OPERATSIYADAN KEYINGI DAVR KECHISHI.
Operatsiyadan keyingi davrda bemorning a’zo va tizimlari faoliyati va
ahvolini e’tibor bilan nazorat qilish muhim ahamiyat kasb etadi, xirurgik operatsiya
va narkoz organizmda muayyan patofiziologik o’zgarishlarga olib keladilar.
Xususan modda almashinuvi jarayonlarining faolligi o’zgaradi: k a t a b o l i z mi
(hujayra va moddalar parchalanishi natijasida organizmda zaharli maxsulotlarning
to’planishi) va a n a b o l i z m (to’qima va hujayralarning tarkibiy qismi bo’lgan
organik moddalar yaratilishiga yo’naltirilgan jarayonlar majmuasi) jarayonlarning
mutanosibligi buziladi. Operatsiyadan keyingi davr kechishi patofiziologiyasida
uchta bosqich ajratiladi: katabolik faza, qayta rivojlanish fazasi va anabolik faza.
K a t a b o l i k f a z a s ining davomiyligi 3 – 4 kun. Bunda bemor organizmi
o’zining to’qimalari va energetik moddalari hisobiga tashqi tajovuzdan himoya-
lanish salohiyatini kuchaytirishga intiladi. Natijada bir tomondan oqsil, yog’ va
uglevodlar parchalanishi tezlashadi, ikkinchi tomondan ko’plab zaharli moddalar
to’planishi atsidozga olib keladi, a’zo va to’qimalarda oksidlanish – tiklanish
jarayonlari buzilib operatsiya bo’lgan bemor ahvoliga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
82
Q a y t a r i v o j l a n i s h f a z a s i 4 – 6 kun davom etadi. Bu davrda
oqsil, yog’lar, glikogen sintezi faollashadi, plastik materiallar va energetik
moddalar soni ko’paya boradi. Bemor ahvoli yaxshilanishining alomatlari ko’zga
tashlanadi – og’riq kamayadi, tana harorati ko’tarilmaydi, ishtaha paydo bo’ladi,
yurak – qon tomir, nafas olish, ovqat hazm qilish tizimlari faoliyati yaxshilanadi.
A n a b o l i k f a z a davomiyligi 2 – 5 hafta bo’lishi mumkin. Klinik
jihatdan sog’ayish davri sifatida tavsiflanadi. Bemor ichki a’zolarining faoliyati
tiklanib, umumiy ahvoli mo’tadillashadi, ishtahasi ochiladi. Tana vazni tiklanadi,
jarohat bitib, mustahkam chandiq hosil bo’ladi. Bu davrning kechishi kasallikning
og’irligi, bajarilgan operatsiyaning hajmi va murakkabligiga, oldingi fazalar
davomiyligiga bog’liq boladi.
Operatsiyadan keyingi davrda ayniqsa og’ir bemorlarda bajarilgan murakkab
operatsiyalardan keyin ichki a’zolar faoliyati va modda almashinuvi jarayonlarining
buzilishlari rivojlanishi mumkin.
Oqsil almashinuvining buzilishi operatsiya qilingan bemor gomeostazining
og’ir buzilishlaridan hisoblanadi, organizm vaznining 14% ni oqsil tashqil etadi va
hayotiy muhim vazifalar (tayanch, harakat, himoyalanish, o’sish, nasl qoldirish va
h.k.) ijrosini ta’minlaydi. Oqsil parchalanishi kuchayganligi sababli qondagi
albuminlar kamayib, ularning globulinlar miqdori bilan mutanosibligi buziladi.
Parchalanadigan oqsillar manbai asosan mushaklar bo’lgani sabab ularning
kuchsizligi va atrofiyasi kuzatiladi. Bu holat tiklanishi uchun 10 -15 kun vaqt talab
qilinadi. Bemorni operatsiyadan oldin oqsilga boy yuqori kaloriyali taomlar bilan
ozuqalantirish, plazma, albumin, protein kabi preparatlarni quyish salbiy oqibatlarni
oldini olishga xizmat qiladi.
Yog’lar almashinuvi buzilishini tuzatish maqsadida organizmga turli xil
yog’li emulsiyalar (intralipid, emulsan) yuborilib, energiya manbai, to’yinmagan
yog’ kislotalari yetishmovchiligi bartaraf etiladi. Hujayralar faoliyati tiklanadi va
katabolik jarayonlar sustlashadi.
Uglevodlar almashinuvining buzilishi operatsiyadan keyin dastlabki 2-3 kun
davomida gipoglikemiya shaklida, to’rtinchi kundan boshlab giperglikemiya
shaklida namoyon bo’ladi. Aynan uglevodlar almashinuvining buzilishi natijasida
organizmda asosan oxirigacha oksidlanmagan maxsulotlar to’planadi va qondagi
PH ko’rsatgichiga ta’sir etadi. PH ko’rsatgichining o’zgarishi fermentlar faolligini
va oksidlanish – tiklanish jarayonlarini buzib organizm halokatiga olib kelishi
mumkin. Ushbu buzilishlarning oldini olish uchun bemorga glyukozaning 5 -10% li
eritmalari insulin bilan (4gr. Quruq glyukozaga 1 XB insulin) yetarli miqdorda
yuborib turiladi.
83
Suv – elektrolitlar almashinuvining buzilishi uch turga bo’linadi. 1.Suvning asl
yetishmovchiligi – organizmga suv yetarli miqdorda kiritilmagani sababli.
2. Suvning ortiqchaligi - kiritilgan suv va organizmdan chiqarilgan suyuqlik
hajmining nomutanosibligi. 3.Tananing ayrim qismlarida suyuqlikning to’planib
qolishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |