodisalar faollik va xabardorlik parametrlari koordinatalari tizimida ko‘rib chiqiladi. Koordinatalar
tizimining to‘rt burchakli eʼtiqodning psixologik maydonini tasniflashga imkon beradi. Ular sirasiga:
– xurofot;
– kechinmalar;
– fantaziyalar;
– boshqa diniy hodisalar kiradi.
Eʼtiqod olimlar tomonidan hissiyotlarni shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lgan umumiy psixologik
hodisa sifatida qaraladi. Diniy eʼtiqod imonning alohida holati sifatida namoyon bo‘ladi.
228
TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
ILMIY AXBOROTLARI 2020/6
Psixologik adabiyotlarda dindorlik tushunchasi bilan bir qatorda maʼnaviyat tushunchasi ko‘p
ishlatiladi. Ushbu tushuncha, psixologiya fanining kategorik tizimining bir qismiga aylanib ulgurgan
va oxirgi vaqtda undan keng foydalanilmoqda. Psixologik tizimlar konteksida V.M.Аllaxverdov,
F.E.Vasilyuk, А.N.Jdan, V.V.Semikin, V.I.Slobodchikovlar maʼnaviyat tahlilini amalga oshirganlar.
Maʼnaviyat ko‘pincha dindorlik xususiyati bilan bog‘liq bo‘ladi. Ijtimoiy psixologik tadqiqotlarda
haqiqiy psixologik metodologiya maʼnaviyatni emperik maʼlumotlarga tayangan holda shaxsiy
xususiyat sifatida o‘rganishga harakat qilinadi. Maʼnaviyat ham nazariy darajada o‘rganiladi.
V.V.Znakov maʼnaviyatning psixologik yo‘nalishlarini tavsiflaydi. Maʼnaviyatni o‘rganish jarayonida u
haqiqiy psixologik, falsafiy, madaniy va diniy jihatlarni aniqlaydi. Maʼnaviy hayotning diniy tomoni
shaxsning dindorligi bilan bevosita bog‘liqdir.
Maʼnaviyatning psixologik tomonlarini o‘rganish, maʼnaviy intellekt tushunchasini taʼkidlash
maqsadida G.V.Ojiganova insonning maʼnaviyligi va dindorligi tushunchalari bilan o‘rtoqlashadi
hamda ularning yaqin munosabatlarini taʼkidlaydi. Uning fikricha, maʼnaviyatning baʼzi ruhiy
qobiliyatlari dindorlik bilan bog‘liq baʼzilari esa bog‘liq emas. Bunga estetik maʼnaviy qobiliyatni
misol qilib ko‘rsatadi. G.V.Ojiganova maʼnaviy aql va maʼnaviy tajribaning shaxs rivojlanishi, uning
psixologik holati va salomatligi bilan bog‘liqligini taʼkidlaydi. Maʼnaviy intellekt ijtimoiy xatti-
harakatlarga taʼsir qiladi. Maʼnaviyatni psixologik o‘rganish amaliyotida tadqiqot predmetining bir
qismi sifatida qaraladi. Ushbu mavqedagi maʼnaviy hayot shaxsning dindan tashqari boshqa
manbalariga ham ega. Masalan, bunday manbalardan biri madaniy qadriyatlar, ijodiy faoliyat bilan
tanishishdir. Diniy, teologik nuqtayi nazardan, shaxsning dindorligi va maʼnaviyati ham bir-biriga
o‘xshash tushunchalar emas. Haqiqiy dindorlik maʼnaviy hayotni zaruriy shart sifatida qabul qiladi
ammo u bilan to‘liq belgilanmagan. Shunday qilib, shaxsning dindorligi va maʼnaviyat tushunchalari
bir-biri bilan chambarchas o‘zaro bog‘liq ammo bir xil emas.
V.D.Shadrikov yondashuvida dindorlik maʼnaviyat shakllaridan biri sifatida qaraladi. O‘z
navbatida, maʼnaviyat insoniyatning ifodasi, uning shakllanishidagi yetakchi faol kuchdir.
Maʼnaviyatning kelib chiqishi va dinning rivojlanishini tahlil qilib, V.D.Shadrikov ularning yaqin
munosabatlari to‘g‘risida xulosaga keladi. Uning nuqtayi nazari bo‘yicha, maʼnaviyat ko‘proq
imonning emas, balki axloqning xususiyatidir. Biroq ijtimoiy axloq va din bir vaqtning o‘zida vujudga
keladi. V.D.Shadrikov taʼkidlashicha, qadimgi din shakllari hajmga ko‘ra axloqqa to‘g‘ri keladi. Din
maʼnaviyatning yagona manbayi emas, maʼnaviyat sevgi orqali vujudga kelishi mumkin. Bu
V.D.Shadrikov nuqtayi nazaridan maʼnaviyatni dindan ajratib turadigan sevgi hisoblanadi. Olim
dindorlikni har tomonlama tizimli ravishda ko‘rib chiqadi. U o‘z tahlilida faqat maʼnaviyat va dindorlik
o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash bilan cheklanmagan. Shunga qaramay, din va uning maʼnaviyat bilan
o‘zaro munosabati u tomonidan har tomonlama ko‘rib chiqilgan. Bundan tashqari,
V.D.Shadrikovning taʼkidlashicha, din insonning maʼnaviyatini mustahkamlaydi. Dunyoviy maʼnaviyat
va eʼtiqod maʼnaviyatini taʼkidlab, ular bir-biriga bog‘liqligini taʼkidlaydi. Maʼnaviyatning ushbu ikki
shaklining o‘zaro taʼsiri dinamikasi ularning birlashmasidan to asta-sekin tafovutga yo‘naltirilgan.
M.А.Аbramov tadqiqoti xulq-atvor motivatsiyasi tizimidagi dindorlikni tahlil qilishga
bag‘ishlangan. Muallif dindorlikni hayotning turli sohalarida, xususan, oilaviy hayotdagi xatti-
harakatlarning motivi deb biladi. Tadqiqotchining taʼkidlashicha, diniy motivatsiya o‘zini diniy deb
hisoblamaydigan yoki baʼzi bir dinlarga qarshi eʼtiqodga ega bo‘lgan odamlarda paydo bo‘lishi
mumkin. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, bunday odamlarning diniy motivatsiyasi inqirozli ijtimoiy
vaziyatlarda namoyon bo‘ladi. Bu holda dindorlik xulq-atvorning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga
aylanadi. Muallif butun umri davomida shaxsning axloqiy qarashlari dinamikasini qayd etadi. Ushbu
o‘zgarishlarga oilaviy munosabatlar sezilarli taʼsir ko‘rsatadi .
Y.P.Tobalov dindorlarning qiyin hayotiy vaziyatlarni soping xususiyatlarini o‘rganib chiqdi. Olim
tomonidan olib borilgan tadqiqotlar namunasini ikki nafar dindorlar (pravoslavlar va musulmonlar)
va bir guruh ateistlar taqdim etishdi. U stressli vaziyatlarni eng kam psixologik oqibatlar bilan u
229
TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
ILMIY AXBOROTLARI 2020/6
yengib o‘tish muhimligini taʼkidlaydi va shaxs dindorligini sopning mexanizm deb biladi. Tobalov
taʼkidlaganidek, dindor shaxslar ayrim hayotiy vaziyatlarni subyektiv ravishda har xil tarzda
tasniflashadi.
Xulosa
Yuqorida keltirilib o‘tilgan olimlarning ilmiy nazariyalariga tayangan holda xulosa qilish
mumkinki, dindorlik muayyan dunyoqarashni, qadriyat yo‘nalishini, munosabat, sabablarni,
shuningdek, o‘ziga xos xatti-harakatlarning xususiyatlarini o‘z ichiga oladi. Shaxs maʼlum bir dinga
eʼtiqod qilib, unda dindorlik xususiyatlarining shakllanishi qiyin vaziyatlarda insonga taskin berishi
ruhiy holatni yaxshilashi jihatidan ijobiy va dinga aqli emas balki emotsional munosabat bildirishi
salbiy tushuncha sifatida qaralar ekan. Shuningdek, shaxs dindorligini emotsiya, maʼnaviyat, xulq-
atvor, soping mexanizmlar bilan bog‘liqlik jihatlarini o‘rganilganligi psixometrik yondashuv nuqtayi
maʼlum bir psixologik tadqiqot ishlarini talab etar ekan. Tadqiqot ishimizda keltirib o‘tilgan
nazariyalar mamlakatimizda bu boradagi ilmi tadqiqot ishlari uchun manba bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |