www.ziyouz.com
kutubxonasi
217
Madinaga keldilar. So‘ngra Hazrati Ali, akalari Ja’far, Payg‘ambarimizning asrandi
o‘g‘illari Zayd ibn Horisa — bu uchovlari o‘rtasida qiz ustida talash paydo bo‘ldi.
Da’volashib Payg‘ambarimizning oldilariga keldilar. Hazrati Ali aytdi:
— Yo Rasulalloh, bu qizga hammadan men haqliman, amakim Hamzaning qizidur, yana
Makkadan bu qizni men o‘zim keltirdim, — deb aytdi.
Zayd ibn Horisa turib:
— Yo Rasulalloh, bu qizga men haqliman, chunki bu mening do‘stim va din qarindoshim
qizidur. Men aning vasiysi erurman, menga topshiring, o‘zim tarbiyat qilurman, — dedi.
Anda Ja’far aytdi:
— Yo Rasulalloh, bu qizga ikkovidan ham men yaqinroq erurman. Hamza ibn
Abdulmutallib menga ham amaki bo‘lur, buning ustiga, bu qizning xolasi mening
nikohimdadur — dedi.
So‘ngra Rasululloh qizni Ja’farga hukm qilib aytdilar:
— Kishining xolasi o‘z onasidek mehribondur.
Shuning uchun shariat hukmida o‘g‘il-qiz yetim bolalarni boqishga ota qarindoshlari
qolib, ona qarindoshlari haqlik bo‘ldi.
Shu bilan qizning janjali tamom bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati
Aliga qarab:
— Ey Ali, sen mendan erursan, men sendan erurman, — dedilar.
So‘ngra hazrati Ja’farga boqib:
— O‘zing ham, xulqing ham menga o‘xshaydi, — dedilar. Keyin Zayd ibn Horisaga
qarab:
— Sen bizning ukamiz va do‘stimizsan, — dedilar.
Bundan maqsadlari bularning ko‘ngillarini ovlab, ruhlarini ko‘tarish edi. Rasulullohning
bunday ulug‘ iltifotli so‘zlarini anglab, bek suyunib ketdilar. Haqiqatda uchovlaridek
yaqin jonfido kishi yo‘q edi.
Shu bilan hijratdan yetti yil o‘tib, sakkizinchi yil kirdi.
G‘OLIB IBN ABDULLOH CHOPULI
Shu yilning Safar oyida G‘olib ibn Abdullohni bosh qilib Banil Mulavvih qabilasi ustiga
askar yubordilar. Madinadan chiqib Kadid degan joyga kelganlarida Islomga qarshi
qabila raislaridan Horis ibn Molik degan kishi yo‘liqib qolib, uni asir oldilar. Bu kishi ersa
Rasulullohning eng qattiq dushmanlaridan edi. Qo‘lga tushgandan so‘ng o‘zini qutqarish
uchun: «Musulmon bo‘lish niyati bilan Rasulullohni ziyorat qilgani chiqqan edim» dedi.
Anda G‘olib ibn Abdulloh aytdi:
— Agar bu so‘zing rost bo‘lsa, biror kun bizga bandi bo‘lib turar ersang, senga hech
zarari yo‘qdur, balki savob topgaysan. Agar bu so‘z bilan joningni qutqazmoqchi
bo‘lsang, qo‘limizda tutqun turishing biz uchun yaxshiroqdur, — dedi.
So‘ngra uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, ustiga bir kishini qorovul qo‘yib: «Agar qarshilik qilar
ekan, boshini kesgil», deb buyurdi. Shunday qilib yurib o‘ltirib bir toqqa kelib yetdilar.
Shu tog‘ni oshib o‘tsalar, dushman ustiga tushilur edi. Tog‘ tubida to‘xtashib, Jundub ibn
Makis degan kishini dushmandan xabar olib kelmakka yubordilar. Bu kishi ersa kechki
paytda dushman ishini payqamoq uchun tog‘ ustiga chiqib, qorni bilan uzala tushib
yotdi.
Shu chog‘da dushmanlarning birovi chodiridan chiqib kelib edi, ko‘zi tog‘ ustiga tushdi.
Anda xotinini chaqirib:
— Tog‘ boshida kishi qorasi ko‘rinur. Bunday narsa ertalab yo‘q edi. Idish-oyoq degan
narsalaringni yo‘qlab ko‘rgilchi yana itlar sudrab ketib tog‘ ustiga chiqarib tashlagan
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |