Kutubxonachi.uz
74
Shunday qilib mister Bork, bu jarayonni nazorat qilib bo‘lmaydi, va shuning uchun Siz, nazarimda,
eng avval, ana shu sharoitda o‘z mavqeingizni, harakat yo‘lingizni aniqlab olishingiz lozim. Axir,
“genofondni nazorat ostiga olish”ga qarshi ommaviy noroziliklar boshlanib ketishi hech gap emas. Agar
Siz “Tribyun” gazetasi uchun maqola tayyorlagan bo‘lsangiz, redaktsiyaga borishingiz kerakmiyo‘qmi
ekanligi haqida yoki materialni faks, teleks bilan jo‘natish yoki birov orqali berib yuborishni o‘ylab
ko‘ring, chunki eshitishimga qaraganda, redaktsiya eshiklari oldida bir guruh odam to‘planib olib,
qo‘llarida shiorlari bilan baqirib-chaqirib o‘z talablarini aytishmoqda va tahdid ham solishmoqda. Ular
gazeta binosini kechayu-kunduz qamal qilib turishlarini e’lon qilishibdi. Bunday hollarda jo‘shga kelgan
olomonni ushlab turishga politsiya hammavaqt ham qodir emas. Bunday sovuq xabarlar uchun
kechirasiz.
Yana takrorlayman: Siz maydonda yolg‘iz jangchisiz. Filofey fazoda, u dushmanlardan yiroqda, ayni
vaqtda ittifoqchilari bilan bog‘lanish imkoniyatlaridan mahrum. Siz qanday yo‘l tanlashingizni o‘zingiz
hal qiling.
Kelajakka befarq qaraydigan va o‘zini bu dunyoda omonat yashayotganday sezadigan kishilar chuqur
o‘ylamaganligi uchun tushunmayotgan yoki tushunishni xohlamayotgan narsani siz tushundingiz va
qo‘llab-quvvatladingiz. Siz bir kishisiz, va bu aslida bir kishini ishi. Buyuk amaliyot — ko‘pincha bir
kishining sa’y-harakatidan bo‘ladi. Nega shunday, bilmadim. Har qanday sharoitda ham men Siz bilan
birgaman, Sizga yordamlashishga hozirman, kuchim yetgan hamma narsani qilishga tayyorman, men
Sizning oldingizda o‘zimni aybdor deb sezayotganim uchun, ya’ni Ordokka Filofeyning kashfiyoti
to‘g‘risida faqat Siz bilan suhbatlashish kerak deb maslahat berib Sizni malomatga qoldirganim
uchungina emas, balki, eng muhimi, Filofeyning g‘oyalariga, Filofey bilan Sizning insoniyat istiqboli
haqida tashvish tortayotganlaringizga qoyil qolganim uchun ham ana shunday qarorga kelgan edim.
Ehtimol, odam bolasi hozirgacha firibgarlik bilan yashab kelgandir, endilikda esa o‘zi o‘ziga — odam
bo‘lsang durustroq bo‘l, yoki qirilib bitgan mamontlarga o‘xshab paleontologik qatlamlar sari yo‘l ol, —
deydigan vaqt keldi.
Kechirasiz, yana sahifa tugadi!”
“Xudo haqqi, faksni o‘chira ko‘rmanglar. Men hali hamma gaplarimni aytib bo‘lganim yo‘q... Mister
Bork, kechiring, ish yuzasidan so‘z ochay. Mening nazarimda, ertagi kun boshlandi, demak bugungi kun
— ko‘p narsani aytib beradigan kun. Endi sensatsiya va mish-mishlar tugay boshladi. Ana shu bo‘ronda
Sizning so‘zga chiqishingiz, Sizning fikringiz, mulohazalaringizning ishonchliligi va isbotliligi yangi bir
ohangday yangrashi mumkin. Siz qanday harakat qilmoqchisiz? Matbuot konferentsiyasi o‘tkazasizmi?
O’tkazadigan bo‘lsangiz, men uni uyushtirishda ishtirok etishga, Sizga dastyor bo‘lishga tayyorman.
Yana Nyuberi shahriga Sizni deb ertalabdan, ehtimol, ogohlantirmasdan reportyorlar bosib kelishar.
Siz ular bilan uchrashishni xohlamasangiz, “Men hech kim bilan ko‘rishishni xohlamayman, meni xoli
qo‘yinglar” deb ko‘rinarli joyga e’lon osib qo‘yishni unutmang.
Men Nyuberida, golf maydonlarida va shahar atrofidagi istirohat bog‘larida bo‘lganman. Men yashab
turgan Ridingdan mashinada o‘ttiz daqiqalik yo‘l. Xohlasangiz Siz bilan ishlarni muhokama qilish uchun
kelishim mumkin. Ana shu maqsadlarda asqatib qolar deb koordinatalarimni yuboryapman.
Mister Bork, kechasi soat uchdan oshdi. Fakslarimni topib olib o‘qirsiz degan umidda tinmasdan
yozayotirman. Men Sizga ko‘p narsalarni aytib bermoqchiman! Axir, dunyodagi voqealar, hatto har kuni
matbuotda xabar berib turiladigan hodisalar ham tsivilizatsiyaning tanazzulga yuz tutayotganidan
guvohlik bermoqda. Ana shunday sharoitda go‘dakning yorug‘ dunyoga kelishi minalarga to‘la
maydonga yo‘l olish bilan baravar. Xo‘sh, o‘sha minalarni saqlagan maydon qani, hayotning qaysi
jabhalarida yashiringan — odamlarning fikr-xayollarida, sa’y-harakatlaridami, jahon ta’limotlaridami,
kundalik amaliyotdami — buni barmoq bilan ko‘rsatib bo‘lmaydi.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |