ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bunday dolzarb muammolar sirasiga
quyidagilarni kiritish mumkin:
1)ta’limda qo‘llash uchun mo‘ljallangan interfaol metodlar tasnifi va ularning
mazmun-mohiyatini yoritib beruvchi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning
yetarli
emasligi.
Garchi respublikamizda J.G‘.Yo‘ldoshev, N.N.Azizxodjayeva,
L.V.Golish, O‘.Tolipov, N.Sayidaxmedov, B.Ziyamuxammedov, M.Tojiyev kabi
olimlar tomonidan pedagogik texnologiyaga doir qator o‘quv qo‘llanmalar
yaratilgan bo‘lishiga qaramasdan, mazkur o‘quv qo‘llanmalarda ta’lim jarayonida
qo‘llash mumkin bo‘lgan interfaol metodlar va ularni qo‘llashga doir metodik
ko‘rsatmalar aniq o‘z ifodasini topmagan. Mazkur holat o‘qituvchilarining interfaol
metodlarni qo‘llashga doir ma’lumotlardan to‘la xabardor bo‘lmasligiga olib
kelmoqda. Ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayonini kuzatish o‘qituvchilar keng
qo‘llaydigan interfaol metodlar juda kamchilikni tashkil etishini ko‘rsatadi. Bunday
metodlar sifatida klaster, B-B-B chizmasi,
aqliy hujum, “Baliq skeleti” chizmasi,
“Qanday? diagrammasi” kabilarni aytib o‘tish mumkin;
2) o‘qituvchilar interfaol metodlarni qo‘llash qoidalariga ham to‘liq rioya
qilishmayapti. Boshqacha aytganda, interfaol metodlar fanning o‘ziga xos
xususiyati,
mavzuning maqsad va vazifalari, o‘quvchilarning yosh xususiyatlari,
mashg‘ulot shakli, auditoriyada maqbul shart-sharoitning mavjudligi kabi jihatlarni
aniq hisobga olmasdan qo‘llanilmoqda. Oddiy bir misol: o‘qituvchilar, ayniqsa,
yosh o‘qituvchilar deyarli har bir mashg‘ulotida klaster metodini qo‘llaydi. Eng
qizig‘i, mazkur metod orqali o‘quv maqsadiga erishish mumkin yoki mumkin
emasligidan qat’iy nazar undan foydalanish holati ko‘p uchraydi. Bundan tashqari,
uch-to‘rt doirani chizish orqali tarmoqlar hosil qilish ham mumkin emas. Mazkur
metod o‘quvchilarning ma’lum bir narsa-hodisa, jarayon
yoki tushunchaga oid
fikrlarini umumlashtirish, ularni tizimlashtirish maqsadida qo‘llaniladi. Ana shu
asosdan kelib chiqqan holda, klaster metodidan o‘tilgan materialni mustahkamlash
bosqichidagina foydalanish mumkin. Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib aytganda,
interfaol metoddan noo‘rin foydalanish ta’lim samaradorligini oshirishga emas,
aksinchi mashg‘ulot sifatini pasaytirishga olib keladi. Demak, o‘qituvchilarning
kognitiv kompetentligini oshirmasdan turib, interfaol metodlarni qo‘llashda ma’lum
samaradorlikka erishib bo‘lmaydi;
3) oliy ta’lim professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan va yaratilayotgan ta’lim
texnologiyalari tahlilidan
kelib chiqib aytish mumkinki, aksariyat o‘qituvchilar
o‘quv maqsadlarini pedagogik vazifalarga aylantirish, uni kutiladigan natijaga mos
holda aniqlash ko‘nikmasiga ega emasdirlar. Ular tomonidan ishlab chiqilgan barcha
mashg‘ulotlarning texnologik ishlanmalarida identiv o‘quv maqsadlarini vazifalarga
aylantirish bir xil fe’l turkumidagi so‘zlar (ma’lumot berish, ochib berish, yoritib
berish, izohlash kabilar)dan foydalanilgan. Yana-da, aniqroq qilib aytganda,
aksariyat professor-o‘qituvchilar ta’lim texnologiyalarini tayyor namunaga o‘xshash
tarzda yaratganlar. Mazkur holat o‘qituvchilarning Blum taksonomiyasi va shunga
o‘xshash taksonomiyalarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalariga
ega emasliklarini
ko‘rsatadi. Identiv o‘quv maqsadlarini o‘quv vazifalariga aylantirish ko‘nikmasiga
ega bo‘lmasdan turib, mashg‘ulot jarayonini muvafaqqiyatli loyihalashga erishish
mumkin emas.
Professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan ta’lim texnologiyalarida o‘quv
maqsadini vazifalarga aylantirish, o‘quv maqsadiga erishish metodlarini belgilashda
bir xillikka yo‘l qo‘yganliklarining yana bir sababi o‘quv-uslubiy majmualarni
to‘playdigan mutaxassislarning andozadan chiqib ketmaslikni qat’iy talab qilishidir.
Hatto ayrim texnologik ishlanmalarning deyarli barcha mavzularida bir yoki bir
nechta metodlarning qayta-qayta takrorlanishi ko‘zga tashlanadi.
Professor-
o‘qituvchilar aynan shu metodlardan foydalanilmasa, ular tomonidan yaratilgan
ta’lim texnologiyalari qabul qilinmasligini haqidagi fikrni bildirishadi. Texnologik
ishlanmalarni yaratishni bunday tarzdagi talabni qo‘yish ham texnologik jarayon
qoida va mezonlariga ziddir;
4) ta’lim jarayoniga pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish an’anaviy o‘qitish
tizimining muqobili sifatida xizmat qilishi lozim.
Chunki barcha auditoriya
mashg‘ulotlarida interfaol metodlarni qo‘llash imkoniyati mavjud emas.
O‘qituvchilaridan har bir mashg‘ulot jarayonida interfaol metoddan foydalanishni
talab etish ham o‘rinli bo‘lmaydi. Eng asosiysi, texnologik yondashuv asosida o‘quv
mashg‘ulotida kutilgan natijaga erishilishi lozim. Mazkur jarayonda maqsadga
erishishga imkon beruvchi istalgan maqbul metodlardan foydalanish mumkin.
Shuningdek, ayrim o‘qituvchilar texnologik yondashuvni noto‘g‘ri talqin etgan
holda, yangi mavzuni o‘quvchilarning o‘zlari tomonidan o‘tib berilishini talab
qilishmoqda.Mashg‘ulotga nisbatan bunday yondashuv
uning samaradorligini
ta’minlashga to‘liq xizmat qilmaydi.
Faqat anjuman-ma’ruza mashg‘ulotlarini o‘quvchilarning ma’ruzalari asosida
tashkil etish imkoniyati mavjud va bu sohada respublikamizda katta tajriba
to‘plangan. Bunda ham anjuman-ma’ruzani tashkil etish va o‘tkazish talablariga
rioya qilinishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: