5
ISLOMGACHA BO‘LGAN DAVR ADABIYOTI
Asosiy savollar:
1. Islomgacha bo‘lgan davr adabiyotini o‘rganishning maqsad va vazifalari
2. Qadimgi turkiy adabiyotni davrlashtirish tamoyillari
Mavzuga oid asosiy tayanch tushunchalar:
Turk atamasi, turkiylar, og‘zaki adabiyot, yozma adabiyot, mif, afsona,
Turon, so‘g‘d yozuvi, moniylik yozuvi, uyg‘ur yozuvi
Mavzuga oid muammolar:
1. Ma’lumki, turkiy yozma adabiyotning shakllanishi uzoq davrlarga borib
taqaladi. Nima uchun sho‘rolar davrida qadimgi turkiy adabiyotni keng miqyosda
o‘rganish va targ‘ib etishga keng yo‘l berilmadi?
2. Turkiy yozma adabiyotning taraqqiyotida turkiy qavmlar e’tiqod qilgan
diniy oqimlar ham katta rol o‘ynagani ko‘rinadi. Buning sababi nimalarda deyish
mumkin?
1-asosiy savol bo‘yicha darsning maqsadi:
Talabalarga o‘zbek adabiyoti
tarixining islomgacha bo‘lgan davrini o‘qitish orqali ularda o‘z adabiyoti,
madaniyati va qadriyatlari bilan faxrlanish tuyg‘usini uyg‘otish.
Identiv o‘quv maqsadlari:
1.1. Islomgacha bo‘lgan davrdagi turkiy adabiyotni idrok etadi.
1.2. Qadimgi turkiy adabiyot tarkibi bilan tanishadi.
1.3. Qadimgi turkiy adabiyotning manbalarini izohlaydi.
1- asosiy savolning bayoni:
Qadimgi turkiy adabiyot asosan islomgacha bo‘lgan turkiy yozma
adabiyotning tarixiy taraqqiyot jarayonini o‘rganadi va o‘rgatadi. Turkiylar
qadimiy va boy madaniyatga ega xalqlardan biridir. Ular jahon ilm-u fani, san’ati
va adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi, buyuk olimlarni, san’atkorlarni,
yozuvchi va shoirlarni yetishtirdi. Turkiylar keyinchalik mustaqil millat va xalq
sifatida shakllangan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, boshqird, qoraqalpoq, turkman,
uyg‘ur, ozarbayjon, gagauz, usmonli turk, tatar, yoqut va boshqa xalqlarning
6
ajdodlaridir. Shuning uchun ham qadimgi turkiylar qoldirgan ulkan madaniy va
adabiy meros bu xalqlarning mushtarak yodgorligi hisoblanadi.
Qadimgi turkiylar o‘z tili, madaniyatiga ega bo‘lishgan. Ularga aloqador
dastlabki yozma manbalar VI-VIII asrlarga tegishlidir. Qadimgi turkiy
adabiyotning namunalari sharqda O‘rxun-Enasoy obidalarida, shimoliy-g‘arbda
xristian dini shaklidagi yozuvlarda, janubiy-sharqda budda dinida so‘g‘d, uyg‘ur
yozuvlarida, moniylik dinida moniy va uyg‘ur yozuvlarida, keyinroq islom dinida
arab yozuvi bilan yozilgan.
Ma’lumki, eramizdan oldingi VI-V asrlar boshlarida O‘rta Osiyoda ilk
qadimiy davlatlar vujudga kelgan edi. Ularga qarshi Eron podsholarining (Kir)
yurishlari qadimiy afsonalar (To‘maris, Shiroq)da ham aks etgan. VI-VIII asrlarda
hukmronlik qilgan birinchi turk xoqonligi 630 - 680-yillarda inqirozga yuz tutgan.
O‘rxun-Enasoy yodgorliklarida buning bir qator sabablari ochib berilgan. Qadimgi
turkiy adabiyot turkiylarning eng qadimgi zamonlardan boshlab islomgacha
bo‘lgan davrda yaratgan badiiy adabiyotini o‘z ichiga oladi. Bu badiiy ijod
namunalarida ularning o‘ziga xos dunyoqarashi, orzu va intilishlari aks etgan.
Qadimgi turkiylar yuksak madaniyatga ega bo‘lishgan. Ular dehqonchilik,
chorvachilik, ovchilik bilan ko‘proq shug‘ullanishgan. Ayniqsa, yilqichilik ular
hayotida asosiy o‘rin tutgan. Bu ko‘pgina mifologik, folklor va tasviriy san’at
asarlarida ham o‘z ifodasini topgan.
Savdo aloqalarining kengayishi turli tillar va yozuvlarning ham keng
tarqalishiga sabab bo‘lgan. Oromiy va yunon yozuvlari iste’molda edi. Oromiy
yozuvidan shakllangan so‘g‘d va xorazmiy yozuvi ham qo‘llanila boshlaydi. Bu
yozuv yodgorliklari tangalar, muhrlar, kumush buyumlar va ayrim hujjatlarda aks
etgan.
Turkiy run yozuvining ham keng iste’molda bo‘lgani O‘rxun-Enasoy
obidalari orqali yaxshi ma’lum. Islomdan oldin turkiylar orasida keng qo‘llangan
yana bir yozuv - uyg‘ur yozuvidir. U VI-VIII asrdan boshlab qo‘llanila boshlagan.
Uyg‘ur yozuvi arab yozuvi bilan yonma-yon tarzda ХV asrgacha, uyg‘urlar
orasida esa Х1Х asrgacha iste’molda bo‘lgan. Mazkur yozuvda bitilgan
7
buddaviylik, moniylik, xristian dinlariga oid axloqiy-ta’limiy asarlar, huquqiy va
moliyaviy hujjatlar saqlanib qolgan.
O‘rta Osiyoning yozma adabiyoti, garchi bugungi kunda ba’zilar bu
adabiyotning qadimdan uzluksiz davom etib kelganiga shubha bilan qarasalar-da,
shu zaminning xalqi bilan barobar qadimiy – bundan bir yarim ikki ming yillar
oldin shakllangani o‘z isbotini topmoqda. Chunki adabiyotning shakllanishi va
taraqqiyoti xalqning har tomonlama rivoji bilan baravar davom etadi. Zotan, badiiy
tafakkur imkoniyatlari etnik, ijtimoiy-siyosiy jarayonni belgilovchi omillardan biri
bo‘lgani shubhasizdir. Badiiy tafakkur tushunchasi diniy oqimlar, xudolar,
mifologik qahramonlar, tarixiy shaxslar to‘g‘risidagi mif va afsonalarni qamrab
olib, mazkur omillar qadimgi turkiy adabiyotning yuzaga kelishiga zamin bo‘ldi.
Qadimgi turkiy adabiyot borasida so‘z ketganda, uning manzarasi keng ekanligini
unutmaslik lozim. O‘rxun-Enasoy yozuvidagi yodgorliklar qadimgi turkiy
adabiyotning bir qatlami ekanligini hisobga olgan holda O‘rta Osiyoda faol
harakatda bo‘lgan zartushtiylik, shomonlik, moniylik, buddaviylik kabi diniy
oqimlar
ham
alohida-alohida
oqimdagi
turkiy
yozma
adabiyotni
shakllantirganligini e’tibordan soqit qilmaslik zarur. Shu sababli endilikda qadimgi
turkiy adabiyotga boshqacharoq nuqtai nazardan, kengroq qarash maqsadga
muvofiqdir. Mazkur oqimlarning hududimizda paydo bo‘lish tarixi turlicha:
shomonlik oqimi Markaziy Osiyoda azaldan mavjud bo‘lgan bo‘lsa, buddaviylik
diniy oqim sifatida milodning boshlarida kirib kela boshladi. Moniylik oqimining
kirib kelishida ham o‘ziga xos omillar mavjud.
Shu
tariqa
qadimgi
turkiy
adabiyotni alohida davrlashtirgan holda o‘rganish va baholash maqsadga muvofiq
hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |