113
Shunga qaramasdan 1944 yil 16 dekabrida nemis qo‘shinlari G‘arbiy frontda hujum boshlab,
Angliya-Amerika qo‘shinlari frontini yorib o‘tdi va Fransiyaning Shimoli-Sharqiga tutashgan
Belgiyaning Ardenn tog‘ rayonlarida Angliya-Amerika qo‘shinlarini og‘ir ahvolda qoldirdi.
Ittifoqchilarning qo‘shinlari 100 kmcha orqaga chekindi va ko‘p talofat ko‘rdi. 1945 yil yanvarida
nemis-fashistlar Elzasda ham hujumga o‘tdi. Cherchill 1945 yil 6 yanvarda Stalinga murojaat qilib,
Sovet qo‘shinlari hujumini tezlatishni va shu yo‘l bilan yordam berilishini so‘radi. 20 yanvarga
mo‘ljallangan hujum 12 yanvarda boshlandi va 1200 km kenglikda dushman kuchlariga qaqshatqich
zarbalar berildi. Bu hujum operatsiyalarida 150 ta Sovet diviziyasi qatnashdi. Sovet qo‘shinlari
odam va texnika jihatidan dushmandan ancha ustun edi. Gitler qo‘shinlari bir necha yuz kilometr
g‘arbga uloqtirib tashlandi va 60 ta nemis diviziyasi tor-mor qilindi. 17 yanvarda Varshava, 13
fevralda Budapesht, 4 aprelda Bratislava ozod qilindi. 9 aprelda Kengsburg, 13 aprelda Vena
ishg‘ol qilindi. Sovet qo‘shinlarining bu hujumlari nemis-fashist qo‘shinlarining g‘arbiy frontdagi
hujumlarining to‘xtatilishiga olib keldi. Gitler qo‘mondonligi bir qancha diviziyalarni g‘arbiy
frontdan olib Sharqiy frontga tashlashga majbur bo‘ldi. Angliya-Amerika qo‘shinlari o‘zlarini
o‘nglab olib 1945 yil martidan nemislarga qarshi hujumga o‘tishga muvaffaq bo‘ldilar.
1945 yil 4-12 fevralda Qrimning Yalta shahrida uch buyuk davlat-SSSR, AQSH, Buyuk
Britaniya hukumat boshliqlari-Stalin, Ruzvelt, Cherchill va ularning maslahatchilari ishtirokida
konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Germaniyaga qarshi birgalikda urush harakatlarini
tezlashtirib olib borish rejalari, urush harakatlarini Germaniya so‘zsiz taslim bo‘lgandan keyin
to‘xtatish haqida bitim qabul qilindi. Konferensiyada AQShning Germaniyani 5 qismga, Angliyaning
esa Germaniyani 3 qismga bo‘lish to‘g‘risidagi takliflari rad etilib, kelgusi Germaniyani yagona
davlat sifatida saqlab qolish to‘g‘risida ham bir bitimga kelindi.
Konferensiya gitlerchilar keltirgan zararlar va xarobalar uchun Germaniyadan 20 mlrd.
dollar (SSSRga 10 mlrd) miqdorida reparatsiya olish to‘g‘risida kelishib oldilar. Konferensiyada
tinchlik va xavfsizlikni saqlash va ta’minlash uchun Birlashgan millatlarning xalqaro tashkilotini
tuzish to‘g‘risida ham kelishib qaror qabul qildilar.
Konferensiyada Germaniya so‘zsiz taslim bo‘lgandan keyin 2-3 oy ichida SSSRning
Yaponiyaga qarshi urushga kirishi to‘g‘risida yashirin bitim tuzildi; Janubiy Saxalinni, unga yaqin
orollarni va Kuril orollarini Yaponiyadan SSSRga berilishi masalasi, Port-Arturni SSSRning harbiy-
dengiz bazasi sifatida qayta ijaraga berish va boshqa masalalar ko‘rildi.
1945 yil aprel o‘rtalarida gitlerchilar Sovet qo‘shinlariga qarshi 214 diviziya va 14 brigada,
ittifoqchilarga qarshi 60 diviziyaga ega edi. 1945 yilning 16 aprelidan Berlin operatsiyasi boshlandi.
23 aprelda Sovet qo‘shinlari Berlinga kirdilar, 25 aprelda Berlin hamma yoqdan qurshab olindi.
G‘arbdan ittifoqchi qo‘shinlar Reyndan o‘tib, Elba daryosi tomon yurdilar va 25 aprelda Sovet
qo‘shinlari Amerika qo‘shinlari bilan uchrashdilar.
Berlin operatsiyasi (1945 yil 16 aprel - 2 may).
Do'stlaringiz bilan baham: