www.ziyouz.com
kutubxonasi
109
baho bo‘lib, sovut sotildi. U pulni kelturib, Rasulullohning oldilariga to‘kib qo‘ydi. Undin
bir changalini olib: «Fotima to‘yiga keraklik narsalarni sotib kelturgil», deb Hazrati
Bilolga buyurdilar. O‘z odatlaricha, to‘y ziyofati o‘tgandin so‘ngra Rasululloh sahobalar
oldida o‘zlari xutba o‘qib, nikoh qildilar. Nikoh ahdi bog‘langandan keyin, o‘rtaga bir
tovoq xurmo g‘o‘rasi qo‘yildi. O‘lturgan kishilar Rasulullohning ishoratlari bilan chochila
sochgandek talashib oldilar. Suyunchilik kunlarda chochila talashmoq rasmi shul vaqtdan
qolgan.
So‘ngra Payg‘ambarimizning dodaklari Ummu Ayman Hazrati Fotimaga yanga bo‘lib,
Hazrati Alining uyiga tushirib kelturdi. Ikkovlari uyning ikki tomonida o‘ltirdilar.
Rasululloh kelib: «Bir kosa suv keltir», deb Fotimaga buyurdilar. Anda Hazrati Fotima
uyalganlikdan etaklariga o‘ralib yiqilayozib, bir kosa suv keltirdi. Bu suvdin Rasululloh bir
xo‘plab olib, yana og‘izlaridan kosaga qaytardilar, so‘ngra shu suvni Hazrati Fotimaning
ko‘kraklariga, boshlariga sepdilar, keyin Fotimaga qarab, ushbu duoni o‘qidilar:
«Allohumma inniy u’iyzuho bika va zurriyyataho minash shaytonir rojim». Ya’ni «Ey bor
Xudoyo, Fotimani va uning bolalarini o‘z panohingga qo‘ydim. Shaytonning sharridan
bularni o‘zing asragil», deb duo qildilar. So‘ngra Hazrati Aliga ham suv keltirgizib,
shunday qildilar.
Hazrati Fotimaga Payg‘ambarimizning bergan seplari mana shular edi: ostilariga
solgudek bir qo‘chqor terisi, ustilariga yoping‘udek bir jun sholcha, yana bir dona
yostuq, tashqarisi meshdan tikilgan, ichi xurmo qovuqlari bilan to‘lg‘izilgan edi. Bir kuni
ertalab Rasululloh Hazrati Fotimaning uyiga kirdilar. Qarasalar Hazrati Ali, Hazrati
Fotima bomdod namozini o‘qigandin keyin, sovuqqa chiday olmay, to‘shaklariga
qaytadan kirishib yotgan ekanlar. Rasulullohni ko‘rib, uyalganlaridan boshlarini
burkashib oldilar. Rasululloh kelib: «Oyoqlarimni isitib olg‘ayman», deb oralariga
muborak oyoqlarini uzatdilar. Birini Hazrati Ali quchoqlab ko‘kraklariga bosdi, ikkinchi
oyoqlarini Hazrati Fotima qo‘ltiqlariga qo‘ydi. Shuning bilan bir necha oylar o‘tdi. Bir kuni
Hazrati Fotima Rasulullohning oldilariga kelib: «Yo Rasululloh, meni Quraysh yigitlari
ichida eng kambag‘al kishiga bergan ekansiz, ostimizga solgudek bir qo‘chqor terisidan
boshqa to‘shagimiz yo‘qdur, kechasi jun tomonini solib yoturmiz, kunduzi teri tomonini
ag‘darib, tuyamizga yem berurmiz. Ustimizdagi yopinchimiz tor va ensiz, torligidan
yo‘ldoshim tortsa, men ochilurman, men tortsam, ul ochilib qolgay», dedi.
Anda Rasululloh: «Ey qo‘zichog‘im, bu yo‘qsullikka sabr qilgaysiz. Muso payg‘ambar
xotunlari Saquro, ya’ni, Shuayb payg‘ambar qizlari bilan o‘n yilgacha o‘rtalarida bir dona
chopondin boshqa ostilariga solgudek to‘shaklari yo‘q edi», dedilar. Mana shuning uchun
Rasululloh: «Al-faqru faxriy», dedilar: Ya’ni, «Har kimsalarning dunyoda maqtanurlik
biror belgisi bordur, mening maqtanurlik narsam — faqirligimdur». Payg‘ambarimizning
bu so‘zlari esa kambag‘al ummatlari uchun yupang‘u bo‘lmoqqa yetarlikdur. Hazrati
Fotima, Hazrati Ali haqlarida Payg‘ambarimizning qilgan duolari maqbul bo‘lib, butun
dunyoga tarqalgan sayidlarimiz Fotimai Zahrodin tug‘ilgan o‘g‘illari imomi Hasan, imomi
Husayn, qizlari Zaynab shularning nasllaridur, Payg‘ambarimiz aytganlaridek, Alloh taolo
bularning avlod-nasllariga barakot ato qilgandur.
Do'stlaringiz bilan baham: |